Jamiyat | 15:43 / 24.05.2021
6387
3 daqiqa o‘qiladi

«Qizim o‘lib qolishini istamayman» - 3 yoshli qizning mitti yuragi yaxshilar ko‘magiga muhtoj

Hayot totli ne'mat ekanini qachon anglaymiz? Qachonki, boshimizni yostiqqa qo‘yganda. Sog‘liq ketgach, hayotning ma'nosini ham tushunib boramiz. Inson o‘z tanasida og‘riqni his qilishi bir dard bo‘lsa, jigarbandi betob bo‘lsa, bu dard ming karrasiga oshib ketishi aniq.

Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani, Qo‘rg‘on mahallasi, Kamar qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Mehriniso Qilicheva farzandining bemor qalbi qiynalayotganini ko‘rib, har kuni ming o‘lib-tirilmoqda. Mehriniso opaning qizi Guldona Bahromova – 3 yoshda, unga shifokorlar tug‘ma yurak porogi tashxisini qo‘yishgan. Tug‘ilganidayoq bu kasallikdan azob chekayotgan Guldonaning ota-onasi shu paytgacha uni tuman va viloyat shifoxonalarida qaratishgan. Shu paytgacha qizchaning ahvoli qoniqarli, deb dori-darmon qilingan. Guldona operatsiya qilinishi kerakligini ham aytishgan, ammo oilaning bunga qurbi yetmadi. Yordam so‘rab, tuman hokimiyatiga murojaat qilingan, lekin hech qanday ko‘mak berilmadi.

 Guldonaning dadasi – Salohiddin Qilichev oilaning yagona boquvchisi bo‘lib, tuman markazida aloqa kompaniyasida montyor bo‘lib ishlaydi. Qizchadan tashqari oilada yana ikki farzand bor. Ularning eng kichigi — Elbekjon oyog‘ida nuqson bilan tug‘ilgan, uni davolashga ham ma'lum miqdorda xarajat sarflanmoqda. Bu yoqda esa Guldonaning mitti yuragi jarrohlik amaliyotiga muhtoj. Ikki tarafdan ham azob chekayotgan oila yaxshilar ko‘magidan umid qilmoqda.

 Qizchaning ahvoli kun sayin yomonlashib bormoqda: ko‘p harakat qilsa, tez charchab qoladi, kuchli terlash mavjud. Uni Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi kardioxirurgiya bo‘limiga olib borishganda, shifokorlar zudlik bilan jarrohlik operatsiyasi qilinishi kerakligini aytishdi. Operatsiya va dori-darmonlar uchun jami 30 million so‘m zarur.

 Onasining aytishicha, Guldona endigina 3 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, qanday kasallik bilan og‘riyotganini tushunadi. Har doim Allohdan tuzalib ketishini so‘raydi. Jajji qalbning tuzalib ketishi uchun sababchi bo‘lsangiz, bir oilaga butun umrga yetgulik baxt taqdim etasiz. 

Guldona Bahromovaga oid ma'lumotlar:

Xalq banki (UZCARD) 8600 0609 0613 7758 (onasi Qilichova Mehriniso nomida)

Aloqabank (HUMO) 9860 1901 0977 1633 (otasi Qilichov Salohiddin nomida)

VISA  4847 9950 3254 2870 (otasi Qilichov Salohiddin nomida).

Telefon: +99893 037 8479

Muhabbat Ma'mirova tayyorladi,
Tasvirchi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid