O‘zbekiston | 14:45 / 10.06.2021
11091
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiariq tumani hokimi o‘rinbosari tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Husinboy Madaminov loyihaga kiritilmagan holda uyidagi issiqxonani rezina shlang orqali gaz tarmog‘iga ulab olgan. Kun.uz muxbiriga ko‘ra, holat yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilib, tabiiy gaz uchun qo‘shimcha 7,1 mln so‘m hisoblangan.

Illyustrativ foto

Xorazm viloyati Yangiariq tumani hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Husinboy Madaminovning xonadoni 2020 yil 25 noyabr kuni «Hududgaz Xorazm» xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, hokim o‘rinbosarining uyida loyiha hujjatlarida ko‘zda tutilmagan holda, limon yetishtirilayotgan issiqxonaning isitish qozoni rezina shlang orqali gaz tarmog‘iga ulab olingani aniqlangan.

Holat yuzasidan tabiiy gazni qayta hisob-kitob qilish to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan va qo‘shimcha 7,1 mln so‘m hisoblangan.

Xusinboy Madaminov Kun.uz bilan suhbatda shunday holat bo‘lganini tasdiqladi.

«Ha, bu holat yuz bergani rost. Limon yetishtiradigan issiqxonaga loyihadan tashqari ulanganim aniqlangan. Aslida buning uchun alohida hisoblagich o‘rnatilishi shart ekan. 7 mln so‘mdan ortiq qo‘shimcha mablag‘ hisoblandi. Uning bir qismini to‘ladim, to‘lanmagan qismi oz qoldi. Issiqxonadan hozir foydalanmay qo‘yganman», – deydi u.

Mavzuga oid