O‘zbekiston | 12:21 / 20.05.2021
2279
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi galereyada Nukusdagi I.Savitskiy nomidagi san'at muzeyining 118 ta asari namoyish etildi

Kecha Moskvada avangard rassom - Ivan Kudryashov tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi.

Galereyada 300 dan ortiq eksponatdan iborat retrospektiv kolleksiya jamoatchilikka taqdim etildi. Ko‘rgazmani tashkil etish va Qoraqalpog‘iston davlat san'at muzeyidan asarlarni yetkazishda  O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi yaqindan yordam berdi.

22 avgustga qadar davom etadigan ko‘rgazma  rasmlar, grafik va sahna asarlari hamda arxiv materiallaridan iborat. Zallarning birida I.Kudryashovning 1920 yil oktyabr oyida Orenburg shahar teatri uchun uch o‘lchamli suprematistik rangtasvirning rekonstruksiyasi joylashtirilgan.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov so‘zga chiqdi. Uning ta'kidlashicha, «mamlakat rahbariyati madaniyat va san'at sohasida O‘zbekiston-Rossiya hamkorligini kengaytirish, 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning hukumatlararo dasturi hamda do‘stona munosabatlar va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga hissa qo‘shadigan harakat rejasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda».

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva suprematist rassom Ivan Kudryashovning rasmlari Nukus shahridagi muzey omborida qariyb ellik yildan beri saqlanayotganini ta'kidladi. «Ko‘rgazma asosida ilmiy izlanishlar, rus avangardiga qiziqish va Igor Savitskiy muzeyi xazinalarini butun dunyoga namoyish etishga bo‘lgan katta istak yotadi», - dedi u.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid