O‘zbekiston | 07:40 / 10.06.2021
2253
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida ichimlik suvi ta'minotidagi uzilishlar davom etmoqda

Navbahor tumanidagi ayrim mahallalarda ichimlik suvi ta'minoti to‘xtab qolgan, aholiga obi hayot grafik asosida, texnika yordamida tashib berilayotgan edi. Viloyatning Karmana tumanida ham ichimlik suvi ta'minotida to‘xtalishlar yuzaga kela boshladi. Holat yuzasidan «Navoiy suv ta'minoti» MChJ rasmiy bayonot berdi

Ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Damxo‘ja suv ta'minoti» MChJga qarashli inshootlarda suv bosimi pastligi, yog‘ingarchiliklar yo‘qligi hamda suv oqimining kamligi sababli zaxiradagi uzatiladigan suv ta'minoti sathi (debiti) pastlashib ketgani hududlarda jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Ta'kidlanishicha, aholini ichimlik suvi bilan markazlashgan holda ta'minlash maqsadida Karmana tumanidagi 20 ta mahallaga suv uzatish soatbay tartibda amalga oshiriladi.

  • Jumladan, ichimlik suvi Do‘rman, Azamat, Xonchorbog‘, Ayronchi, Uyrot, Yangiariq, Talqoq, Paxtaobod, Kamolot, Navro‘z, Varq, Arabxona, Allon, Nurafshon, Gulobod, Kalovot, Qo‘hna Qurg‘on, Do‘stlik mahallalarida soat 16:00dan 8:00 gacha; 
  • Sardoba mahallasida soat 6:00dan 9:00gacha, 12:00dan 14:00gacha hamda 18:00dan 21:00gacha;  
  • Malik mahallasining ayrim hududlariga soat 6:00dan 9:00gacha yetkazib beriladi. 

Ushbu soatbay tartib suv inshootlarida bosim ko‘tarilgunga qadar amalga oshiriladi.

Mavzuga oid