O‘zbekiston | 16:20 / 28.05.2021
2653
3 daqiqa o‘qiladi

Yanvar-mart oylarida O‘zbekiston aholisi o‘tgan yilgidan 350 mlrd so‘m ko‘proq daromad solig‘i to‘ladi

QQS tushumlari esa 1 trillion so‘mga oshgan.

Moliya vaziri Timur Ishmetov 28 maydagi Senat majlisida joriy yil yanvar-mart oylari bo‘yicha davlat budjetining daromad va xarajatlari to‘g‘risida hisobot berdi.

Vazirga ko‘ra, o‘tgan chorakda davlat budjeti daromadlari 33,9 trln so‘mni, xarajatlari 34,1 trln so‘mni tashkil etdi.

Xususan, bevosita soliqlardan tushgan daromadlar miqdori 13 trln so‘m bo‘lib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 2 trln 707 mlrd so‘mga ko‘paydi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumi 4 tlrn so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 350 mlrd so‘m ko‘proq bo‘ldi.

2021 yil 1-choragida aylanmadan olinadigan soliq tushumlari 479 mlrd so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 39 foizga yuqori darajada qayd etildi.

Bilvosita soliqlardan tushgan mablag‘lar 11 trln so‘m bo‘ldi va 2020 yil mos davriga qaraganda 103,4 foizni tashkil etdi.

Dastlabki 3 oy davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlari 8,4 trln so‘mni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 trln so‘m ko‘proqni tashkil etdi.

Resurs to‘lovlari va mulk soliqlari bo‘yicha budjetga 5 trln 518 mlrd so‘m tushdi. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga ko‘ra, 646 mlrd so‘m ko‘pdir.

Qayd etilishicha, yanvar-mart oylari davomida bojxona to‘lovlaridan budjetga 6,5 trln so‘m mablag‘ kelib tushgan.

Shuningdek, vazir davlat xarajatlari to‘g‘risida ham qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Aytilishicha, budjetning ijtimoiy soha xarajatlari umumiy chiqimlarning 53,3 foizini tashkil etdi.

«Shundan ta'lim sohasiga 8,1 trln so‘m, iqtisodiyot xarajatlariga 2,7 trln so‘m, investitsiyalarni moliyalashtirishga 2,8 trln so‘m, davlat boshqaruvi, sud va prokuratura organlarini saqlash xarajatlariga 1,7 trln so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi», – dedi vazirlik rahbari.

Avvalroq, birinchi chorakda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 3 foizga o‘sgani xabar qilingandi. Shu bilan birga, davlat qarzi 2021 yilning 1 aprel holatiga 23,2 mlrd dollarni tashkil etgani bildirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid