Toshkentda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan hokimlarning 3ta qarori haqiqiy emas deb topilgan
Qayd etilishicha, Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2020 yil va 2021 yil I chorakda hokimlarning 11 ta qarorini haqiqiy emas, deb topish haqidagi da'vo arizalari sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan. Shundan 3 ta ish bo‘yicha da'vo talablari qanoatlantirilgan.
27 may kuni Toshkent shahar sudi va Toshkent shahar ma'muriy sudi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida hokim qarorlariga nisbatan ko‘rilgan ishlar yuzasidan qarorlar qabul qilinishida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar muhokama qilindi.
“Sudlar tomonidan bunday toifadagi ishlarni ko‘rishda quyidagi holatlarni kuzatish mumkin. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudiga yakka tartibdagi tadbirkor da'vo arizasi bilan murojaat qilib, unda javobgar fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida qurilgan qurilmalarni buzdirishni so‘ragan.
O‘z navbatida, fuqaro javobgarlar tuman hokimligi, yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan taqdim etgan qarshi da'vo arizasida hokim qarorini va shartnoma shartlarini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan.
Prezidentimizning 2018 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5495-sonli Farmonining 4-bandida 2018 yilning 1 oktyabridan investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berishning yangi mexanizmlari joriy etilib, yer uchastkalari elektron auksion savdolari orqali sotilishi belgilangan.
Ishni sudda ko‘rish jarayonida aniqlanishicha, tuman hokimining 2019 yildagi qarori bilan tumandagi ko‘p qavatli uylar oralig‘ida maishiy xizmat ko‘rsatish markazi faoliyatini tashkil etishi uchun yakka tartibdagi tadbirkorga 0,05 ga yer uchastkasi ajratilgan bo‘lib, ushbu qarorni qabul qilishda yuqorida qayd etilgan Prezident farmoni talablariga rioya qilinmagan.
Yer uchastkasini ajratish haqidagi qarorni qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 15 avgustdagi PF-5511-sonli farmoniga asoslangan. Biroq Prezidentning 2018 yil 15 avgustdagi PF-5511-sonli “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandida Toshkent shahar hokimining qarori bilan faqat davlat mulki obektlarini, shu jumladan, foydalanilmayotgan obektlarning investorlarga berilishi nazarda tutilgan. Qayd etilgan holatlarni inobatga olib, tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan hokim qarori haqiqiy emas, deb topilgan”, deydi Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi Shuhrat Abbosov.
Yig‘ilishda ayrim hollarda tuman hokimliklari tomonidan Yer kodeksi talablariga rioya qilinmagan holda qabul qilingan qarorlar ham sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishiga asos bo‘lgani alohida ta'kidlandi.
Jumladan, da'vogar fuqaroning javobgar mas'uliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan yer maydonini bo‘shatish majburiyatini yuklash va yer maydonidan ko‘chirish haqidagi da'vo arizasi, mas'uliyati cheklangan jamiyatining javobgarlar tuman hokimligi va fuqaroga nisbatan hokim qarorini haqiqiy emas, deb topish haqidagi qarshi da'vosi tumanlararo sudida ko‘rib chiqilgan.
Aniqlanishicha, tuman hokimining 2013 yildagi qarori bilan 10 nafar yuridik va jismoniy shaxslarga, jumladan, mazkur ishda ishtirok etayotgan mas'uliyati cheklangan jamiyatiga 1274 kv.metr yer maydoni avtomototransport vositalari saqlash joylarini tashkil etish va atrof hududni obodonlashtirish maqsadida ajratilgan. Shuningdek, tuman hokimining 2018 yildagi qarori bilan fuqaroga tumanda mahalla markazini qurish hisobiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksini qurish uchun 0,02 ga yer maydoni ajratilgan.
Yer kodeksining 23-moddasiga ko‘ra, egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini boshqa shaxslarga berish (realizatsiya qilish) faqat shu yer uchastkasi belgilangan tartibda olib qo‘yilganidan (sotib olinganidan) keyin amalga oshiriladi. Mas'uliyati cheklangan jamiyati hokimlik qaroriga asosan, 2013 yilda o‘ziga ajratilgan joyda avtoturargoh tashkil etib, atrofni obodonlashtirib, qurilmalariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan bo‘lsa-da, yuqoridagi qonun talabiga zid ravishda hokimlikning 2018 yildagi qarori bilan aynan shu yer uchastkasining 0,02 ga qismi belgilangan tartibda (Yer kodeksining 36-moddasi) olib qo‘yilmasdan ikkinchi shaxsga, ya'ni fuqaroga ajratilganligi aniqlangan.Shu sababli, tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan hokimning 2018 yildagi qarori haqiqiy emas, deb topilgan.
Shuhrat Abbosovning ta'kidlashicha, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish, shu jumladan, muayyan hududning arxitektura qiyofasini o‘zgartirish va yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari hamda investitsiya va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish doirasida yer uchastkasi yoki uning bir qismini olib qo‘yish bevosita Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan tartibga solinadi.
U barcha holatlarda ham yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilyapti, deb bo‘lmasligi, shu sababli, yer uchastkalari qaysi hollarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, qaysi hollarda esa boshqa maqsadlar uchun olib qo‘yilishini farqlashimiz lozimligini eslatib o‘tdi.
Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish — ushbu turda yer uchastkasini olib qo‘yishga faqat quyidagi maqsadlarda yo‘l qo‘yiladi:
- mudofaa va davlat xavfsizligi;
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari;
- erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni berish;
- xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
- foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
- avtomobil yo‘llari va temir yo‘llar, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika tizimi obektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
- aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga obektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Investitsiya loyihalari esa, amalga oshirilishi davlat dasturlarida nazarda tutilgan, fuqarolarning yashash va maishiy sharoitlarini, shuningdek, muayyan hududni rivojlantirish va arxitektura qiyofasini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan obektlar qurishni nazarda tutuvchi loyihalar hisoblanadi.
“Keyingi paytlarda fuqarolarning yer uchastkalari yoki bino-inshootlarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yib kompensatsiya to‘lovlari to‘lanmaganligi aniqlanib, ularning huquqlari odil sudlov yo‘li bilan tiklanganligi holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2020 yil va 2021 yil 1-chorakda kompensatsiya pullarini undirish haqida jami 29 ta fuqarolik ishlari ko‘rilib, shundan 24 ta ish bo‘yicha da'vo talablari qanoatlantirilgan.
Masalan, bir fuqaroga tegishli turar va noturar joy binolari Toshkent shahar hokimining 2017 yil 4 iyuldagi 851-sonli qarori bilan buzilishga tushgan bo‘lib, 2021 yilga qadar fuqaroga kompensatsiya pullari to‘lab berilmagan. Natijada fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining 2021 yil 6 apreldagi hal qiluv qarori bilan da'vo ariza qanoatlantirilib, Toshkent shahar hokimligidan fuqaro foydasiga 3.311.509.229 so‘m undirish belgilangan.
Shunga o‘xshash misolni boshqa bir fuqarolik ishida ham ko‘rishimiz mumkin. Toshkent shahar hokimining 2018 yil 21 dekabrdagi 1835-sonli qarori bilan fuqarolarning “Chorsu” buyum bozoridagi qurilishi bitkazilmagan noturar joy binosi buzib tashlangan. Biroq, 2021 yilga qadar kompensatsiya to‘lab berilmaganligi aniqlanganligi sababli tumanlararo sudining 18.01.2021 yildagi hal qiluv qarori bilan Toshkent shahar hokimligidan fuqarolar foydasiga jami 457.300.000 so‘mlik kompensatsiya pullari undirib berilgan”, deydi Shuhrat Abbosov.
Mavzuga oid
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024