O‘zbekiston | 11:34 / 21.05.2021
1429
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan fan olimpiadasining respublika bosqichiga mezbonlik qiladi

22-23 may kunlari fizika, informatika va tarix fanlari bo‘yicha fan olimpiadasining respublika bosqichi Namangan viloyatida bo‘lib o‘tadi. 

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Shu munosabat bilan mazkur fanlar bo‘yicha olimpiada ishtirokchilari bo‘lgan iste'dodli o‘quvchi-yoshlar, ularning o‘qituvchilari, hakamlar jamoasi va mehmonlarni  kutib olish va olimpiadani munosib tashkiliy tayyorgarlik bilan o‘tkazish maqsadida viloyat hokimligi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan katta hozirlik ko‘rildi. 

Fan olimpiadasiga mamlakatning barcha hududlaridan keluvchi ishtirokchilar va mehmonlar uchun turli ma'naviy-ma'rifiy, madaniy dam olish va ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirish rejalashtirilgan. 

Shuningdek, mehmonlar uchun sayohat dasturlari, xususan, respublikamizda betakrorligi bilan ajralib turadigan, «Afsonalar vodiysi»ga, yoshlar kutubxonasi hamda viloyatning turli ko‘ngilochar joylariga mazmunli safarlar tashkil etish ko‘zda tutilgan. 

Ahamiyatlisi, olimpiada ishtirokchilari bo‘lgan yoshlar va mehmonlar gullar shahri — Namanganning ramziga aylangan va xalqaro festival maqomini olgan an'anaviy 60-Gul bayrami tantanalaridan bahra oladilar.

Ishtirokchi va mehmonlarni sinovlar jarayoniga hamda ular joylashtirilgan manzillarga olib borib-kelish uchun avtobuslar hamda transport vositalari hozirlangan.

Olimpiadani shaffof va adolatli tarzda o‘tkazish maqsadida auditoriya kuzatuv kameralari bilan jihozlangan va to‘g‘ridan to‘g‘ri translatsiya uzatish yo‘lga qo‘yilgan. 

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi mas'ullari bilan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid