Jamiyat | 16:00 / 20.05.2021
19400
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

“Toshkent siti” jamoasi xalqaro KVN bellashuvida g‘olib bo‘ldi

“Toshkent siti” KVN bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Xalqaro KVN Ligasining chorak final ishtirokchisiga aylandi. Rossiyaning Smolensk shahrida joriy yilning 13 may kuni bo‘lib o‘tgan musobaqaning 1/8 finalida O‘zbekiston jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Bellashuv natijasiga ko‘ra, yurtdoshlarimiz 51 ball to‘plab Novokuznetsk, Ivanovo, Noyabrsk, Donetsk va Leningrad viloyatidan tashrif buyurgan jamoalardan o‘zib ketishdi.

Ma'lumot o‘rnida eslatib o‘tamiz Xalqaro KVN ligasida ishtirok etish huquqini jamoamiz 11-22 mart kunlari Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan 32-Xalqaro KVN festivali – «KiViN-2021»da qo‘lga kiritishgan edi. Mazkur festival joriy yilda 15 dan ortiq mamlakatlardan 300 dan ko‘proq jamoalar safida 2000 ga yaqin ijodkor yoshlarni o‘zida jamladi. Festival natijalariga ko‘ra “Toshkent siti” jamoasi televizion ligalar uchun tanlangan bir qator eng yaxshi jamoalar qatoridan o‘rin olgan edi.

Terma jamoamiz xalqaro maydonda “Toshkent siti” nomi bilan qatnashib kelayotgani ham bejizga emas. Bu nom O‘zbekiston va uning poytaxti – Toshkent shahrini o‘zida ask ettiradi. Ushbu yondashuvning asosiy maqsadi mamlakatimizni dunyoga yanada tanishtirgan holda yurtimizda turizmning rivojlanishiga hissa qo‘shish hamda o‘zbek hajviyasining sir-sinoatlari va o‘zgacha uslublarini barchaga namoyish etishdan iborat.

Jamoamizning muvaffaqiyatli ishtirokining asosiy omillaridan biri AKFA Group tomonidan ko‘rsatilgan yordam bo‘ldi. Hozirgi kunda mazkur tashkilot jamoaning bosh homiysi hisoblanadi.

Mamlakatimizda KVN rivojlanishi haqida so‘z borganda, O‘zbekiston Quvnoqlar va zukkolar assotsiatsiyasi haqida ham aytib o‘tish joiz. Ushbu tashkilot Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020 yil mart oyida tashkil etilgan.

Hozirgi kunda Assotsiatsiya iyun oyida boshlanadigan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining 2021 yilgi mavsumiga tayyorlanmoqda. Birinchi – saralash bosqichi respublikamizning beshta shahri – Toshkent, Andijon, Qarshi, Samarqand va Nukusda festival formatida o‘tkaziladi. Festivalda mavsumda ishtirok etish uchun oldindan buyurtma bergan 95 ta jamoa quvnoqlik va zukkolik bobida bellashadilar. Ular o‘zbek tilida 6 daqiqa davom etadigan hazilomuz chiqishlarni namoyish etadilar. Ta'kidlash joiz, bu yilgi ko‘rik-tanlovda ikkita xalqaro jamoa – Qozog‘istonning Turkiston terma jamoasi va Qirg‘izistonning O‘sh shahri terma jamoasi ham ishtirok etishadi. Festival natijalariga ko‘ra hakamlar hay'ati shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadigan QVZ chorak finalida ishtirok etish uchun eng yaxshi 20 tadan 30 tagacha jamoalarni saralab oladilar. Yangi iste'dodlar “Toshkent siti” KVN bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga jalb qilinishlari ham mumkin.

Mavzuga qaytar ekanmiz, oldinda “Toshkent siti” jamoasi – Xalqaro KVN ligasining 1/4 finalida ishtirok etishi kutilmoqda. O‘yinlar 2021 yil sentabr oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Yigitlarga ijodiy muvaffaqiyatlar va bardavom g‘alabalarni tilab qolamiz!

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid