Jamiyat | 20:24 / 23.05.2021
14749
7 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchi va talabaga imtiyozlar, chegirmali aviabilet va “surish kerak”ligi haqida - Marmara universiteti magistranti bilan suhbat

UzbekLife xorijdagi hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Turkiyaning Istanbul shahridagi Marmara universiteti 2-bosqich magistranti No‘'mon Nasrullayev.

Qahramonimiz Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. 2019 yili Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tamomlagan. Hozirgi kunda Turkiyaning Marmara universitetiXalqaro va qiyosiy ta'limfakultetida tahsil olmoqda.

Bu jihat universitetning reytingini, ta'lim sifatini oshiradi

Turkiyada talabalarga imkoniyatlar juda ham ko‘p. Masalan, har bir universitetning maxsus stipendiya dasturlari mavjud. Ular o‘zimizning oliy o‘quv yurtlarimizdagi stipendiyalardan farq qiladi.

Marmara universitetining ham o‘z vaqflari bor, albatta. Ma'muriyat asosan qiynalib qolgan yoki yaxshi o‘qiydigan talabalarga oyma-oy stipendiya ajratadi. Sizdan talab qilinadigani: yaxshi o‘qishingiz va o‘zingizni ijobiy taraflama ko‘rsatishingiz.

Chet eldan kelayotgan talabalarning aksariyati shartnoma asosida ta'lim olishadi. Lekin universitetlar sizning o‘qishingiz xarajatlarini qoplab berishi mumkin. Qachonki, yaxshi o‘qib, o‘zingizni ko‘rsata olsangiz. Bundan tashqari mahalliy talabalarga ham shunday imkoniyat bor: umumiy imtihonlar topshiriladi va ularda qancha ball to‘plaganiga qarab, o‘shancha miqdorda shartnoma puli to‘laydi. Ya'ni siz yuz yoki ellik foiz shartnoma pulini to‘lashingiz o‘z qo‘lingizda.

Eng yoqimli tarafi esa, butun o‘qish mobaynida ushbu to‘lov saqlanib qoladi. Turkiya universitetlariga kirish juda ham oson. Bitirish esa qiyin.

Masalan, bir ishni boshlab, o‘sha ishni oxirigacha olib borsangiz, shu ishning ustasi bo‘lib yetishasiz. Demak, universitetda ham kirishingiz oson bo‘lsa, bitirishingiz qiyin bo‘lsa, siz shu sohani qaysidir darajada haqiqiy ustasi bo‘lmaguningizcha diplom berilmaydi. Albatta, bundan yomoni yo‘q. Talabalar baho yoxud stipendiya uchun emas, o‘zi uchun o‘qiydi. Bu jihat o‘z-o‘zidan universitetning reytingini, ta'lim sifatini oshiradi.

Vaqf fondlari

Yuqorida aytib o‘tganimdek, Turkiyada vaqf fondlari ko‘p. Ularning asosiy maqsadi va vazifasi talabalarning ilm olishini qo‘llab-quvvatlash. Ya'ni moddiy jihatdan qiynalgan talabalarga stipendiyalar ajratadi. Albatta, talaba vaqflarning talablariga mos kelishi kerak. Stipendiyalar miqdori ta'lim bosqichiga qarab o‘zgaradi. Sizdan talab qilinadigani esa, yaxshi o‘qishingiz, ular belgilab bergan balldan tushib ketmasligingiz lozim.

Magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qiydigan talabalarga ham xuddi shunday qulayliklar yaratib beriladi. Masalan, ilmiy ishingizni Yevropada davom ettirmoqchisiz. Ammo moddiy jihatdan sharoitingiz yo‘q. Shunda vaqf fondiga ariza topshirilsa, u hamma xarajatlarni qoplab beradi.

Ba'zi vaqf fondlarining yordamini yillar davomida qaytarib berasiz. Ba'zilari esa beg‘araz yordam hisoblanadi. Turkiya fuqarosi bo‘lgan talabalarga qaytarib beriladigan va berilmaydigan vaqflar beriladi. Xorijiy talabalar uchun esa faqat qaytarilmaydigan vaqflar shakllantirilgan. Xolis yordam sifatida. Vaqflar davlat va daromadi yuqori bo‘lgan insonlar tomonidan moliyalashtiriladi.

Kimgadir ta'lim berish uchun xizmat qilishi zarur

Turkiyada Tez (ilmiy ish) yozish masalasi ikkiga bo‘linadi: tez yozadiganlar va yozmaydiganlar. O‘qishni boshlayotgan talaba xohishiga ko‘ra, tezli yoki tezsiz guruhga kiradi. Ikkisining ishi ikki xil. Biri imtihonlarga tayyorlanadi.  Ikkinchisi esa butun o‘qishi davomida ilmiy ishiga tayyorlanib boradi.

Ustozlar Tez yozmoqchi bo‘lgan talabaning har biridan qaysi mavzuda yozmoqchi ekanligini so‘rab chiqadi. Siz qaysi mavzuda yozmoqchi ekanligingizni aytasiz. Ular shunga qarab yo‘nalish beradi. Bizga ustozlarimiz ilmiy ishga yuzaki qaramaslikni ko‘p tayinlaydi. Chunki sizning vazifangiz Tezni shunchaki yozib ketish emas, balki kelgusida ular asosida kimgadir ta'lim berish uchun xizmat qilishi zarur.

O‘qituvchiga imtiyozlar

O‘qituvchining darajasi mamlakatning ta'lim darajasi sifatini ta'minlab beradi, deb o‘ylayman. Dunyo bo‘yicha hech qanday ta'lim tizimi yo‘qki, o‘qituvchidan yuksak tursa. O‘qituvchi qanchalik salohiyatli bo‘lsa, ta'lim ham shuncha rivoj topadi. Hech qachon ta'lim tizimi o‘qituvchidan yuqorilab ketolmaydi.

Ta'kidlash joizki, o‘qituvchilar o‘z maoshi bilan bemalol chetga sayohat qila oladi. Umuman, bu yerda talaba hamda ustozlarga imtiyoz va qulayliklar bisyor. Shaharlarda ustozlar uyi, ya'ni mehmonxonasi bor. Birgina Istanbulda 6 ta o‘qituvchilar mehmonxonasi borligini bilaman. Bular men bilganlarim. Uretman Evi (o‘qituvchi uyi) deyiladi. O‘zim borib, yashab ham ko‘rganman. Besh yulduzli mehmonxonalardan ham shinamroq. Bu uylar tekinga berilmaydi, albatta. Ammo chegirma qilib beriladi. Agar to‘lovi yuz ming bo‘lsa, ellik, yigirma minggacha tushadi. Ba'zi bir o‘qituvchilar bor-ki, ular to‘lov qilmasdan yashaydi.

Universitetlarda o‘qituvchilar uchun alohida oshxonalar mavjud. Har bir o‘qituvchining kunlik limiti bor. Bugun o‘qituvchi 20 ming liralik ovqatni ko‘chadan ellik mingga olib yeyayotgan bo‘lsa, uning oyligi nimaga yetadi. Endi o‘sha ovqatni universitet oshxonasida besh mingga yesa, hamyoniga qancha foyda.

O‘qituvchilar uchun alohida dam oladigan joylar ham talaygina. Agar o‘qituvchi chetga chiqmoqchi bo‘lsa, aviabiletida ham chegirmalar amal qiladi.

“Surish kerak” iborasi to‘g‘ri yo‘l emasligini tushunib yetganman

 Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, albatta, O‘zbekistonga qaytaman. Asosiy rejalarimdan biri, bugungi kundagi “oltin baliqchalar”ning yuragidagi olovli vulqonlari so‘nib qolmasligi uchun harakat qilish. Buni esa imkon boricha mamlakatimizda ta'lim sifatini rivojlantirishga hissa qo‘shish orqali amalga oshiraman.

Shuningdek, yoshlar orasidagi “surish kerak” iborasi to‘g‘ri yo‘l emasligini tushunib yetdim. Chunki har bir joyning o‘z toshu tarozisi borligini tushunish lozim. Shu boisdan, shaxsan o‘zim, olgan bilim va ko‘nikmalarimni yurtim taraqqiyoti yo‘lida sarflashni istayman.

 Mirjalol Abdurasulov
suhbatlashdi

Mavzuga oid