Jahon | 11:42 / 25.05.2021
8954
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya noqonuniy mehnat migrantlarini 15 iyungacha deport qilmaydi

Foto: RIA Novosti

Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan xorijiy davlat fuqarolariga 2021 yil 15 iyunga qadar o‘z maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar qildi.

Shuningdek, Rossiya hududida 2020 yilda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 50 ming 700 nafar o‘zbekistonlikning maqomi qonuniylashtirildi. Ushbu qaror Rossiya prezidentining 2020 yil 18 apreldagi “Yangi koronavirus (COVID-19) infeksiyasining tarqalishi xavfi tufayli chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasida huquqiy maqomini belgilash bo‘yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni doirasida Rossiya IIV hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari hamkorligida amalga oshirildi.

Shunga ko‘ra, Rossiya IIV bilan o‘rnatilgan hamkorlik asosida Rossiya hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak bo‘lgan 300 ming nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolarining ro‘yxati shakllantirildi.

Rossiyada noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari 2021 yilning 15 iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya hududida bo‘lishlarini qonuniylashtirishi mumkin.

Bunda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan ma'muriy chiqarib yuborish, deportatsiya qilish choralari qo‘llanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migratsiya bo‘limidan qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati beriladi.

Ushbu masalada yordam olish uchun O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi, Rossiya mintaqalaridagi Bosh konsulxonalari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining telefon raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.

Mavzuga oid