O‘zbekiston | 11:21 / 01.06.2021
4429
4 daqiqa o‘qiladi

2021 yil birinchi choragida 802ta MTTdan 92tasi attestatsiyadan o‘ta olmagan – Ta'lim inspeksiyasi

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 802 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti attestatsiya jarayonlariga jalb qilinib, yig‘ilish qaroriga asosan 710 ta MTT attestatsiyadan o‘tgan, 92 tasi esa «attestatsiyadan o‘tmadi» deb e'tirof etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 470-son qarori hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Maktabgacha ta'lim vazirligining 2020 yil 6 yanvardagi «Davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida»gi qo‘shma qaroriga asosan maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyati ichki va tashqi baholashdan o‘tkazib kelinmoqda.

Ta'lim inspeksiyasi xabariga ko‘ra, 2021 yil rejasiga asosan joriy yilning yanvar–mart oylarida jami 802 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti attestatsiya jarayonlariga jalb qilindi.

Ta'lim inspeksiyasi huzuridagi Akkreditatsiya komissiyasi yig‘ilish qaroriga asosan 710 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti «attestatsiyadan o‘tdi» va akkreditatsiyalandi, 92 tasi esa «attestatsiyadan o‘tmadi» deb e'tirof etilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta, Andijon viloyatida 13 ta, Buxoro viloyatida 2 ta, Jizzax viloyatida 6 ta, Navoiy viloyatida 7 ta, Namangan viloyatida 1 ta, Samarqand viloyatida 12 ta, Sirdaryo viloyatida 10 ta, Surxondaryo viloyatida 16 ta, Toshkent viloyatida 15 ta, Farg‘ona viloyatida 2 ta, Xorazm viloyatida 1 ta, Qashqadaryo viloyatida 4 ta, Toshkent shahrida 2 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti attestatsiyadan o‘ta olmagan.

«Davlat ta'lim muassasalari hamda nodavlat ta'lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra, davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti attestatsiyadan o‘tolmagan taqdirda direktorning malakasi yetarli emas deb topilib, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinadi.

Shuningdek, faoliyatiga bir yil to‘lmagan direktor majburiy ravishda navbatdan tashqari malaka oshirish jarayonlariga jalb etilib, MTT bir yildan keyin qayta attestatsiyaga jalb qilinadi. Qayta baholash natijalariga ko‘ra, davlat MTT attestatsiyadan o‘tmagan taqdirda, direktor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Ta'lim inspeksiyasi ma'lumotida MTTlar attestatsiya jarayonida e'tibor beriladigan jihatlar sanab o‘tilgan.

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarining oxirgi ikki yillik faoliyatini kompleks tahlil qilish asosida o‘tkaziladigan attestatsiya jarayonida quyidagilarga alohida e'tibor beriladi:

  • ta'lim-tarbiya jarayonining davlat talablariga muvofiq tashkil etilgani;
  • tarbiyalanuvchilarning rivojlanish darajasi;
  • rahbar va tarbiyachi-pedagog kadrlar salohiyati;
  • moddiy-texnik bazaning holati va tarbiyalanuvchilar rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlar;
  • sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, estetik talablarga rioya qilinishi hamda ovqatlantirish sifati;
  • milliy, madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta'minlanish holati;
  • maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyati yuzasidan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalari;
  • ta'limning keyingi bosqichiga tayyorlash dasturlarining ijrosi.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid