O‘zbekiston | 17:39 / 04.06.2021
83092
4 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi imom-xatibning ma'ruzasidan norozi bo‘lib, Musulmonlar idorasiga shikoyat qildi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi yo‘l qurilishi sohasidagi korrupsiya haqida gapirgan imom Sayyid Rahmatulloh Termiziyning ma'ruzasi sabab Musulmonlar idorasiga shikoyat kiritdi.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Toshkentdagi «Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfiddinovning ma'ruzasidan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga xat kiritgan. Bu haqda Kun.uz'ga Mehrob.uz sayti vakili xabar qildi.

Qo‘mita yo‘l qurilishiga ajratiladigan mablag‘lar talon-toroj qilinishi haqida gapirgan imom-xatibning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'ruzasiga raddiya berilishini so‘ragan.

 

Yunusobod tumanidagi «Mirza Yusuf» (Bodomzor) jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziyning (R.Sayfiddinov) Mehrob.uz saytining Telegram'dagi kanali va boshqa sahifalarda tarqalgan ma'ruzasida yo‘l qurilishi sohasidagi korrupsiya sababli yangi qurilgan yo‘llar ham uzoq turmasligi, ko‘p vaqt o‘tmay yomon ahvolga kelib qolishi haqida so‘z boradi.

«Kattasidan tortib oddiy ishchisigacha «Alloh meni ko‘rib turibdi», deb yo‘l qursa nima bo‘ladi, birodarlar? Yo‘llar yomg‘ir yoqqach cho‘kib ketmaydi, yangi yo‘l qurilgach yil bo‘yi remont bo‘lib yotmaydi.

Agar Alloh ko‘rib turibdi desa, o‘g‘irlik bo‘lmaydi. 1 km yo‘l quraman deb, 10 ta uchastka bitmaydi. Bir qurilgan yo‘l yillab salomat turadi. Nima bu axir, qanday sharmandalik? Yangi yo‘l tushadi-yu, faqat uni o‘rab, remont qilib yotadi: buyog‘ini endi remont qilsa, buyog‘i cho‘kib ketaveradi.

Hammasi – ana shu e'tiqodning yo‘qligi sabab. Alloh taolo ko‘rib turibdi, degan narsa yo‘q. Faqat o‘g‘irlik, poraxo‘rlik va korrupsiya bo‘lgani uchun. E'tiqodi bor odam ko‘prik qursa, ko‘prigi qulab tushmaydi, birodarlar. E'tiqodi bor odam uy qursa, uyiga odam ko‘chib kirmasdan remont talab bo‘lib qolmaydi, birodarlar!» – degan Sayyid Rahmatulloh Termiziy Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining noroziligiga sabab bo‘lgan ma'ruzasida.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by mehrob.uz (@mehrob.uz)

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi o‘z navbatida qo‘mitaning mazkur xatini mazmunan ko‘rib chiqish uchun idoraning Toshkent shahar vakilligiga yuborgan.

Toshkent shahar vakilligi xat ijrosi yuzasidan qanday choralar ko‘rgani haqida hozircha aniq ma'lumot yo‘q.

tTX77yLcxTKMBzg_MIIitnSy3s1hn1PH.jpg (905×1280)

Shu o‘rinda, ayrim idora va tashkilotlar fikr bildirish huquqidan foydalangan kishilarga nisbatan toqatsizlik ko‘rsatishga urinayotganini ta'kidlash lozim. «Obnal ishi» doirasida soliq organi tutayotgan yo‘lni tanqid qilgan parlament deputati Rasul Kusherbayevning sudga berilishi ham ana shunday holatlardan biri bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil fevral oyida Farg‘ona viloyatiga safari doirasida Farg‘ona shahridagi «Shodiyona» mahallasiga rejalashtirilmagan tashrif bilan borgan, unda yo‘llardagi nosozliklar sababli Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari Abdurahmon Abduvaliyevga qattiq tanbeh bergan edi.

Mavzuga oid