O‘zbekiston | 14:48 / 20.05.2021
17346
8 daqiqa o‘qiladi

«Nemis tili sinflarini yopib, ingliz tiliga aylantirishdi. Maktablarda savodsizlik avj oldi» - yakkabog‘lik chet tili o‘qituvchisi bilan suhbat

Rasulova Dilorom 1964 yil Yakkabog‘ tumanida tavallud topgan. U uzoq yillardan beri nemis tili fani o‘qituvchisi sifatida xalq ta'limi tizimida faoliyat olib boradi. Shu yillar davomida qilgan samarali mehnatlari evaziga «Shuhrat» medali, «Xalq ta'limi a'lochisi», «Mustaqillikning 25 yilligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Tajribali pedagog suhbat davomida o‘qituvchilikning past-balandliklari, nemis tilini o‘qitish borasidagi muammolar haqida hikoya qildi.

– Avvalo o‘qituvchilik faoliyatingiz, o‘qituvchilikning past-baland tomonlari haqida so‘zlab bersangiz.

Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda nemis tili faniga juda qiziqqanman. 9-10-sinfligimdayoq kichik sinflarga nemis tilidan boshlang‘ich saboqlar berar edim. Fanga bo‘lgan qiziqishim meni Tojikiston Respublikasi, Dushanbe shahridagi institutga yetakladi. 1986 yil institutni tamomlagach turmush o‘rtog‘im bilan bir-ikki yil maktab ta'limida ishlash hamda chet tilidan bexabar bir qishloq bolalariga nemis tilini o‘rgatish maqsadida Qashqadaryoning olis Kasbi tumani Messit qishlog‘iga yo‘l oldik. Bu qishloq maktabida xorijiy til o‘qitilmas ekan, shu yerda o‘qituvchilik faoliyatimni boshladim.

Qishloq ahli ochiq ko‘ngillik bilan kutib olishdi. Maktab menga nemis tili fanidan 40 soat dars berdi. Bu katta baxt va ulkan mas'uliyat edi. Tabiatan har bir ishni o‘z vaqtida bajarishga odatlanganim uchunmi, 1 soat dars qoldirish u yoqda tursin, biror daqiqa kechikmaslikka harakat qilar, darslarni maroq bilan o‘tardim. O‘zlashtira olmagan o‘quvchilar bilan darsdan keyin ham qo‘shimcha mashg‘ulot olib borardim. Sinfda o‘quvchilar 25-30 nafardan oshsa-da, guruhlarga bo‘lmasdan o‘qitganman. O‘sha davrlarda bundan boshqa yo‘l ham yo‘q edi.

Messit qishlog‘i va bolalar menga ham juda manzur keldi va shu bo‘yi qishloqda 5 yil qolib ketdik. 2 farzandim shu qishloqda tug‘ildi. Bolalar ta'limi orqada qolib ketishini o‘ylab farzandlarim 2 oyli bo‘lganida ishga chiqib ketganman.

Bugungi kunda chekka hududlarga borib ishlaydigan o‘qituvchilar uchun berilayotgan imtiyoz va yaratilayotgan sharoitlarga havas qilaman, u damlarda bu narsalar qayoqda edi deysiz. Qish-qirovli, yomg‘irli kunlarda qishloq uylaridan rezina etiklarda yo‘lgacha chiqib, tizzagacha loyga botgan etikni yo‘l ustidagi xonadonda qoldirib, toza etikda maktabga borardim.

1992 yil o‘z yurtimiz Yakkabog‘ga qaytdik va o‘zim tahsil olgan maktabda ishimni davom ettirdim. Har yili fan olimpiadalarida o‘quvchilarim yuqori o‘rinlarni egallab, tuman va viloyatda tanila boshladim.

1996 yil Toshkent shahrida nemislar tomonidan o‘tkazilgan seminarda faol ishtirokim uchun Germaniyaga malaka oshirishga yuborishdi. 1999 yil yutuqlarim va mehnatlarim uchun prezidentimiz tomonidan «Shuhrat» medali bilan taqdirlandim. 2012 yil «Xalq ta'limi a'lochisi», 2016 yil «Mustaqillikning 25 yilligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim.

1999 yil tumanimizdagi 14-ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga ishga taklif qilishdi. Maktab-internatidagi o‘quvchilar oddiy maktab o‘quvchilaridan intiluvchanligi bilan ancha farq qilardi. Endi mening o‘quvchilarim fan olimpiadasi va «Bilimlar bellashuvi»da respublika bosqichlarida g‘olib va sovrindor bo‘la boshladi va muddatidan oldin talabalikni qo‘lga kiritdi.

Oliy o‘quv yurtiga tayyorlayotgan abituriyentlarimning 80-90 foizi talaba bo‘lgan va hozir ham bu to‘xtab qolgani yo‘q. 2004 yil 2-marta Germaniyada malaka oshirish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bugungi kunda minglab shogirdlarim respublikamizda turli jabhalarda faoliyat yuritishmoqda. Bir guruhi xorijda, xususan, Germaniyada ham tahsil olmoqda.

– Bir vaqtlar ingliz tiliga asosiy urg‘u berilib, boshqa tillar, xususan, nemis tili ham parda ortiga surilgandi. Bu shu soha o‘qituvchilarini qanchalik tashvishlantirgan?

O‘zbekiston prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi PQ 1875-sonli qarori respublika bo‘yicha nemis tili fan o‘qituvchilari uchun katta zarba bo‘lgan edi. Maktab direktorlari nemis tili sinflarini yopib, ingliz tiliga aylantirishdi. Shogirdlarim yig‘lab telefon qilishardi, nima qilishni bilmay, boshi qotganlar qancha edi. Xullas, juda ko‘p nemis tili o‘qituvchilari 6 oylik kurslarda ingliz tili yoki rus tili o‘qib, ikkinchi mutaxassislik olishdi. Buni qarangki, natijada maktablarda savodsizlik avj oldi. Tasavvur qiling, 4-5 yil o‘qilgan fan qayoqda-yu, 6 oy o‘qish qayoqda, tenglashtirib bo‘ladimi?

– Nemis tilini o‘rganish oson deyishadi, buning sababi nimada?

– O‘quvchilar orasida nemis tili fanini o‘rganish oson degan fikr yuradi. Aslida, barcha xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi bir xil. O‘quvchi biror fanga qiziqsa yoki shu fan o‘qituvchisini hurmat qilsa ana shu fanni o‘zlashtirish oson kechadi. Ammo bir jihatni inobatga olish kerakki, nemis tili grammatikasi boshqa tillar grammatikasiga nisbatan qoidalari va tuzilishi barqaror. Qolaversa, nemis millati o‘z madaniyati, tili, tarixini o‘rganishni targ‘ib etadigan barcha sharoitlarni xalqaro miqyosda yaratib bergan. Shu tufayli ham o‘rganuvchilarda motivatsiya kuchli bo‘ladi.

– Aslida barcha xorijiy tillarni o‘rganish foydalidir, ammo aynan nemis tilini o‘rganishni ustun tarafi nimada? 

Nemis tilini o‘rganish bu shunchaki til o‘rganish emas, balki bu hayotingizga bir qancha imtiyozlar eshigini ochib berishi mumkin. Chunki nemis xalqi o‘z tili va madaniyatining keng targ‘ibotini olib boradi. Shu tufayli juda ko‘plab grantlar va dasturlar e'lon qilishadi. PAD, Gyote instituti tomonidan o‘tkazib boriladigan tanlovlar, DAAD, Konrad-Adenauyer-Stiftung shular jumlasidandir. Qolaversa, biz yaqinda tashkil qilayotgan “Hamkormaktab“ (Partneschule ) loyihasida ham aynan Germaniya tomonidan moddiy va amaliy yordam ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.

– O‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si haqida ko‘p gapiriladi, sizningcha zamonaviy o‘qituvchi qanday kishi bo‘lishi kerak?

– O‘qituvchilik kasbini tanlaganimdan hech qachon afsus chekmaganman. Go‘yoki shu kasb uchun tug‘ilgandekman. Hayotimni qaytadan boshlaganimda, shubhasiz, yana o‘qituvchilikni tanlar edim. Kasbim bilan faxrlanaman. 

O‘quvchilarimga ham o‘qituvchi bo‘lishni, shu kasbni tanlashlarini maslahat berishdan hech qachon charchamayman. Juda ko‘p shogirdlarim respublikamiz maktablarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatishmoqda. Jamiyatda o‘qituvchi obro‘li, hurmatga sazovor bo‘lishi uchun kasb egalari o‘z fanining bilimdoni bo‘lishi hamda bolalarni sevishi kerak. 

Yana inobatga olinishi kerak bo‘lgan bir jihat bor, amerikalik mashhur yozuvchi Deyl Karnegi shunday deydi: “Menga sendvich juda yoqadi. Ammo baliq oviga men sendvich emas, xo‘rak olib boraman”. O‘quvchilarga ham ular talab qiladigan, qiziqadigan ma'lumotlarni, bilimlarni noodatiy, yangi uslublarda dars o‘tish o‘quvchilarning darsga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi. O‘qituvchi ko‘p kitob o‘qishi va izlanuvchan bo‘lish kerak, lekin afsuski kitob o‘qimaslik, hatto o‘z sohasida eng so‘nggi yangiliklardan xabarsizlik illatga aylanib qolmoqda.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Mavzuga oid