Jamiyat | 21:07 / 25.05.2021
13576
5 daqiqa o‘qiladi

«Mahalla raisi hujjatlarni qaytarishi mumkin emas» - Vazirlik yordam puli tayinlashdagi korrupsiya holatlari bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekistonda bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash «Kam ta'minlangan oilalarga «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi vaqtinchalik nizom asosida amalga oshiriladi. 

Garchi nizomda ko‘rsatilgan yordamlarni olish tartibi qonun bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, u joylarda to‘la ishlayapti, deb bo‘lmaydi.

Jumladan, tahririyatimizga yetib kelgan qator murojaatlarda fuqarolar ijtimoiy yordamlar olish masalasi hamon inson omili, xususan, mahalla raisi va boshqa mutasaddilarning shaxsiy tanloviga bog‘liq bo‘lib qolayotganini bildirgan. Bu borada mahalla raislarining tanlov uchun korrupsiya, tanish-bilishchilik va tamagirlikka yo‘l qo‘yayotgani, fuqarolarni o‘z shaxsiy ishi, paxta terimi yoki turli obodonlashtirish tadbirlarida qatnashishga majburlayotgani ham bayon qilingan.

Kun.uz muxbiri shu kabi holatlar yuzasidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati mutaxassislaridan izoh so‘radi.

Saodat Boymirzayeva, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari:

— Bu jarayonda inson omilini yo‘qotish borasida ishlanyapti. Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan yoki vazirlikning tekshiruvlari asosida aniqlangan har bir holat bo‘yicha o‘rganishlar olib boradi. Aybdorlarga chora ko‘ryapti.

Bu jarayon hamisha og‘riqli masala bo‘lib kelgan. Avvallari jarayon Vazirlar Mahkamasining 44-sonli qarori bilan tartibga solinardi. O‘tgan yildan boshlab shu jarayonda inson omili ishtirok etmasligi bilan bog‘liq amaliyot Sirdaryo viloyatida tajriba qilina boshladi. Bu tajriba o‘zini oqladi. Endilikda tajriba butun respublikaga joriy qilinyapti.

Unga ko‘ra, endilikda bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash jarayonida mahalla raisi yoki mahalladan boshqa kishi ishtirok etmaydi. Ularda birgina vazifa bor, fuqarolarning hujjatlarini qabul qilish, hujjatda kamchiliklar bor yo‘qligini tekshirib berish va 3 kun muddatda tuman (shahar) pensiya jamg‘armasiga yetkazishdan iborat.

Biz murojaatlarning barchasini manzilli o‘rganib, chorasini ko‘ramiz.

Farhod Eshmo‘minov, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati bosh mutaxassisi:

— Fuqarolarimiz yaxshi bilishi kerak, yangi tartib bo‘yicha mahalla raislari faqatgina taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib, kamchiligi bo‘lsa, to‘ldirishga tavsiya qiladi va tuman (shahar) pensiya jamg‘armasiga yetkazadi. Ularda taqdim etilgan hujjatlarni qaytarib yuborish vakolati yo‘q.

Bu jarayonda qandaydir talab, shartlar qo‘yish, pul talab qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Odamlarimiz shu turdagi yordamlarni so‘rab, mahalla idorasiga murojaat qilar ekan, bu qoidalarni yaxshi bilishlari kerak.

Bundan keyingi barcha jarayonlar tuman (shahar) pensiya jamg‘armasi vakolatida. Uni kimga tayinlash yoki tayinlamaslikni ham pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlari hal qiladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar nafaqalar va moddiy yordam tayinlashni so‘rab, ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.

Ariza fuqaroning doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi (propiska joyi) bo‘yicha beriladi va arizaga quyidagilar ilova qilinadi: 

  • pasport nusxasi;
  • nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • bola tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma.

Vaqtinchalik nizomning 7-bandiga muvofiq, yuqoridagi nafaqalar va moddiy yordam oilaning har bir a'zosiga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining o‘rtacha oylik 0,527 baravari miqdori (358 007 so‘m)dan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromadga ega bo‘lgan oilalarga tayinlanadi.

Quyidagi hollarda tegishli ijtimoiy nafaqani yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi:

a) ariza beruvchi oilasining har bir a'zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadning vaqtinchalik nizom 7-bandida belgilangan mezonlardan ortiqligi;

b) ariza beruvchida yoki uning oila a'zolarida ko‘chmas mulk mavjudligi (ariza beruvchining propiska qilingan joyida joylashgan ko‘chmas mulk bundan mustasno);

v) ariza beruvchi yoki uning oila a'zolarida ikki va undan ortiq avtotransport mavjudligi;

g) arizada taqdim etilgan ma'lumotlarning haqiqatga nomuvofiqligi aniqlanishi;

d) daromadlarning rasmiy manbalariga ega bo‘lmagan va mehnat bo‘yicha organlarda hisobda turmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan oilaning mehnatga layoqatli a'zosi mavjudligi sababli rad etiladi.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Mavzuga oid