O‘zbekiston | 16:42 / 28.05.2021
2556
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda ko‘p qavatli uylar orasida yana bitta uyga kotlovan kavlandi. Shahar hokimligi aholi noroziligi qondirilganini ma'lum qildi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Qo‘qon shahrining 51-Zilol mahallasidagi ko‘p qavatli uylar yonida yana bitta ko‘p qavatli uyga kotlovan kavlanayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat mahalliy aholi tomonidan keskin noroziliklar keltirib chiqardi.
  
Ushbu holat yuzasidan Kun.uz muxbiri Qo‘qon shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Norboyev bilan bog‘landi. Uning ma'lum qilishicha, aholi murojaati qanoatlantirilgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan yer maydoni qonunda belgilangan tartibda, tadbirkor murojaatiga asosan, Kadastr agentligi tomonidan onlayn auksion komissiyasi muhokamasiga kiritish uchun shahar qurilish boshqarmasiga jo‘natilgan. Shahar qurilish boshqarmasi yer maydoni shaharsozlik normalariga mos kelgani uchun mutasaddi tashkilotlardan iborat komissiya muhokamasiga taqdim etgan. Yer maydonlari ajratilishida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida komissiya onlayn ko‘rinishda o‘tkazilishi munosabati bilan shahar hokimligi ushbu jarayonda ishtirok etmaydi. Tartib shunaqa», – deydi u. 

Ta'kidlanishicha, Abu Toyib Ho‘qandiy mavzesi, 68-ko‘p qavatli uy yonidagi yer maydoni komissiyaning ijobiy xulosasiga asosan, investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan yer maydonining boshlang‘ich narxi belgilanib, 2020 yil, 29 dekabrda elektron auksionga qo‘yilgan. 2021 yil 14 yanvar kuni mazkur yer maydonini auksionda mahalliy tadbirkor yutib olgan.

«Tadbirkor qurilish ishlarini boshlay deganda, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi noroziligini bildirgan. Qo‘qon shahar hokimi boshchiligida mutasaddilar tomonidan masala joyida o‘rganildi. Kadastr agentligi tomonidan yer maydonini auksionga chiqarishda aholi roziligi olinmaganligi sababli, sotib olingan joyga qurilish qilinishi bekor qilinib, tadbirkorga boshqa joydan yer maydoni taklif etildi», – deya qo‘shimcha qildi shahar hokimligi axborot xizmati rahbari.

Mavzuga oid