Sport | 21:58 / 09.06.2021
23087
17 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020, C guruhi: o‘yinlar taqvimi, faktlar va tarkiblar

Yevropa chempionati ishtirokchilari tanishtiruv davom etadi. Navbatda - S guruhi vakillari.

NIDeRLANDIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni – 16
  • Yevro-2020ga yo‘l – 6 g‘alaba, 1 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati – 24:7
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar – Jorjino Veynaldum (8 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi – chempion (1988), 3-o‘rin (1976, 1992, 2000, 2004)

Niderlandiya bosh murabbiyi

Frank de Bur – futbolchi sifatida yorqin shaxs, ammo murabbiylik borasida bunday deya olmaymiz. Frank murabbiy sifatida faqat «Ayaks» bilan erishgan mamlakat chempionliklari bilan maqtana oladi. U «kuchli beshlik»da «Inter» va «Kristal Pelas»da ishlab, muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Kuman Kataloniyaga yo‘l olgach terma jamoani qabul qilib olgan 51 yoshli mutaxassisning murabbiylik darajasini Yevro-2020dagi ishtirok ko‘rsatib beradi.

Shu bilan birga, de Bur qo‘l ostida Niderlandiya tarixidagi eng zaif tarkiblardan biri yig‘ilgan, deyish mumkin. Jarohatlanib o‘ynay olmayotgan van Deyk va van de Bek, koronavirusga chalingan Sillessensiz tarkib yanada kuchsizlandi. Ijobiy jihat – jamoa guruhdagi o‘yinlarni o‘z maydonida o‘tkazadi.

De Bur so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘zining 4-3-3 sxemasidan voz kechib, 3-5-2dan foydalandi. Demak, katta ehtimol bilan saralash bahslaridagi uslubni ko‘rmaymiz.       

Asosiy yulduzlar
Niderlandiyada natija asosan ismi «De» bilan boshlanuvchi yulduzlarga va jamoa sardori Veynaldumga bog‘liq. Kontening chempion «Inter»ida muhim mexanizmlardan biriga aylangan de Vrey, «Yuve»da Kellini va Bonuchchini zaxiraga o‘tqazib qo‘ygan de Ligt jarohat tufayli turnirni o‘tkazib yuborayotgan van Deykning o‘rnini bildirmaslikka harakat qilishadi. Ikki futbolchi ham yaxshi formada. 

Kuman qo‘l ostida yanada o‘sishga erishgan va maydonning istalgan qismida faollik ko‘rsatadigan de Yong raqib hujumlarini buzish bilan birga «dirijyorlik»ni ham bajara oladi. Frenki – jamoa miyasi. U jamoa uchun Veynaldum va vinger Depaydan ham muhimroq. Yosh futbolchining o‘yini qovushsa, Niderlandiya istalgan raqibdan kuchli bo‘la oladi.

Yevro-2020 – sardor Veynaldum uchun «Liverpul»dagi muvaffaqiyatsiz mavsumni unutish uchun imkoniyat. «PSJ» bilan shartnoma imzolashga yaqin turgan yarimhimoyachi maydondagi murabbiyga aylana olishi kerak. Niderlandiyada birdaniga «oltin avlod» chiqib qolishini ko‘rganmiz. Milliy jamoadagi o‘rin kafolatlanmangan. Shu sababli 30 yoshli Jorjino hozirgi mavqeyidan va yirik turnirdan unumli foydalanishi, milliy jamoa tarixida o‘z nomini qoldirishga urinishi kerak.

 «Barselona» va «Yuventus» e'tiborida turgan Memfis Depay ajoyib driblinglari, chiroyli gollari orqali chempionatni bezashi kutilmoqda. Uning kayfiyati jamoa o‘yinini belgilab beradi.

Tarkib
Niderlandiya tarkibini bir tekis deb bo‘lmaydi. Himoya va yarimhimoya qanotlarida tanish nomlar kam.

Sillessen Yevroni o‘tkazib yuborishi ma'lum bo‘lgach, Krul asosiy darvozabonga aylandi. Bo‘ydor posbon mavsum yakunlariga ko‘ra «Norvich» bilan APLga qaytdi. Uning penaltilar qaytarishdagi mahoratini JCh-2014 va Premer-ligadagi o‘yinlar orqali yaxshi bilasiz. Himoyada de Vrey va de Ligt mustahkam qo‘rg‘on tashkil etishadi, ammo qanot himoyachilarini u qadar ishonchli deb bo‘lmaydi. Tayanch yarimhimoyasida o‘tgan mavsumni ajoyib o‘tkazgan Frenki de Yong va de Ron o‘rin oladi. Veynaldum esa «Liverpul»dagidan farqli o‘laroq milliy jamoada hujum ortida harakat qiladi. Goh qanotda, goh markaziy hujumda paydo bo‘ladigan Depay «Barsa»ga o‘tishini tezlashtirish uchun Yevroni «portlatishi» kerak. Shuningdek, hujumda bosh bilan yaxshi o‘ynay oladigan Lyuk de Yong bor.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Krul – de Ligt, Dyumfris, de Vrey, Veyndal – Frenki de Yong, Veynaldum – Depay, Klassen, Berghays – Lyuk de Yong.

Niderlandiya: Yevro-2020 uchun prognoz

Niderlandiya turnir g‘olibligiga da'vogarlar qatorida emas. Murabbiy va tarkib top darajada emas. Qizil lolalar yurti jamoasi guruhdan peshqadam bo‘lib chiqishsa, chorakfinalgacha borishlari mumkin. 2-o‘rin bilan nimchorakfinalga yo‘l olish jamoaga 1/8 finaldayoq grand raqib ro‘baru bo‘ladi. Hozirgi Niderlandiya uchun chorak yoki yarimfinal ham yaxshi natija sifatida qabul qilinadi. Undan ortig‘iga erishish uchun esa bir bosh baland sakrash kerak. 

UKRAINA

  • FIFA reytingidagi o‘rni – 24
  • Yevro-2020ga yo‘l – 6 g‘alaba, 2 durang, to‘plar nisbati – 17:4
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar – Roman Yaremchuk (4)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi – guruh bosqichi (2012, 2016)

Ukraina bosh murabbiyi

Andrey Shevchenko – potensiali yuqori baholanayotgan murabbiylardan biri. Bu turnir afsonaviy futbolchining murabbiylik faoliyatida burilish yasashi mumkin. «Sheva» tartibli futbolni ma'qul ko‘radi va raqibga qarab kerakli taktika qo‘llay oladi. Buni u Ispaniya, Fransiya kabi top jamoalarga bahsda ko‘rsatdi. Eng muhimi, futbolchilar murabbiyga ishonishadi. Musobaqa Andreyga top-5 ligadagi klublarga yo‘l ochishi mumkin. Unga futbolchilik faoliyatidagi yulduzli onlarini o‘tkazgan «Milan»dan chorlovlar bo‘layotgani ko‘p bor aytildi.

Shevchenko davrida Ukrainaning natijalari ancha barqarorlashdi. Jamoa saralashda Portugaliyani ortda qoldirgan holda guruhda 1-o‘rinni egalladi va biror o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi.  

Asosiy yulduzlar
Ukrainaning yutuqlari siri – jamoaviy o‘yinda. Shunga qaramay, tarkibda Zinchenko, Malinovskiy, Yarmolenko kabi jahon futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan futbolchilar bor. E'tiborlisi, ularda bir o‘xshashlik bor – barchasi chapaqay.

Zinchenko «Manchester Siti»da mavsumning ikkinchi qismini yuqori darajada o‘tkazdi. Mavsum yakunidagi muhim o‘yinlarda Kanselu va Mendini zaxiraga o‘tqazib qo‘ydi. Sasha Ukrainaning boshqa o‘yinchilaridan farqli tarzda milliy jamoaga alamzada bo‘lib keldi. U YeChL finalida «Chelsi»dan (0:1) uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng eng ko‘p yig‘lagan futbolchilardan biri bo‘ldi. Universal futbolchi Yevroda sportchilarga xos g‘azabni ko‘rsatsa, ajabmas.

