O‘zbekiston | 14:36 / 21.05.2021
8877
4 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva: «Nukus muzeyining jahon bo‘ylab sayohatini uyushtirishga imkon yaratish, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston nufuzini yanada oshirishni o‘z missiyam deb hisoblayman»

Moskvadagi Tretyakov galereyasida rassom-suprematist, Malevichning shogirdi Ivan Kudryashov asarlari ko‘rgazmasi ochildi.

Galereyada 300dan ortiq eksponatdan iborat retrospektiv kolleksiya jamoatchilikka taqdim etildi. Ko‘rgazmani tashkil etish va Qoraqalpog‘iston davlat san'at muzeyidan asarlarni yetkazishda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi yaqindan yordam berdi.

Ko‘rgazmaning ochilishida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqib, suprematist rassom Ivan Kudryashovning asarlari Nukus shahridagi muzey omborida qariyb ellik yildan beri saqlanayotganini ta'kidladi.

“O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston uchun bu ko‘rgazma muhim ahamiyatga ega. I.V.Savitskiy nomidagi muzey uzoq yillardan beri ilk bor o‘z omborxonalarini “ochdi”. Bu rassom asarlarining shunchaki gastroli emas, balki to‘laqonli ilmiy hamkorlikdir, u tasviriy san'atni ommalashtirish yo‘lida davom etishiga umid qilamiz. Aytish joizki, Ivan Kudryashov asarlari ko‘rgazmasi Igor Savitskiy tufayli tashkil etildi, aynan u kolleksiyaning katta qismini yig‘gan. Rassom-suprematist Ivan Kudryashovning kartinalari qariyb 50 yil davomida Nukus muzeyida saqlandi, 2017 yilda Tretyakov galereyasi mutaxassislari kolleksiya bilan qiziqib qoldi hamda Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda ushbu loyiha yaratildi. Uning zamirida ilmiy izlanishlar, rus avangardiga qiziqish, Savitskiy nomidagi muzeyning xazinasini butun dunyoga namoyish etish istagi yotibdi.

Bizning “sahrodagi Luvr” bunga boshqa istalgan muzeydan ko‘ra ko‘proq loyiqdir. O‘zimiz ushbu xazina qanchalik chuqur ekanini hali bilmaymiz, uni global o‘rganish ishlari oldinda. Ko‘plab shedevrlar hali keng ommaga olib chiqilmagan, muzey kengaymoqda, uning kolleksiyalariga bo‘lgan qiziqish yildan yilga ortmoqda. Men Nukus muzeyining jahon bo‘ylab sayohatini uyushtirishga imkon yaratish va shu asnoda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston nufuzini yanada oshirishni o‘z missiyam deb hisoblayman. Biz bu davom etishini istaymiz.

Biz muzey asoschisi Igor Savitskiy ushbu durdonalarni yig‘ish uchun qanchalik mehnat qilgani va fidoyilik ko‘rsatganini namoyish etmoqchimiz. Nazarimda, bu uning xotirasiga hurmat va mazkur bebaho muzey aynan bizning yurtimizda tashkil etilgani uchun chuqur minnatdorchilik ramzidir”, dedi Saida Mirziyoyeva.

22 avgustga qadar davom etadigan ko‘rgazma rasmlar, grafik va sahna asarlari hamda arxiv materiallaridan iborat. Zallarning birida I.Kudryashovning 1920 yil oktyabr oyida Orenburg shahar teatri uchun uch o‘lchamli suprematistik rangtasvirning rekonstruksiyasi joylashtirilgan.

Ma'lumot uchun, kecha, 20 may kuni, Venetsiya biyennalesida O‘zbekiston paviloni ochildi. Xalqaro arxitektura biyennalesida O‘zbekiston paviloni taqdim etildi. Ochilish marosimida Aziz Abduhakimov va Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqdi, kutilmaganda YuNeSKO bosh direktori ham tashrif buyurdi.

Mavzuga oid