Sport | 22:24 / 14.06.2021
50670
4 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020: Shik turnirning eng chiroyli golini urdi

Chexiyalik Patrik Shik Yevropa chempionatlarida yangi rekord o‘rnatdi.

Yevro-2020. D guruhi
Shotlandiya — Chexiya — 0:2
(0:1)
Gollar: Shik, 42 (0:1). Shik, 52 (0:2).
Shotlandiya: Marshall, Kuper, Xenli, Roberson, Xendri (Freyzer, 67), O`Donnel (Forrest, 79), Armstrong (Makgregor, 67), Makginn, Kristi (Adams, 46), Maktominay, Dayks (Nisbet, 79).
Chexiya: Vatslik, Chelustka, Kalas, Tsoufal, Borjil, Darida (Shevchik, 87), Yankto (Vidra, 72), Masopust (Xlojyek, 72), Souchek, Kral (Xolesh, 67), Shik (Krmenchik, 87).
Hakamlar: Zibert. Zaydel, Foltin (barchasi — Germaniya).
VAR: Frits. Gittelmann, Dingert (barchasi — Germaniya), Ernandes-Ernandes (Ispaniya).
14 iyun. Glazgo. «Hempden Park» stadioni.

Chexiya Yevro-2020 guruh bosqichi 1-turida Shotlandiyani Patrik Shikning dubli evaziga mag‘lub etdi — 2:0.

«Bayyer» hujumchisining birinchi goli oddiy chiqdi: birinchi bo‘lim oxirida o‘ng qanotdan uzatilgan to‘pni Shik boshi bilan darvozaning uzoq burchagiga yo‘naltirdi.

Ikkinchi gol — bunday darajadagi bahs uchun shunchaki fantastika edi. Shotlandlar hujum uyushtirayotgan vaqtda Jyek Hendrining zarbasi himoyachilardan qaytdi, 25 yoshli forvard esa uni o‘ziga bo‘ysundirish va oldinroqqa olib borishga vaqt sarflamasdan, shunchaki maydon markazida turgan holda darvozani ishg‘ol qilishga qaror qildi. U shotlandlar darvozaboni Devid Marshall oldinroqqa chiqib ketganini payqab, to‘pni yuqorilatib tepdi. Darvozabon ortga chopdi, ammo jamoani goldan saqlab qolishga ulgurmadi.

Aftidan, Yevro-2020ning eng chiroyli goli mavzusi yopildi. Bundan zo‘rroq gol urish juda qiyin bo‘ladi.

Yevropa chempionatlarida bunday masofadan hali hech kim gol urmagan. Shik to‘pni darvozaga 45,44 metrdan turib kiritdi — bu Yevro uchun rekord hisoblanadi. Bunga qadar rekord ko‘rsatkich germaniyalik Torsten Fringsga tegishli edi (35,3 metr), shuningdek, 1996 yilgi turnirda Chexiya darvozasiga  31,27 metrdan gol urgan Vladimir Beschastnix kuchli uchlikni to‘ldiradi.

Shik «Bayyer»dagi debyut mavsumini o‘tkazdi va birinchi yildayoq Bundesliganing 29 uchrashuvida 9 gol urishga erishdi. 2017-20 yillarda «Roma» a'zosi bo‘lgan futbolchi 2019-20 yillar mavsumida ijara asosida «Leypsig»da o‘ynagan, 2020 yil yozida «Bayyer» tomonidan transfer qilingan. Italiyada uning o‘yini o‘xshamagandi, forvard ikki mavsumda jami 8 gol urgan va ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Tanqidlar faqatgina o‘yini uchun emasdi.

Rimdagi muxlislar uning 2017 yilda top-klubda o‘ynash va ko‘p maosh olishni istashi haqida aytgan gaplarini qabul qila olishmagandi: «Yaqin yillarda menga yanada kattaroq maosh to‘laydigan top-klubga o‘tishga umid qilaman. Bu motivatsiya hamisha menga yordam beradi. Men «Roma»dan kuchsizroq bo‘lgan klubga ketaman deb o‘ylamayman, men borishni istaydigan klublar — bu «Real», «Barselona», «Manchester Yunayted».

Germaniyada Shikning ishi yurishib ketdi — ikki mavsumda jami 23 gol. O‘tgan yozda ushbu chexiyalik Angliya haqida orzu qilayotganini aytgandi, ammo uni «Bayyer» safiga qo‘shib oldi. Balki Shotlandiyaga qarshi performansdan keyin Shikning orzulari ushalar.

Mavzuga oid