Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Ijtimoiy faol bo‘lish bizda negadir qo‘llab-quvvatlanmaydi» - huquqiy savodxonlik haqida mutaxassis bilan suhbat
«Adolat» milliy huquqiy axborot markazi direktori Furqat Tojiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida aholining huquqiy savodxonligi, mansabdorlarning huquqiy madaniyatini oshirish, bu boradagi muammolar haqida so‘z yuritdi.
– Sizningcha, bugun o‘zbek jamiyatida aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyati qay darajada? Fuqarolarimizning huquqiy savodxonligini 100 balldan necha ballga baholagan bo‘lardingiz?
– Aholining huquqiy savodxonligini baholashning o‘zi murakkab. Chunki jamiyatimiz turli qatlamlardan iborat. Masalan, oddiy aholi bor, shifokorlar, o‘qituvchilar va boshqa ziyoli qatlam bor. Biz aynan aholini emas, balki huquqni qo‘llaydiganlarning huquqiy madaniyat darajasiga alohida e'tibor qaratishimiz kerak. Xususan, mansabdor shaxslarning huquqiy bilimlarini baholash birlamchi ahamiyatga ega.
– Shu o‘rinda bir savol. Negadir huquqiy savodxonlik haqida gap ketganda nuqul aholi, odamlar tilga olinadi. Ammo, bizningcha, ko‘proq, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish kerakdek. Chunki so‘nggi paytlarda OAVda yoritilayotgan xabarlar aynan davlat xizmatchilarining bu boradagi saviyasi yetarli emasligi ustida ishlash zarurligini ko‘rsatmoqda. Siz bu borada qanday fikrdasiz?
– Davlat xizmatchilarining huquqiy madaniyatini, huquqiy savodxonligini yuksaltirish zarur va shart bo‘lgan masala hisoblanadi. Ta'bir joiz bo‘lsa, bu oldimizda turgan eng ustuvor masaladir. Bu borada minimal talablarni ishlab chiqqanmiz. O‘tgan yili aholining emas, aynan mansabdor shaxslarning, davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini baholash metodikasi ishlab chiqildi. Bundan maqsad shuki, mansabdor shaxs o‘zining sohasidagi huquqiy bilimlarni minimal darajada o‘zlashtira olishi kerak.
Deylik, qaysidir tumandagi davlat xizmatlari markazida ishlagan shaxs faoliyatiga oid yo‘riqnomalarni, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlarini, ijro nazoratiga oid qonun talablarini bilishi kerak, Bilmasa, kimningdir huquqini buzishni boshlaydi. Shundan kelib chiqib, aynan o‘sha mansabdor shaxslarning o‘zi faoliyatlari darajasini ozgina buzsa, bu uncha yaxshi natija emas. Chunki bu borada qilinadigan ancha ishlarimiz bor.
Mansabdor shaxsning huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligi vaqti-vaqti bilan tekshirib turilishi kerak, deb hisoblaymiz. Albatta, undan oliy ma'lumotli huquqshunoslar bilishi kerak bo‘lgan narsalar talab qilinmaydi. Sohasiga oid qonunchilikni, o‘zining majburiyatlarini, tizimga va faoliyatiga oid huquqiy normalarni o‘zlashtirgan bo‘lishi kifoya.
– Ayni paytda odamlarimizning huquqiy ongi, huquqiy bilimlarini yuksaltirish bo‘yicha Adliya vazirligi, xususan, siz rahbarlik qilayotgan markaz amalga oshirayotgan ishlardan qoniqasizmi?
– Bitta masalani inobatga olishimiz kerak. Huquqiy targ‘ibot Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri ekani rost, lekin vazirlikning bundan boshqa vazifalari ham ko‘p. To‘g‘ri, ayni paytda resurslarimiz cheklangan, hozirgi kunda eng optimal variantni tanlab, huquqiy savodxonlik va madaniyatni oshirish bo‘yicha ishlayapmiz.
Umuman, yaqin-yaqingacha televideniye targ‘ibotning eng yaxshi vositasi hisoblanardi. Lekin hozir odamlar TVni uncha kuzatmay qo‘yishdi. Shundan kelib chiqib, bu targ‘ibot usullarini ham o‘zgartirmoqdamiz.
Adliya vazirligi tomonidan qabul qilingan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi asosida so‘nggi yillarda ko‘p ish qilindi. Masalan, hozirgi kun bilan bundan 5 yil oldingi davrni oladigan bo‘lsak, odamlarning huquqiy bilimi, huquqiy madaniyati oshdi. Masalan, hozir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarni tahlil qilsak ham bunga amin bo‘lish mumkin. Deylik, bugun fuqarolarni kim so‘roq qilsa, uyiga kommunal to‘lovlarni undirish maqsadida borsa yoki yo‘lda ketayotganda YPX xodimi to‘xtatsa, ulardan o‘zini tanishtirishini, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishni so‘rayapti. Ko‘rsatmasa, qonundagi normalarni keltirib, xodimlardan zimmalaridagi majburiyatni bajarib qo‘yishni talab qilishmoqda.
Fuqarolarda huquqiy madaniyat oshyapti. Bunga davlat tashkilotlari tayyor turishi kerak, ya'ni bizda huquqini talab qilib kelgan odamga yaxshi muomalada bo‘lish kerak. Afsuski, bizda huquqini talab qiladigan, davlat idoralariga tez-tez ariza-shikoyat yozadiganlarni «yozg‘uvchi» deya ola qarash qilishadi.
– Shu haqida so‘ramoqchi edim. Qonuniy huquqini talab qilgani uchun malomatga qolayotganlar bor, yurtdoshlarimiz bundaylarga yovqarash qilishi bor gap. Bu qarashni o‘zgartirish uchun balki ijtimoiy ongni o‘zgartirish kerakdir...
– Bu huquqiy madaniyat bilan bog‘liq narsa emas. Bu ongimizda qachonlardir shakllangan qarash. Eng avvalo, shu tushunchani o‘zgartirishimiz kerak, nazarimda. Oddiygina misol, masalan, talabalikda kimlardir darsdan qochmoqchi bo‘lsa, kimdir bu fikrga qo‘shilmasa, uning sha'niga turli malomatlar yog‘ilardi. Biz fikr yuritayotgan holat ham shunga o‘xshash. Huquqini talab qilgan odamga har xil tamg‘alarni yopishtirish, uni malomat qilish noto‘g‘ri. Bu jamiyatning rivojlanishiga to‘g‘anoq bo‘luvchi narsalardan biri, deb o‘ylayman.
Fuqaroni «yozg‘uvchi»ga chiqarayotganlar ham shu jamiyatning o‘zi. Faqat davlat tashkilotlarida ishlaydiganlar emas, balki o‘sha odamning atrofidagilar — qarindosh-urug‘lari ham qo‘y, nimaga unday qilyapsan, deb koyishadi. Ya'ni ijtimoiy faol fuqaro bo‘lish bizda nimagadir qo‘llab-quvvatlanmaydi.
– Huquqiy targ‘ibot bilan bog‘liq muammolarni resurslar cheklangani bilan izohladingiz. Bu borada oyoq-qo‘lingizga tushov bo‘layotgan yana qanday muammolar bor?
– Qabul qilinayotgan hujjatlarning ko‘lami juda katta. Ularning mazmunini odamlarimizga yetkazib berishda resurslarimiz cheklangani asosiy muammolardan biridir. Odatda yangi hujjat qabul qilinganda, uni odamlarga sodda, tushunarli tilda anglatish uchun matnli yoki vizual kontent yaratamiz. Maxsus videorolik tayyorlaymiz, infografika yasaymiz, matn yozamiz va ularni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatamiz.
Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda shundog‘am bu narsani bilgan, o‘zi saytimizga kirib yangiliklarni o‘qiy oladigan odamlar bor, deb o‘ylayman. Biz qamrab olishimiz kerak bo‘lgan qatlam chetroqda, chekka-chekka qishloqlarimizdagi fuqarolarimizdir. Hududlarimizda internet sifati va tezligi muammo ekani hech kimga sir emas. Birinchidan, internetimiz qimmat, ikkinchidan, tezligiyam o‘ziga yarasha. Masalan, viloyatlarda xizmat safarida bo‘lganimda xodimlarimiz tomonidan tayyorlangan videomaterialni ko‘rib berishim kerak bo‘ladi, ayrim hududlarda arzimagan 15-20 megabaytli videoni yuklab olish mutlaqo imkonsiz. Bunday vaziyatda internet orqali o‘sha hududdagi odamlarga qonunchilikdagi yangiliklarni yetkazib berish haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Bizni qiynayotgan eng og‘riqli masalalardan biri — shu.
Prezidentimiz qarori bilan tumanlarda adliya bo‘limlari tashkil etildi. Ularning asosiy vazifalaridan biri huquqiy targ‘ibot. Biroq adliya bo‘limlarida sanoqli odam ishlaydi, tumanlarning aholisi esa ayrim joylarda 50, 60 yoki 100 mingni tashkil etadi. Birgina Urgut tumanida 500 ming kishi yashaydi. Ajratilgan xodimlar kvotasi bilan aholini huquqiy targ‘ibot bilan qamrab olish muammo bo‘lyapti. O‘ylaymanki, yirik auditoriyali ommaviy axborot vositalari qo‘llab-quvvatlansa, ishimiz keyingi pog‘onaga o‘tgan bo‘lardi.
– O‘ziga o‘zi huquqiy xizmat ko‘rsatish Legal Tech axborot tizimi joriy etilayotgani huquqiy targ‘ibot masalasida kutilayotgan yangiliklardan biri hisoblanadi. Ushbu tizim joriy etilgan taqdirda oddiy odamlarga nima beradi?
– Ushbu tizim allaqachon test rejimida joriy etilgan. Yurxizmat.uz sayti orqali tizimga bemalol kirish mumkin. Bitta misol keltiraman, hozir Toshkentda katta qurilishlar bo‘lyapti, uylar qurilyapti, odamlar ularni sotib olyapti. Bundan oldi-sotdi, bo‘lib-bo‘lib sotib olish bo‘yicha shartnomalarni olib o‘qib ko‘rsangiz, ularda faqatgina pudratchining manfaatlari inobatga olinganini ko‘rishingiz mumkin. Shartnomalarda iste'molchilar huquqlariga zid bo‘lgan, hatto ularni kamsituvchi bandlar kiritilganiga guvoh bo‘lganmiz.

Albatta, pudratchilar buni yomon niyatda qilishadi, deyishdan yiroqman. Ulardan bir-ikki nafaridan buning sababini so‘raganimizda qayerdandir tayyor shablonni olib, o‘shani moslab olishganini aytishdi. Lekin shartnomaviy-huquqiy munosabatlarda «do‘ppi tor kelganda» shartnomadagi bandlar ishga tushadi. Bizda esa shartnomalarni hamma o‘z bilganicha tuzib kelishgan. Shuning uchun ham turli tashkilotlarda ishlatiladigan shartnomalarni ko‘rsangiz, ularda qonunchilikka zid bandlar ko‘p uchraydi. O‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish tizimi – Legal Tech’da hozirgi kunda qo‘llanayotgan shartnomalar to‘liq tizimlashtirilib, tizimga joylandi.
Yana bir jihati tizimga shartnomalar shablon shaklida kiritilmagan. Yurxizmat.uz saytiga kirib, savollarga javob berganingizdan so‘ng talablaringizga mos hamda qonunchilikka to‘g‘ri keladigan shartnoma tayyor bo‘ladi. Undan fuqarolar ham, xususiy tashkilotlar ham, davlat tashkilotlari ham foydalansa bo‘ladi.
Bu tizimdan foydalanish to‘liq bepul. Bu yerda faqat shartnomalar emas, da'vo arizalarining namunalari ham bor. Masalan, sudga taqdim etiladigan da'vo arizasiga ehtiyojingiz bo‘lsa, tartib bo‘yicha savollarga ko‘ra javob berib chiqsangiz, tayyor arizaga ega bo‘lasiz. Yoki oddiygina pasport stoliga borsangiz, qandaydir hujjatlarni to‘ldirish uchun pulli xizmatlardan foydalanasiz. Buni ham ushbu dastur orqali bepul amalga oshirsangiz bo‘ladi.
– Xorijda, jumladan, AQShda huquqiy targ‘ibot, huquqiy savodxonlikni yuklashtirish bilan davlat organi emas, balki nodavlat tashkilotlar ko‘proq shug‘ullanishadi. Nima uchun O‘zbekistonda bu vazifa nodavlat sektorga berilmaydi? Qanday muammolar bor bu borada?
– Adliya vazirligi tomonidan «Huquqiy axborot» telegram kanali ishga tushirilganda, ayrimlar bu narsa nimaga kerak, deyishgandi. Lekin mana bugun ko‘ryapmizki, hamma tashkilotlarda shu kanal foydalanuvchilari bor. Savolingizga keladigan bo‘lsak, chindan ham xorijda jamoat tashkilotlari huquqiy targ‘ibot borasida juda faol.
Masalan, Buyuk Britaniya tajribasini oladigan bo‘lsak, bu mamlakatda bo‘lganimizda ular huquqiy targ‘ibotni pog‘onama-pog‘ona singdirib borishiga guvoh bo‘lganman. Deylik, bog‘cha va kichik maktab yoshidagi bolalarga yo‘ldan o‘tishda svetofor chiroqlariga amal qilish, yo‘lni faqat belgilangan joydan kesib o‘tish kerakligi singdiriladi. Ya'ni ular kichik-kichik maqsadlarni qo‘yishadi, keyin shu bo‘yicha tanlov e'lon qilishadi. Buni adliya yoki ichki ishlar organlari amalga oshirmaydi. Shunaqa dastur bor, mana bu vazifalarni bajarish kerak, buncha pul beriladi, deb grant e'lon qilingach, nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z g‘oyalarini taqdim etishadi. Eng ma'qul taklif egasi g‘olib deb topiladi va u dasturda ko‘zda tutilgan muddat yakunida qilgan ishlari bo‘yicha hisob beradi.
Biz ham qachondir bu bosqichga o‘tamiz. Hozir bizda shunaqa tashkilotlarning o‘zi bormi, degan savol tug‘iladi istalgan odamda. Xususan, «Madad» degan NTT bor, ushbu tashkilot bilan Adliya vazirligi o‘rtasida sheriklik haqida shartnoma tuzilgan, ya'ni o‘sha odamlarga bepul huquqiy maslahat berish bilan to‘liq shu tashkilot shug‘ullanadi. Ya'ni o‘zining E-MASLAHAT.UZ degan sayti orqali savol yuborasiz, ular bir daqiqa ichida javobini berishadi. Shuningdek, ushbu tashkilot butun O‘zbekiston bo‘ylab 60ta byuro ochdi. O‘shalarga borib bemalol bepul huquqiy maslahat olish mumkin.

Kerak bo‘lsa, ular sudgacha bo‘lgan ishlar bo‘yicha ham maslahatlar berishmoqda, fuqarolarga da'vo arizalarini to‘ldirib berishyapti. Lekin ular fuqaroning orqasidan sudma-sud yurmaydi. Faqat shungacha bo‘lgan ishlarda yordam beradi. Demoqchimanki, bu borada ham ishlar boshlangan. Vaqti kelib, davlat organlarining huquqiy targ‘ibot sohasida vazifalari nodavlat tashkilotlarga beriladi. Lekin buning uchun nodavlat notijorat tashkilotlar ham ko‘proq bo‘lishi kerak. Bu fuqarolik jamiyati rivoji uchun ham yaxshi bo‘ladi.
– Nima deb o‘ylaysiz? Jamiyatimizda huquqiy savodxonlik darajasi lozim darajaga yetishi uchun necha yil kerak?
– Huquqiy savodxonlik jamiyat bilan birga rivojlanib boradi. Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar birin-ketin amalga oshirilmoqda. Buning samarasini shaxsan o‘zim mutaxassis sifatida sezyapman. Ya'ni odamlar berayotgan ayrim savollar ba'zida o‘zimizga ham og‘irlik qilib qolyapti. O‘ylaymanki, yaqin 5 yil ichida jamiyatimizda huquqiy savodxonlik, huquqiy madaniyat darajasi hozirgidan ko‘ra 30-40 foizga yuqori bo‘ladi.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:09 / 01.12.2021
Jurnalistlarni qiynayotgan muammolar va ularning huquqiy saviyasi - mediayurist bilan suhbat
23:37 / 14.08.2021
«Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi». Bu qonuniymi?
17:56 / 27.07.2021
Adliya vazirligi Kun.uz va boshqa internet-nashrlar bilan memorandumlar imzoladi
13:20 / 30.05.2021