O‘zbekiston | 00:40 / 20.05.2021
1846
5 daqiqa o‘qiladi

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston prezidentining «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: iStock

Qarorga muvofiq, Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tugatiladi.

Mazkur markaz negizida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.

Mavjud 197 ta Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarini optimallashtirish hisobiga 29 ta Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlar tashkil etiladi.

Hujjatda belgilanishicha:

  • markazlar o‘z faoliyatini anonimlik, axborotning maxfiyligi, kasbiy mahorat va xavfsizlik tamoyillari asosida amalga oshiradi;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘z faoliyatini markazlar bilan ularning faoliyatiga  aralashmagan holda yaqin hamkorlikda olib boradi;
  • markazlar o‘z faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida qonunchilik hujjatlariga muvofiq volontyorlarni (ko‘ngillilarni) jalb etishi mumkin.

Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan
    yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy
    va boshqa yordam ko‘rsatish;
  • og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan, oilaviy muammolar
    va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar huquqlarining kafolatlarini ta'minlashga ko‘maklashish;
  • davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari xotin-qizlarning o‘z joniga qasd va suiqasd qilish holatlarini o‘rganish, bunday holatlarning oldini olish, shuningdek, o‘z joniga suiqasd qilgan xotin-qizlarni normal hayotga qaytarish bo‘yicha faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish;
  • «Ayollar daftari»ga kiritilgan psixologik va huquqiy maslahatga muhtoj xotin-qizlarni (tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud xotin-qizlar) har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni «Ayollar daftari»dan chiqarish choralarini ko‘rish;
  • nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni, ularning kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni tahlil qilish, umumlashtirish va ularga barham berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki o‘z joniga suiqasd qilgan yoki qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlar bilan profilaktik tadbirlarni o‘tkazish;
  • og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan, oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirishga ko‘maklashish;
  • dolzarb ijtimoiy muammolarni aniqlash maqsadida jamoatchilik fikrini o‘rganish va ijtimoiy tadqiqotlarni tashkil etish;
  • zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini ta'minlash, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, ushbu maqsadlarda ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlaridan keng foydalanish.

Markazlarga quyidagilar joylashtiriladi:

  • zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari;
  • o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar.

Markazlar:

  • hududiy ichki ishlar hamda tibbiyot bo‘linmalariga tazyiq
    va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, shuningdek, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlar haqida zudlik bilan xabar beradi;
  • ichki ishlar organlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki o‘z joniga suiqasd qilgan yoxud o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlar hamda ularning farzandlari markazlarga kelib tushish sabablari, shuningdek, ularga ko‘rsatilgan yordamlar to‘g‘risidagi statistik-tahliliy ma'lumotlarni har oyning yakuni bilan kiritib boradi.
Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid