Jahon | 15:08 / 29.05.2021
12835
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Belarusga qarshi sanksiyalar kiritilishini e'lon qildi

3 iyun kuni AQSh Belarusning davlatga qarashli to‘qqizta tashkilotidan ilgari olib tashlangan sanksiyalarni tiklaydi.

23 may kuni Minskda Ryanair samolyoti majburan qo‘ndirilgani sababli AQSh Belarusga qarshi sanksiyalarning bir qismini qayta tiklaydi va yangi sanksiyalar tayyorlamoqda. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki ma'lum qildi.

3 iyun kuni AQSh Belarusning davlatga qarashli to‘qqizta tashkilotidan ilgari olib tashlangan sanksiyalarni tiklaydi. Amerikaliklarga bu tashkilotlar bilan operatsiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.

Psakining qo‘shimcha qilishicha, AQSh Yevroittifoq va boshqa hamkorlari bilan Lukashenkoning yon-atrofidagilarga qarshi joriy etiladigan sanksiyalar ro‘yxatini tuzmoqda.

Oq uy Ryanair samolyotining Minskda majburan qo‘ndirilishini «xalqaro me'yorlarni haqorat qilish» va «fundamental erkinliklarga nisbatan hujum», deb atagan.  

Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Minsk aeroporti matbuot xizmati Afinadan Vilnyusga uchgan samolyot «minalashtirish» haqidagi xabardan so‘ng majburan qo‘ndirilganini ma'lum qilgandi. Samolyot bortida Belarusda ekstremistik, deb tan olingan NEXTA Telegram-kanalining sobiq muharriri va asoschilaridan biri Roman Protasevich va uning sevgilisi Sofya Sapega bo‘lgan. Ular samolyot qo‘ngach qo‘lga olingan.

Yevropa Ittifoqi va Ryanair aviakompaniyasi bu voqeani «davlat homiyligidagi qaroqchilik» deb atadi. YeI aviakompaniyalari Belarus hududi ustidan parvozlarni to‘xtatdi va «Belavia» kompaniyasiga Yevroittifoq mamlakatlariga uchish taqiqlandi.

Mavzuga oid