«Hukumat so‘z erkinligini cheklab qo‘ygan» - AQSh O‘zbekistondagi inson huquqlariga doir vaziyat haqida
2020 yil davomida O‘zbekiston hukumati OAV materiallarini nazorat qilib turdi, shu sababli ular erkin faoliyat yuritmadi, deyiladi AQSh Davlat departamentining yillik hisobotida.
AQSh Davlat departamentining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi 2020 yilda O‘zbekistonda inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan hisobot e'lon qildi.
Hisobotda mamlakatdagi so‘z erkinligiga doir vaziyat haqida to‘xtalib o‘tilgan.
«Konstitutsiya va qonunchilikda so‘z erkinligi, shu jumladan matbuot erkinligi uchun ham huquq mavjud, lekin hukumat onlayn va oflayn OAV uchun ushbu huquqlarni chekladi.
Hukumat odamlarning hukumatni tanqid qilish yoki umumiy ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarni muhokama qilish imkoniyatiga nisbatan rasmiy va norasmiy cheklovlar qo‘lladi», – deyiladi byuro hisobotida.
Ta'kidlanishicha, 2020 yil davomida ham hukumat OAV materiallarini nazorat qilib turgan, shu sababli ular erkin faoliyat yuritmagan.
Hisobotda, chet ellik jurnalistlar O‘zbekistonda akkreditatsiyasiz ishlashi taqiqlangani, hukumat esa ba'zi xorijiy jurnalistlar va OAVni mamlakatga kiritmaslik uchun akkreditatsiya qoidalaridan foydalangani aytiladi.
AQSh Davlat departamenti, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining koronavirusga oid statistikasiga shubha bildirgan OAVlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ogohlantirish olganiga e'tibor qaratgan.
«Ichki ishlar va xavfsizlik xizmati organlari bosma va eshittirishlar olib boradigan jurnalistlarga qarshi hibsga olish, ta'qib qilish va qo‘rqitish choralarini kuchaytirdi», – deyiladi AQSh Davlat departamenti dokladida.
Shu bilan birga, prezident Shavkat Mirziyoyev OAVni qo‘llab-quvvatlayotgani, jurnalistlar «keng ko‘lamli o‘zgarishlarni xolis yoritish bilan bir qatorda hukumat va jamoatchilik e'tiborini joylardagi dolzarb muammolarga jalb qilayotgani»ni ta'kidlagani eslab o‘tilgan.
Hisobotda bir necha bloger va jurnalistlarning Telegram-akkauntlariga hujum qilingani, «Sardoba» fojiasi davlat televideniyesida qanday yoritilganini tanqid qilgan ikki sport jurnalisti – Jamoliddin Bobojonov va Bobur Akmalov ishdan bo‘shatilgani, Qoraqalpog‘istonning sobiq rahbari, marhum Musa Yerniyazovning vafoti haqida tasdiqlanmagan xabar tarqatgani uchun qoraqalpoq nashrlari bosh muharrirlari so‘roq qilingani haqida ham so‘z boradi.
Bundan tashqari, birgina Farg‘ona viloyatiga oid bir nechta voqeliklar sanab o‘tilgan. «Ma'rifat» gazetasining Farg‘onadagi muxbiri bozor yarmarkasidagi holatni telefoniga videoga olgani uchun IIBga olib ketilgani, bloger Otabek Nuritdinov 15 sutkaga, so‘xlik bloger Dadaxon Haydarov 10 sutkaga qamalgani, Effect.uz nashri operatoriga hujum qilingani shular jumlasidan.
O‘zbekistonda 2018 va 2019 yillarda ro‘y bergan Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirish bilan bog‘liq muammolar 2020 yilda ham takrorlandi. Iyul oyi boshida dastlab Facebook, ko‘p o‘tmay uning egaligidagi Instagram'ga kirish ham qiyin bo‘lib qolgandi. AQSh Davlat departamenti byurosi bu holatni ham e'tibordan chetda qoldirmagan va ijtimoiy tarmoq bloklanishiga karantin sharoitida aholining internet orqali qilgan tanqidlari sabab bo‘lganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz o‘z faoliyatiga xavfsizlik idoralari tomonidan muntazam ravishda bosimlar bo‘lib kelgani haqida bundan bir oy oldin bayonot e'lon qilgan edi.
Shu bilan birga, ta'kidlash lozim, vaqti-vaqti bilan so‘z erkinligiga oid noxush holatlar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, shaxsan davlat rahbari o‘z chiqishlarida tez-tez jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlab turibdi. So‘nggi vaqtlarda prezident ishtirokidagi tadbirlarga xususiy OAV vakillari ham jalb etilib, Shavkat Mirziyoyev ular bilan bevosita muloqot qilayotganini ijobiy tendensiya sifatida baholash mumkin.
Mavzuga oid
21:34 / 27.11.2024
Xitoy va AQSh «uchga uch» formulasi bo‘yicha mahbuslar almashdi
19:34 / 27.11.2024
FQB tomonidan eng ko‘p qidirilgan shaxs Buyuk Britaniyada hibsga olindi
09:19 / 27.11.2024
Italiyadagi xushmanzara qishloq Tramp boshqaruvidan norozi amerikaliklarga 1 dollardan uy taklif qilmoqda
23:52 / 26.11.2024