«Atalanta»da so‘nggi uch oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Malinovskiy kuchli zarbalari bilan Ukrainaga muhim ochkolarni keltirishi kutilmoqda. Ruslan hozir o‘zining «pik» formasida. Hatto unga «Inter» va «Milan» kabi grandlar qiziqmoqda. Yevroda uni kuzatuvchi klublar yetarli.

«Vest Hem» yaxshi mavsum o‘tkazgan bo‘lsa-da, Yarmolenko borasida bu fikrni aytib bo‘lmaydi. Iste'dodli futbolchi APLda asosan zaxiradan maydonga tushdi. Uning London klubidagi kelajagi so‘roq ostida. Texnikasi yuqori yarimhimoyachi «Vest Hem»ga kerak ekanligini isbotlashga urinib ko‘radi. 

Ukrainaning asosiy yulduzlari qatorida hujum chizig‘idagi Yaremchukni ham alohida ta'kidlash joiz. 25 yoshli forvard Ukrainaning saralashdagi eng yaxshi to‘purari bo‘lishdan tashqari, o‘tgan mavsumda «Gent» safida 34ta bahsda 20ta gol urdi.  

Tarkib
Ukraina tarkibida Sobolni inobatga olmaganda, darvoza va himoya chizig‘ini milliy chempionat vakillari tashkil etishadi. Darvozada tajribali Pyatovdan tashqari, Bushan va Trubin bor. Himoyada odatda «Dinamo» K va «Shaxtyor»ning ikki nafardan futbolchisiga ishonch bildiriladi. Tayanch yarimhimoyasida Makarenko yoki Shaparenko maydonga tushsa, Zinchenko va Malinovskiy hujum ortida o‘ynab, jamoa gollariga assistentlik qilishadi. Qanotlarda Yarmolenko, Marlos va Zubkovni ko‘rish mumkin. Markaziy hujumni Yaremchuk o‘ziniki qilib olgan.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Bushan – Karavayev, Krivsov, Matviyenko, Mikolenko – Makarenko, Zinchenko, Malinovskiy – Zubkov, Yarmolenko, Yaremchuk.

Ukraina: Yevro-2020 uchun prognoz

Ukraina Yevropa chempionatida guruhdan chiqa olmagan. Bu gal esa afsonaviy futbolchisi bilan natijasini yaxshilashga yaqin. Bunga jamoaning salohiyati yetarli. Ukraina dastlabki o‘yinda Amsterdamda mezbon Niderlandiyaga qarshi to‘qnash keladi. Jamoa bu bahsda durangga erishsa, hatto guruh g‘olibligiga ham da'vogarlik qila oladi.    

AVSTRIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni – 23
  • Yevro-2020ga yo‘l – 6 g‘alaba, 1 durang, 3 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati – 19:9
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar – Marko Arnautovich (6 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi – guruh bosqichi (2008, 2016)

Avstriya bosh murabbiyi

Futbolchilik davrida, 1990-yillarda Germaniya terma jamoasida ikki o‘yin o‘tkazgan Franko Fodaning murabbiylik faoliyati muvaffaqiyatliroq chiqdi. U uzoq vaqt davomida «Shturm» klubini boshqargan va bu klub bilan Avstriya chempioni, Avstriya Kubogi sohibi bo‘lgan. 2018 yil boshidan beri Avstriyani boshqarmoqda. Qit'a chempionatiga yo‘llanma germaniyalik mutaxassis uchun murabbiylik faoliyatidagi eng yaxshi natijadir. Foda raqibga qarab taktika tanlaydi, zamonaviy nemis futbolida qo‘llanayotgan uslublardan foydalanadi. U Avstriyani «boshqotirma» jamoaga aylantirgan. Murabbiy tarkibdagi futbolchilarning universalligidan foydalanib, bahs davomida ham taktik o‘zgartishlarni amalga oshiradi, bu esa raqiblarga murakkablikni keltirib chiqaradi. 

Avstriyaning katta turnirlarda maqtanadigan natijasi yo‘q – Yevropa chempionatlarida guruh bosqichidan nariga o‘ta olmagan. Fodadan jamoaga g‘oliblik xarakterini singdirish talab etiladi.

Asosiy yulduzlar
Jamoaning asosiy yulduzlari sifatida «Leypsig» sardori Marsel Zabitser, «Bavariya»da 10 yil o‘ynab, yaqinda «Real»ga ko‘chib o‘tgan universal futbolchi David Alaba, «Hoffenhaym» yarimhimoyachisi Baumgartner va Chin yurtida o‘ynayotgan tajribali Marko Arnautovichni aytish mumkin. Ayniqsa, jamoa o‘yini qanot himoyachisi, markaziy himoyachi, tayanch yarimhimoyachisi va qanot hujumchisi pozitsiyalarida o‘ynay oladigan Alabaga ko‘p darajada bog‘liq. Tarkibda Alaba bor bo‘lgan va tarkibda Alaba yo‘q bo‘lgan Avstriya ikki xil jamoadir. Zabitser ham raqibga qarab turli pozitsiyalarda o‘ynab, jamoaga foyda keltira oladi.

Tarkib
Qaydnomadan o‘rin olgan 26 futbolchining 22 nafari Bundesligada harakat qiladi. Himoyaga Hinteregger, Dragovich, Layner kabi tajribali futbolchilar javob berishadi. Yarimhimoya markazida Grillich, Ilzanker, Baumgartlinger, Shlager kabi teng kuchli futbolchilar jamlangan, shu sabab Foda bu chiziqda tez-tez o‘zgarishlar qilib turadi. Qanotlardan Laymer, Lazaro va Baumgartner hujumlar uyushtirishadi. Alaba himoya va yarimhimoyada, Zabitser esa yarimhimoya va hujumda o‘ynay oladi. Markaziy forvard pozitsiyasidagi «Zlatannamo» Arnautovich kuchli zarbalari bilan raqib posbonlarini bezovta qiladi.   

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Bahmann – Layner, Hinteregger, Dragovich, Ulmer – Shlager, Grillich – Baumgartner, Zabitser, Alaba – Arnautovich.  

Avstriya: Yevro-2020 uchun prognoz
Yevropa chempionatida ikki bor qatnashgan Avstriya hozirgacha guruhdan chiqa olmagan. Ammo bu safar juda yaxshi imkoniyat mavjud. Foda jamoasi uchun so‘nggi turdagi Shevchenko shogirdlariga qarshi bahs hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki aynan Ukraina Avstriyaning 2-o‘rin uchun kurashdagi asosiy raqobatchisidir. Avstriya Niderlandiya va Ukrainaga yutqazgan taqdirda ham, Shimoliy Makedoniyani yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratib, eng yaxshi 3-o‘rin egalari qatorida 1/8 finalga yo‘l olishi mumkin.

ShIMOLIY MAKeDONIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni – 62
  • Yevro-2020ga yo‘l – 4 g‘alaba, 2 durang, 4 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati – 12:13. Pley-offda Kosovo (2:1) va Gruziya (1:0) mag‘lub etilgan.
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar – Elif Elmas (4 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi – debyut

Shimoliy Makedoniya bosh murabbiyi

Igor Angelovski hatto Makedoniya miqyosida ham ko‘zga ko‘rinarli futbolchi bo‘lmagan. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach «Rabotnichki»da sport direktori sifatida ish boshlagan, keyinroq klub bosh murabbiyi bo‘lib, ilk mavsumidayoq jamoa bilan chempionat g‘olibi va kubok sohibiga aylangan. 2015 yili Lyubinko Drulovichdan bosh murabbiylikni qabul qilib olgan Igor Angelovski Makedoniyani tarixda ilk bor Yevropa chempionatining final bosqichiga olib chiqdi. Jamoa saralashda 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, pley-off orqali Yevroga yo‘l oldi. Ertak ertakdek bo‘ldi – pley-offda g‘alaba to‘pini milliy jamoa safida ham katta musobaqada o‘ynashga munosib «qariya» Pandev kiritdi.

Angelovski zamonaviy futbolda natija keltirayotgan sxemani – 3-5-2da (yoki 5-3-2) afzal ko‘radi. Jamoa shu taktika bilan JCh-2022 saralashi doirasida safarda Germaniyani mag‘lub etdi va yaxshigina shovqin ko‘tarishga erishdi. Yevro-2020da Makedoniyaning yo‘qotadigan narsasi yo‘q. Jamoa asosiy qahramonlikni ko‘rsatib bo‘ldi. Buyog‘i ishtahaga bog‘liq. 

Asosiy yulduzlar

Tarkibga nazar tashlaganda, 4 futbolchi e'tiborni tortadi: 2010 yilda «Inter» bilan YeChLda g‘olib bo‘lgan, hozirda «Jyenoa»da faoliyat yuritayotgan Goran Pandev (u 2013 yilda termadagi faoliyatini yakunlagandi, ammo uch yil o‘tib Angelovski uni qaytishga ko‘ndiradi), Makedoniya kelajagi deb aytilayotgan «Napoli» havbeki Elmas, «Lids»da Marselo Belsa qo‘l ostida tanilgan chap qanot himoyachisi Alioski va «Levante» yarimhimoyachisi Bardi.  

Musobaqa, ayniqsa, 1 oydan keyin 38 yoshga to‘ladigan Pandev uchun muhim. Chunki Goran faoliyatidagi so‘nggi eng yirik turnirini o‘tkazadi.

Tarkib
Tarkib futbolchilarning umumiy narxi jihatidan 24 jamoa orasida 23-o‘rinda turadi. Top-5 ligada to‘p tepadigan o‘yinchilar soni esa atigi 5 nafar.

Darvozani Segunda vakili «Rayo Valekano» posboni Dimitriyevski qo‘riqlaydi. Himoyada Ristovski va Alioski, yarimhimoyada Ademi, Bardi jamoaning asosiy futbolchilaridandir. Elmas pleymeyker vazifasini bajarib, hujumchilarni birga-bir vaziyatlarga chiqaradi va imkon bo‘lishi bilan uzoqdan ham zarbalar yo‘llay oladi. Qanotlardan uyushtiriladigan hujumlarda Bardi muhim rol o‘ynaydi. Yakun esa Pandev va Traykovskiga bog‘liq.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Dimitriyevski – Ristovski, Velkoski, Musliu – Alioski, Ademi, Bardi, Nikolov, S.Ristovski – Elmas, Pandev.

Shimoliy Makedoniya: Yevro-2020 uchun prognoz
Shimoliy Makedoniya – nafaqat guruhning, balki turnirning yaqqol autsayderi. Jamoa uchun guruhda qolib ketish fojia emas. Bolqonliklar debyutda tarixiy golni urishga, ilk ochkosini olishga urinib ko‘radi. Jamoa Germaniyani mag‘lubiyatga uchrata olgani va himoyaviy taktikada o‘ynashini hisobga olsak, qaysidir bahsda sensatsiya qayd etishi ham mumkin.

Yevro-2020: C guruhi taqvimi

13 iyun
21:00. Avstriya – Shimoliy Makedoniya (Buxarest)
00:00. Niderlandiya – Ukraina (Amsterdam)

17 iyun
18:00. Ukraina – Shimoliy Makedoniya (Buxarest)
00:00. Niderlandiya – Avstriya (Amsterdam)

21 iyun
21:00. Shimoliy Makedoniya – Niderlandiya (Amsterdam)
21:00. Ukraina – Avstriya (Buxarest)

Mavzuga oid