Sport | 16:11 / 11.06.2021
6601
9 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020 oldidan: APL tarixidagi eng omadsiz murabbiy boshqarayotgan Niderlandiya turnirga qay daraja tayyor?

Niderlandiyaga navbat yetib keldi. G‘oliblik uchun asosiy favoritlar qatorida tilga olinmayotgan jamoadan nimalar kutish mumkin?

Yevropa chempionati bir yilga qoldirilgach, Niderlandiya bundan xursand edi. Chunki turnir o‘z vaqtida o‘tkazilganda, tizzasidan jarohat olgan Memfis Depayning ishtiroki so‘roq ostida qolardi. Ammo quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Yangi mavsum boshida sardor Virjil van Deyk Mersisayd derbisida xochsimon paylaridan jiddiy jarohat oldi va himoyachi mavsum so‘ngigacha safdan chiqib, yakunda milliy jamoa qaydnomasiga kiritilmadi.

Yana bir himoyachi Deyli Blind esa to‘pig‘idan olgan jarohati bilan turnirga keldi. Bundan tashqari, niderlandiyaliklarni 2014 yilgi mundialdan so‘ng ilk bor yirik turnirga olib chiqqan bosh murabbiy Ronald Kuman lavozimini tark etib, «Barselona»ga yo‘l oldi.

Kumanning o‘rnini egallagan Frank de Bur milliy jamoa bosh murabbiyligiga munosibligini isbotlash uchun juda ko‘p ish qilishi kerak. Kuman «apelsinranglilar»ni tark etish arafasida Niderlandiya Yevro-2020 favoritlari qatoriga kirmasligini aytgandi. De Bur ham uning fikriga qo‘shilib: «Biz to‘rtinchi va sakkizinchi o‘rinlar orasidamiz, ammo yarimfinalga chiqishga qodirmiz. Va albatta turnirda g‘olib chiqishni xohlaymiz», dedi.

Niderlandiya milliy jamoasining chiziqlardagi yetakchilariga e'tibor qaratamiz.

Darvoza: Tim Krul

«Norvich» darvozaboni milliy jamoa safida yirik musobaqaga ilk bor asosiy darvozabon sifatida kelmoqda. Krul klubi bilan APLga qaytdi. U o‘tgan mavsumda Chempionshipda 36ta o‘yinda maydonga tushib, «kichik APL»dagi g‘oliblikka katta hissa qo‘shdi.

Ayni vaqtda Krulga milliy jamoada raqobatchi yo‘q. «Qariya» Marten Stekelenburg bilan AZ posboni Marko Bizot asosiy tarkibga mos emas. Tim bilan raqobat qilishi kerak bo‘lgan Yasper Sillessen turnir arafasida koronavirusga chalindi va qaydnomadan tushib qoldi.

Krulning ustun jihatlari – bo‘ydorligi va penaltilar seriyasidagi topqirligi. Uning 2014 yilgi jahon chempionati chorakfinalida Kosta-Rika bilan o‘yinda 120-daqiqada zaxiradan tushib, penaltilar seriyasida jamoasiga g‘alaba keltirganini yaxshi eslaysiz. Shuningdek, u 2019/20 yilgi mavsumda «MYu» bilan bahsda ikki bor 11 metrlik jarima zarbasini qaytarib, Premer-liga tarixidan o‘rin olgandi.  

Himoya: Stefan de Vrey

«Inter» A Seriyada «Yuventus»ning 9 yillik gegemonligiga barham berishida de Vreyning o‘rni katta. Himoyachi 32ta bahsda maydonga tushib, 1ta gol urdi. «Neradzurri» himoyasi 38ta bahsda 35ta gol o‘tkazib yubordi. Bu – chempionatdagi eng yaxshi natija.

De Vrey van Deyksiz qolgan Niderlandiyaga tajribasi bilan asqatishi, shubhasiz. Stefan JCh-2014da qatnashib, turnir kashfiyotlaridan biriga aylangandi. U mundialdan so‘ng A Seriyaga yo‘l oldi. Dastlab «Latsio»da yetakchilardan biriga aylandi, keyinchalik «Inter»ga o‘tib yanada o‘sishga erishdi. 29 yoshli futbolchi «Yuventus» himoyachisi de Ligt bilan himoyani «betonlashtirib» tashlashi, shuningdek, zaifroq qanot himoyachilarining xatolarini to‘g‘rilashi kerak bo‘ladi.

Yarimhimoya: Frenki de Yong

Yarimhimoyada jamoa sardori Jorjino Veynaldum ham harakat qilsa-da, maydonda katta hajmdagi ishni Frenki de Yong bajaradi. «Barselona» yarimhimoyachisi o‘tgan mavsumda yanada o‘sishga muvaffaq bo‘ldi. U Kuman qo‘l ostida «zanjirlar»dan xalos bo‘ldi va turli pozitsiyalarda, jumladan, himoyada ham o‘ynay olishini ko‘rsatdi. Taqqoslash uchun, de Yong yakunlangan mavsumda kataloniyaliklar safida Messidan ko‘proq o‘yin o‘tkazdi, sariq kartochkalar soni tufayli faqat bir bahsda maydonga tushmadi.

De Yongni Niderlandiyada yaxshi ko‘rishadi va buning bir qancha sabablari bor: uning familiyasi, tabassumi va eng muhimi – o‘yini. Sharhlovchilar boshqa o‘yinchilarni familiyasi bilan chaqirishsa, uni shunchaki Frenki deb atashadi. U qaysidir ma'noda afsonaviy Yoxan Kroyfga o‘xshaydi – dirblingi bor, nostandart qarorlar qabul qiladi, ishonib bo‘lmaydigan ishlarni bajaradi.

Frenki ham hujumlar tashkil etishda, ham raqib hujumlarini buzishda birdek faol harakat qiladi. Uning o‘yini qovushsa, Niderlandiya xavfli raqibga aylanadi. U raqibning kamida ikki o‘yinchisini chalg‘itib, Depay va Veynaldumni bo‘sh hududlarga chiqarib, jamoaga ijobiy natijalarni keltirishi mumkin.

Hujum: Memfis Depay

Niderlandiya 3-5-2 yoki 4-2-3-1 sxemalarining qay birida o‘ynashidan qat'i nazar Depay asosiy tarkibdan o‘rin oladi va deyarli har bir bahsda maydonni golsiz tark etmaydi. Niderlandiyaning hujumdagi samaradorligi «Barselona» va «Yuventus»dan birini tanlashga ikkilanib turgan futbolchiga bog‘liq.

«Lion» a'zosi o‘tgan mavsumda Fransiya chempionatida 37ta o‘yinda maydonga tushib, 20ta to‘p kiritdi va 12ta golga assistentlik qildi. Bu – uning faoliyatidagi eng yaxshi mavsumi.

So‘nggi yillarda Depayning pozitsiyasi o‘zgardi. U endi avvalgidek faqat vinger emas – klubda ham, milliy jamoa safida ham markaziy hujumga yaqin harakat qilmoqda.

Murabbiy va uning taktikasi

Frank de Burga ham futbolchi, ham murabbiy sifatida Niderlandiyadagi Yevropa chempionatida qatnashish nasib qilmoqda. U Niderlandiya mezbonligidagi Yevro-2000da mamlakat tarixidagi eng kuchli jamoalardan birining sardori bo‘lgan va guruhda Fransiya darvozasiga jarimadan supergol urgan, ammo yarimfinalda Italiyaga qarshi o‘yinda 2 marta penaltidan foydalana olmagandi. Endi de Bur murabbiy sifatida Yevro-2020da guruh o‘yinlarini uyda – Amsterdamda o‘tkazadi.

De Bur murabbiylik faoliyatida faqat «Ayaks» bilan muvaffaqiyatlarga erishdi. Top-5 ligalarda «Inter» va «Kristal Pelas»da ishlab, qoniqarsiz natijalar tufayli tezda iste'foga chiqarildi. U London klubi bilan 3 yillik shartnoma tuzib, atigi 77 kun ishladi. Hatto Joze Mourino uni «Premer-liga tarixidagi eng yomon murabbiy» deb atadi. De Bur esa shunday javob berdi: «Joze shunday deyishga haqli, chunki bu haqiqatan juda yomon edi. Ammo qachondir ushbu omadsizlik evaziga sovrinlar qo‘lga kiritishimga ishonaman».

Keyinchalik murabbiy AQShda ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. U yerda mahalliy muxlislarni haqoratlab, so‘ng ulardan kechirim so‘radi. Yevro-2020 – de Bur uchun faoliyatini o‘zgartirish va qanday murabbiyligini isbotlash uchun imkoniyat.

Jamoa 4-2-3-1 sxemasida o‘ynab kelayotgandi, ammo so‘nggi o‘rtoqlik bahslarida de Bur 3-5-2dan foydalandi. Bu sxema Niderlandiya uchun begona emas. Jamoa 2014 yilgi mundialda shu taktikani qo‘llab, yakunda 3-o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Shuningdek, tarkibdagi de Vrey, de Ligt, de Yong, Depay, de Ron kabi yetakchilar o‘z klublarida shu sxemada o‘ynashadi.

Raqamlar

Niderlandiya saralash bosqichida Germaniya bilan bir guruhdan o‘rin oldi va 6 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etib, 2-o‘rin bilan Yevroning final bosqichiga yo‘l oldi. Yagona mag‘lubiyat Germaniyadan qabul qilib olingan. Jamoa 24ta gol urib, o‘z darvozasidan 7ta to‘p olib chiqqan.

Niderlandiya rasmiy musobaqalardagi so‘nggi 10 o‘yinda turli natijalar qayd etdi: 6 g‘alaba, 2 durang, 2 mag‘lubiyat. Italiya va Turkiyadan uchralgan mag‘lubiyatlar jamoaga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi.

Niderlandiya Yevroda C guruhida Ukraina, Avstriya va Shimoliy Makedoniya bilan bir guruhdan o‘rin olgan. De Bur shogirdlariga guruh bosqichidagi barcha bahslarni Amsterdamda o‘tkazishlari ustunlik beradi, ammo pley-offda top jamoalarga qarshi to‘qnashuvlarda imkoniyatlar kamayadi. Niderlandiya XXI asrda Yevrolarda emas, jahon chempionatlarida yaxshi qatnashmoqda. Ko‘ramiz, balki, bu gal an'ana buzilar.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid