Jahon | 20:07 / 24.05.2021
7260
2 daqiqa o‘qiladi

Minsk HAMAS jangarilari Ryanair samolyotini portlatish bilan tahdid qilganini bildirdi

Ta'kidlanishicha, elektron maktub mualliflari samolyotni Vilnyus ustida portlatish bilan tahdid qilgan.

Ryanair aviakompaniyasi samolyoti minalashtirilgani to‘g‘risidagi elektron maktub mualliflari laynerni Vilnyus ustida portlatish bilan tahdid qildi. Bu haqda Belarus transport va kommunikatsiyalar vazirligi aviatsiya departamenti direktori Artyom Sikorskiy aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktubda YeIdan Isroilni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish talab qilingan. Sikorskiyning aniqlik kiritishicha, elektron xabar ingliz tilida yozilgan.

«Biz, HAMAS askarlari Isroildan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilamiz. Biz YeI Isroilni bu urushda qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishini talab qilamiz. Delphi Economic Forum qatnashchilari uylariga FR4978 reysida qaytishlari ma'lum. Bu samolyotga bomba qo‘yilgan. Talablarimizni bajarmasangiz, bomba 23 may kuni Vilnyus ustida portlaydi», — deya xabar matnini keltirdi Sikorskiy.

Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Minsk aeroporti matbuot xizmati Afinadan Vilnyusga uchgan samolyot «minalashtirish» haqidagi xabardan so‘ng majburan qo‘ndirilganini ma'lum qilgandi.

Samolyot minalashtirilgani to‘g‘risidagi xabar tasdiqlanmadi va Belarus tergov qo‘mitasi bu bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Samolyot bortida Belarusda ekstremistik deb tan olingan NEXTA Telegram-kanalining sobiq muharriri va asoschilaridan biri Roman Protasevich bor edi. U qo‘lga olingan.

Mavzuga oid