O‘zbekiston | 12:59 / 09.06.2021
10072
3 daqiqa o‘qiladi

«Tashkent City» hududida yer ajratish masalalari qonuniy hal etilgan - Ruslanbek Davletov

«Tashkent City»da qurilishi deyarli yakunlangan binolar hamon hujjatsiz ekani haqida xabarlar tarqaldi. AOKAda o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida adliya vaziri Ruslanbek Davletov shu haqdagi savolga javob qaytardi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus hududlar «Iqtisodiy hududlar to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi.

«Agar bu haqda biror bir tadbirkor sub'yektiv fikrini aytgan bo‘lsa, bu uning o‘z fikri. Maxsus hududlar «Iqtisodiy hududlar to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi, masalan, sanoat bilan bog‘liq erkin iqtisodiy zonalar. Boshqa kimningdir shaxsiy fikri rasmiy ahamiyatga ega emas. 

«Tashkent City» hududida yer ajratish masalalari qonuniy hal etilgan. Qurilish obektini qurishda lozim bo‘lgan hujjatlar turi juda ko‘p. Ular orasida qurilish boshlanmasdan tayyor bo‘ladigani ham, qurilish jarayoni bilan parallel tayyorlanadigan hujjatlar ham bor. 

Agar qaysidir qurilish obektining tayyor bo‘lishi kerak bo‘lgan hujjati hamon yo‘q ekanini aniq aytadigan bo‘lsangiz, shunda unga qonuniy baho berish mumkin bo‘ladi», deydi Ruslanbek Davletov. 

Avvalroq, Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov «Tashkent City» tarkibidagi birorta qurilish tasdiqdan o‘tmaganini ma'lum qilgandi.

Murod Nazarovning Rost24.uz saytiga bergan intervyuda aytishicha, «Tashkent City» hududi maxsus hudud bo‘lib, u yerda qurilish ishlari amalga oshirilayotgan binolarning birortasi tegishli quyi idoralar tasdig‘idan o‘tmagan.

«Tashkent City hududidagi qaysi bino tasdiqdan o‘tganiga javob bersangiz, keyin men javob beraman. Bu hudud maxsus hudud, bu joyda parallel loyihalashtirish va parallel ishlarni olib borish ruxsati bilan tashkil qilingan joy. Faqat Nest One emas, balki bitgan Hilton mehmonxonasining hujjatlari hozir ham tayyorlanmoqda», dedi Murod Nazarov.

Mavzuga oid