Jahon | 21:18 / 25.05.2021
25222
8 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Minskka javob qaytarmoqda: Belarus ustidan parvozlar to‘xtatilib, YeI osmoni «Belavia» uchun yopilmoqda

Yevropa Ittifoqi yetakchilari dushanba kungi sammitda qit'a hududidagi barcha aviatashuvchilarni Belarusga parvozlar va ushbu mamlakat ustidan uchishlarni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, ular belaruslarning samolyotlari Yevropa havo hududida parvoz qilishi va ittifoq mamlakatlari aeroportlaridan foydalanishini taqiqlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Darius Mataitis / Scanpix / LETA

23 may kuni Lukashenkoning buyrug‘i bilan harbiylar Afinadan Vilnyusga yo‘l olgan Ryanair aviakompaniyasi samolyotini Minskka qo‘ndirishdi. Samolyot bortida Belarus hukumatiga qarshi namoyishlarni faol yoritgan va muxolifatchilarning birinchi raqamli resursiga aylangan Nexta Telegram kanalining sobiq bosh muharriri Roman Protasevich va uning sevgan qizi bor edi — samolyot qo‘nganidan keyin ular qo‘lga olindi, qolgan yo‘lovchilar esa yetti soatdan keyin parvozni davom ettirish uchun qo‘yib yuborildi.

Bu hodisa xalqaro inqirozli holatni keltirib chiqardi.

Irlandiya loukosteri bo‘lmish Ryanair kompaniyasi reys ekipaji Belarus havo harakati boshqarmasi tomonidan bortda xavfsizlikka potensial tahdid borligi haqida ogohlantirilgani va bortni eng yaqin aeroport — Minskka yo‘naltirish haqida ko‘rsatma olgani haqida ma'lum qildi. 

Kompaniya bosh direktori Maykl O'Liri yo‘lovchi samolyot majburan Minsk aeroportiga qo‘ndirilishini «davlat qaroqchiligi» deya tavsifladi. «Mohiyatan, bu diktator tomonidan boshqariladigan rejimning odam o‘g‘irlash harakatidir», dedi Maykl OʼLiri. U layner bortida Belarus maxsus xizmatlari xodimlari ham bo‘lganini taxmin qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Minskda samolyotdan odamlar tushirilgach, besh yoki olti kishi unga qaytib chiqmagan.

Layner Afinadan Vilnyusga uchayotgan bo‘lgan. Litva politsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, uning bortiga Gretsiyada 126 kishi chiqqan, Minskdan Vilnyusga 121 yo‘lovchi uchib kelgan. Samolyotdan tushib qolganlarning ikki nafari ma'lum — bu Roman Protasevich va Sofya Sapega. Yana uch kishi kim ekani noma'lumligicha qolmoqda. Layner Minskka qo‘ndirilishi yuzasidan Litvada «samolyot qo‘lga olinishi va odamlarga xalqaro huquqda taqiqlangan tarzda muomala qilish fakti» bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Aviakompaniyalar Belarusni aylanib o‘tgan holda uchishga qaror qilmoqda. Hozirgacha Latviyaning airBaltic, Niderlandiyaning KLM, skandinavlarning SAS, vengrlarning Wizz Air, nemislarning Lufthansa, fransuzlarning Air France, Avstriyaning Austrian Airlines, Polshaning LOT, Singapurning Singapore Airlines, Finlandiyaning Finnair hamda Ispaniyaning Iberia aviakompaniyalari Belarus havo hududiga kirishni to‘xtatdi. Litvadagi aeroportlarga Belarus ustidan uchuvchi samolyotlarni qabul qilish taqiqlandi. Bundan tashqari, Litva o‘z fuqarolariga Belarusga safar qilmaslikni tavsiya qilmoqda, u yerdagi fuqarolarni esa tezda ushbu mamlakatni tark etishga chaqirmoqda. Belaruslarning «Belavia» aviakompaniyasi bunga javoban Vilnyusga reyslarni bir oy muddatga to‘xtatgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hukumatga Belarus bilan aviaqatnovlarga to‘liq taqiq o‘rnatish va barcha reyslarni ushbu davlat havo kengliklarini aylanib o‘tgan holda qayta yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq berdi. Buyuk Britaniya, Shvetsiya va Niderlandiya Belarus havo hududidan uchmaslikni tavsiya qilgan. Bundan tashqari, «Belavia» Buyuk Britaniyaga parvozlarni amalga oshirish huquqidan mahrum etilgan. 

Rossiya aviakompaniyalari esa o‘z marshrutlarini o‘zgartirishmadi.

Latviya Belarusning rasmiy bayrog‘ini Belarus muxolifatchilarining asosiy ramzi — oq-qizil-oq tusdagi bayroqqa almashtirdi. Bu holat Latviya mezbonligida o‘tayotgan hokkey bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari bo‘lgan sportchilar yashayotgan Riga shahri markazidagi mehmonxona yonida sodir bo‘ldi. Mehmonxona yaqinida turnirda ishtirok etayotgan barcha mamlakatlarning bayroqlari ilingan.

Belarus bayrog‘ini almashtirish aksiyasida Riga shahri meri Martinsh Stakis va Latviya tashqi ishlar vaziri Edgar Rinkevich ishtirok etdi. «Davlat terrorizmi bilan shug‘ullanuvchi rejim ramzi bo‘lmish bayroqqa Riga shahri markazida joy yo‘q, shu tufayli biz uni olib tashladik! Xalqaro yo‘lovchi samolyot siyosiy dissidentni hibsga olish maqsadida olib qochilishi Belarus diktatorining legitimligining so‘nggi qoldiqlarini ham yo‘q qildi», — degan Stakis.

Belarus «bayroq haqoratlangani» haqida ma'lum qilib, Minskdan Latviya elchixonasining texnik xodimlardan boshqa barcha xodimlari chiqarib yuborilishini e'lon qildi. Latviya elchisi Eynarsu Semanisuga mamlakatni tark etish uchun bir kun muddat berildi. Bunga javoban Latviya ham barcha belarus diplomatlarini chiqarib yuborishga qaror qildi.

Belarus hukumati Ryanair samolyoti «HAMAS harakati tahdidi» tufayli qo‘ndirilgani haqida ma'lum qildi. Belarus Transport va kommunikatsiyalar vazirligining aviatsiya departamenti direktori Artyom Sikorskiy Minskdagi brifingda go‘yoki falastinlik jangarilar tomonidan Minskdagi aeroportning elektron pochtasiga yo‘llangan xatni o‘qib eshittirdi. «Biz, HAMAS askarlari Isroil G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishini talab qilamiz. Yevropa Ittifoqi bu urushda Isroilni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishini talab qilamiz», degan go‘yoki maktubda. Belarus transport vazirligining ta'kidlashicha, xat mualliflari talablar bajarilmasa, samolyotga o‘rnatilgan bombani «Vilnyus ustida portlatish» bilan tahdid qilishgan. Lekin tekshiruvlar yakunida bortda hech qanday portlovchi qurilma yo‘qligi ma'lum bo‘ldi

Shu bilan birga, Sikorskiy falastinliklar nima uchun Isroil G‘azo sektoriga zarba berishni to‘xtatganidan uch kun o‘tib bunday tahdidli murojaat qilgani va terakt uchun nega Yaqin Sharq bilan hech qanday munosabatlarga ega bo‘lmagan Litva tanlangani bo‘lishi mumkinligini izohlamagan. Holbuki Isroil hukumati va HAMAS 11 kunlik qurolli harakatlardan keyin 21 may kuni sulh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

25 may kuni HAMAS Falastin va Isroil mojarosini Protasevichning qo‘lga olinishiga aralashtirishgani uchun Belarus hukumatini qoralab chiqdi. 

Belarus hukumati Ryanair samolyoti ekipaji qayerga qo‘nish bo‘yicha o‘z ixtiyori bilan qaror qabul qilganini ta'kidlab kelmoqda. «Dispetcherlar tomonidan ekipajga bosim o‘tkazilmagan», — degan Sikorskiy. Belarus rasmiy OAVlarida dispetcherning ekipaj bilan suhbati deya ta'kidlanayotgan audioyozuv tarqaldi, unda «dispetcher» «ekipaj»dan Minskka qo‘nish qarori kimning «tavsiyasi» bilan qabul qilingani haqida so‘ramoqda, unga esa «bu bizning tavsiyalarimiz» deb javob berilgan.

24 may kuni OAVda Roman Protasevich qo‘lga olingach, o‘zini yomon his qila boshlagani va kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar tarqalgandi. 25 may kuni telegram kanallardan birida uning murojaati e'lon qilindi. Jurnalist Minskdagi izolyatorda ekani, sog‘ligida muammo yo‘qligi va unga xodimlar tomonidan imkon qadar qonun doirasida muomala qilinayotganini bildirgan. «Men tergov organi bilan hamkorlikni davom ettirmoqdaman va ommaviy tartibsizliklar uyushtirish fakti bo‘yicha ko‘rsatmalar bermoqdaman», — degan Protasevich.

Uning yaqinlari bu videomurojaat bosim ostida yozilganini aytishmoqda.

Mavzuga oid