O‘zbekiston | 16:34 / 26.05.2021
19345
4 daqiqa o‘qiladi

«Ha, ishga oldim, maoshi kam» – Xorazmda maktab direktori deputat xotinini «dvornik» qilib ishga oldi

Direktorning aytishicha, ayoli Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash tuman bo‘limida ishlab, 915 ming so‘m maosh oladi. Oyligi kam bo‘lgani uchun maktabga hovli supiruvchi qilib ishga olingan va 339 ming so‘m maosh tayinlagan.

Foto: KUN.UZ

Xorazm viloyati, Yangibozor tumanidagi 2-son umumta'lim maktabi direktori Davron Rahimov deputat xotinini «dvornik» qilib ishga olgan. Xo‘sh, bu qanchalik qonuniy ish? Quyida shu borada mulohaza yuritamiz.

Davron Rahimov 2017 yil avgust oyidan buyon Yangibozor tumanidagi 2- maktabda direktor bo‘lib ishlaydi. 2020 yil sentyabr oyida u turmush o‘rtog‘i Xosiyat Hasanovani «dvornik» (hovli tozaligiga qarovchi xodim) sifatida yarim stavka ishga olgan. Bu xodimga yarim stavka uchun 339 ming so‘m maosh to‘lanishi belgilab qo‘yilgan.

Qizig‘i, Xosiyat Hasanova Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tuman bo‘limida yetakchi mutaxassis sifatida ishlab kelmoqda. U 2019 yil dekabr oyida Xalq deputatlari tuman kengashiga deputat sifatida saylangan ham. Xalq deputati va yetakchi mutaxassisning «dvornik» bo‘lib ishlashi, shuningdek, yaqin qarindoshini (xotinini) ishga olishi bo‘yicha izoh so‘rab, maktab direktori Davron Rahimovga murojaat qildik. U esa deputat xotinini ishga olganini tasdiqladi va bunga sabab turmush o‘rtog‘ining kam maosh olishi ekanini aytdi.

«Ha, 2020 yil sentyabr oyida turmush o‘rtog‘im Xosiyat Hasanovani «dvornik» sifatida yarim stavka ishga oldim. Maktab hovlisini supurish bilan shug‘ullandi. Ish haqini o‘zi oldi, vedomostlarga o‘zi qo‘l qo‘ydi. Atigi 3 oy ishladi. Nima uchun? Oyligi juda kam. Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash tuman bo‘limida 915 ming so‘m maosh oladi. Deputat sifatida oylik olmaydi», deb javob berdi direktor.

Xosiyat Hasanovadan holat bo‘yicha izoh olishning imkoni bo‘lmadi. U bilan bog‘langanimizda, murojaat mazmunini eshitgach, aloqani uzdi. Keyinchalik qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Maktab direktori yaqin qarindoshini ishga olishiga qonun nima deydi?

Bu holatda mumkin va mumkin bo‘lmagan holatlar bor. Mehnat kodeksining 79-moddasiga ko‘ra o‘zaro yaqin qarindoshlar (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.

Biroq, ushbu moddada nazarda tutilgan qarindosh-urug‘larning barcha o‘quv va tarbiya muassasalarida birga xizmat qilishlarini cheklash qoidalaridan istisno etilishi mumkin bo‘lgan xodimlar ham bor. Bular: pedagog xodimlar, o‘qituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar. Ularning orasida «dvornik» yo‘q. Ya'ni, maktab direktori yaqin qarindoshlarini faqat pedagog xodim, o‘qituvchi, bibliograf yoki kutubxonachi sifatida ishga olishga haqli.

Shu o‘rinda yana bir qiziq ma'lumot: 2-maktab direktori Davron Rahimovga 2021 yil 6 may kuni Xorazm viloyati Xalq ta'limi bo‘limi tomonidan ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan bir qancha kamchiliklari uchun intizomiy jazo qo‘llangan. Jumladan, mart oyida ishdan bo‘shatilgan xodimga aprel oyida ham ish haqi yozilgani uchun direktor oylik maoshining 30 foizi miqdorida jarimaga tortilgan.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid