O‘zbekiston | 18:25 / 15.06.2021
3486
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda telekommunikatsiya tarmog‘idan noqonuniy foydalangan uch nafar talabaga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Buxoroda telekommunikatsiya tarmog‘idan noqonuniy foydalangan uch nafar talabaga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining hamkorlikdagi tadbiri davomida, Buxoro tibbiyot instituti talabasi G‘ijduvon tumani Yangiobod mahallasida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan N.N., mahalladoshi, Buxoro davlat universiteti talabasi, 2001 yilda tug‘ilgan A.E. va uning kursdoshi G‘ijduvon tumani Dilkusho mahallasida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan H.F.lar ushlangan.

Qayd etilishicha, ular oldindan jinoiy til biriktirib, noqonuniy daromad olish maqsadida vaqtincha yashab kelgan Buxoro shahar Piridastgir ko‘chasidagi ijara uyda o‘zlariga tegishli bo‘lgan «Redmi 6A», «Redmi Note 9», «Samsung A11» rusumli uyali telefonlar xotirasiga «SimCash» dasturini o‘rnatgan. So‘ng, xalqaro trafikni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish jinoyatini sodir etgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan N.N., A.E. va H.F. larga nisbatan Jinoyat kodeksining 278⁷-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid