Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ronaldu bir kechada uch rekordni yangiladi, Fransiya chempionlik yurishini boshladi
Krishtianu Ronaldu Yevropa chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib oldi, jahon rekordi uchun yana uch gol kerak.
Yevro-2020. F guruhi
Vengriya — Portugaliya — 0:3 (0:0)
Gollar: Rafael Gerreyru, 84 (0:1). Krishtianu Ronaldu, 87 — penaltidan (0:2). Krishtianu Ronaldu, 90+2 (0:3).
Vengriya: Gulachi, Orban, Lovrenchich, Fiola (K.Varga, 88), Botka, At.Soloi, Nad (R.Varga, 90+5), Klyaynxaysler (Shiger, 78), Shafer (Nego, 65), A.Soloi, Sholloi (Shen, 77).
Portugaliya: Ruy Patrisiu, Pepe, Rafael Gerreyru, Semedu, Ruben Diash, Danilu Perreyra, Brunu Fernandesh (Joau Moutinyu, 89), Villiam Karvalyu (Renatu Sanchesh, 81), Bernardu Silva (Rafa Silva, 71), Krishtianu Ronaldu, Jota (Andre Silva, 81).
Ogohlantirishlar: Ruben Diash, 38. Nego, 80. Orban, 86.
Hakamlar: Juneyt Chaqir. Baxattin Duran, Tariq O‘ngun (barchasi — Tursiya).
VAR: Irrati. Valeri, Meli (barchasi — Italiya), Gil (Polsha).
15 iyun. Budapesht. «Pushkash Arena» stadioni. 55 662 tomoshabin.
Yevropa chempionatida ishtirokchilar soni oshirilgan bo‘lsa-da, bir guruhda shunday jarangdor nomlar to‘plandi. Ishtirokchilar soni 16ta bo‘lgan formatda bunday o‘lim guruhlari yuzaga kelishi doimiy edi. Yevro-2008da Italiya, Fransiya va Niderlandiyadan iborat kompaniya yuzaga kelgan, Yevro-2012da Germaniya, Niderlandiya va Portugaliya bir guruhdan joy olgandi. Ammo terma jamoalar soni 24taga yetkazilganda bunday guruhlar bo‘lmaydigandek edi.
Bu g‘alati ham edi: bir tomonda terma jamoalar uchun so‘nggi uch yirik turnirda g‘olib bo‘lgan Germaniya, Portugaliya va Fransiya guruhdan chiqish uchun kurashadi, boshqa tomonda — masalan, Avstriya, Ukraina va Shimoliy Makedoniya. Lekin F guruhini ham hozir o‘lim guruhi deb atab bo‘lmaydi, pley-offga uchinchi o‘rin bilan chiqish mumkin va bu guruhda favoritlardan biri ham emas, faqat Vengriya o‘ladi.
Buning uchun favoritlarning barchasi Vengriyani yirikroq hisoblarda mag‘lub etishi kerak bo‘ladi. Vengrlarning Portugaliya va Fransiyaga qarshi o‘yinlari Budapeshtdagi tribunalari 100 foizga to‘lgan stadionda o‘tkazishi belgilangandi. Bu esa ularning ishtirokiga ta'sir ko‘rsatmay qolmaydi. Yevropa chempionatidagi barcha anderdoglar orasida faqat Marko Rossi jamoasi kuzda Millatlar ligasining A divizioniga ko‘tarilgandi, bu hujumkor va hujumlarni zarbagacha olib boradigan jamoadir. Vengrlar Portugaliyaga qarshi o‘yinda ham bir marta darvozani ishg‘ol etishdi, ammo ofsayd qayd etildi.
Lekin tabiiyki Portugaliyada golli vaziyatlar ko‘proq bo‘ldi. 36 yoshli Krish esa Vengriyaga qarshi o‘yin yakunida navbatdagi uch rekordni o‘rnatdi.
Two goals and a record-breaking performance from @Cristiano ✨@Heineken | #EUROSOTM | #EURO2020 pic.twitter.com/pK9KEoJkn0
— UEFA EURO 2020 (@EURO2020) June 15, 2021
Birinchidan, Yevropa chempionatida beshinchi marta ishtirok etdi, bu turnirlarning barchasida asosiy tarkibda o‘ynagan. Undan tashqari, ispaniyalik Iker Kasilyas ham besh turnirga zayavka qilingan, ammo u 2000 va 2016 yillardagi turnirlarda biror o‘yinda maydonga tushmagan.
Ikkinchidan, xalqaro turnirlarning final bosqichida (Jahon yoki Yevropa chempionatlari) 39-o‘yinini o‘tkazdi, u bu borada germaniyalik Bastian Shvaynshtaygerni ortda qoldirdi - unda 38 o‘yin edi (Miroslav Klozeda — 37, Paolo Maldini va Lotar Matteusda — 36tadan).
Uchinchidan, o‘yin oxirida ikki gol urib, Yevropa chempionati tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi. Vengrlar darvozasiga urilgan gollar Krishtianu uchun 10 va 11-gollar bo‘ldi, bu esa shu vaqtgacha rekordchi bo‘lgan Mishel Platinining natijasidan ikkitaga ko‘proq. To‘g‘ri, afsonaviy fransuz o‘zining to‘qqiz golidan dastlabki beshtasini 1984 yilgi Yevropa chempionatida urgan, portugaliyalik yulduz terma jamoa bilan Yevropa chempionatida 22 o‘yin o‘tkazib bo‘ldi. U Yevropa chempionatida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha ham yaqqol yetakchi.
Qolaversa, Ronaldu Yevrodagi bir o‘yinda kamida ikki gol urgan eng yoshi katta futbolchi bo‘ldi. Portugaliyalik bu ishni 36 yoshu 130 kunligida uddaladi va Andrey Shevchenkoning natijasini yaxshiladi (35 yoshu 256 kun).
Terma jamoa safida urilgan jami gollar soni bo‘yicha Ronaldu jahon rekordchisi, Ali Daiga yaqinlashib oldi. 36 yoshli portugaliyalik hisobidagi gollar soni 106taga yetdi, Eron futboli afsonasi 13 yilda terma jamoa uchun 109 gol urgan. Krishtianuning doimiy raqobatchisi Lionel Messi ham bu borada kuchli o‘nlik sari harakatlanmoqda. Amerika Kubogida Chili darvozasiga urilgan goldan keyin argentinalik futbolchi bir necha osiyolik forvarddan ortda qolgan holda 73 gol bilan 13-o‘rindan joy olgan.
Uning natijalari zo‘r. Ammo Krishtianuning o‘yini amalda chiqmadi. «Yuventus»da Ronaldu uch mavsumda 100dan ortiq gol urgan va yakunlangan mavsumda A Seriyaning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, hozirda u klubda muhim figura emas va uning o‘zi ham ketish kayfiyatida. Portugaliyadagi jurnalistlar esa terma jamoa hamon unga bog‘liqligini yozishmoqda. Bu Yevro davomida muammoga aylanishi mumkin.
Hozirda tabiiyki, barcha Krishtianuning dubli, uning rekordlari haqida gapirmoqda va u oqshom yulduzi bo‘ldi. Ammo u chindan ham o‘rtacha o‘yin ko‘rsatdi, Portugaliyaning omadi keldi - o‘yin oxirida urilgan birinchi goldagi rikoshet barchasini o‘zgartirdi, bu goldan keyin Vengriya sinib qoldi va yana ikki gol qo‘yib yubordi. Darvoqe, birinchi gol urilgan hujumda Ronaldu ishtirok etmagandi. Portugallar safida esa eng yaxshi futbolchi Brunu Fernandesh bo‘ldi.
Ammo yakunda Krish baribir diqqat markazida, Portugaliya esa guruhdan chiqish uchun Germaniya va Fransiyaga qarshi o‘yinlarda bir ochko olishi kifoya qiladi.
Minimal hisobda g‘alaba qilgan bo‘lsa ham (1:0), Fransiya amalda bundestimni ilojsiz qoldirdi

Yevro-2020. F guruhi
Fransiya — Germaniya — 1:0 (1:0)
Gol: Hummels, 20 — avtogol.
Fransiya: Lloris, Pavar, Kimpembe, Varan, Ernandez, Pogba, Kante, Grizmann, Rabo (Dembele, 90+4), Benzema (Tolisso, 89), Mbappe.
Germaniya: Noyyer, Ryudiger, Hummels, Ginter (Emre Jan, 88), Kimmix, Gundo‘g‘an, Kroos, Gozens (Folland, 88), Havers (Sane, 74), Myuller, Gnabri (Verner, 74).
Ogohlantirish: Kimmix, 7.
Hakamlar: Del Serro Grande. Alonso, Yuste Ximenes (barchasi — Ispaniya).
VAR: Martines Munuera. Prieto Lopes de Serain, Sanches Martines, Ernandes-Ernandes (barchasi — Ispaniya).
15 iyun. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni. 13000 tomoshabin.
Fransiya — Germaniya afishasi final uchun munosib nomlar. 2018 yilgi jahon chempionlariga qarshi 2014 yilgi jahon chempionlari. Ha, Germaniya jamoasi hozirda pasayish davrida, ammo barchaga ma'lumki, nemislar turnirlar uchun yaralgan jangchilar — yetti bor sayyorada va qit'ada eng yaxshi bo‘lishgan.
Bundestim shu vaqtgacha Yevropa chempionatini mag‘lubiyat bilan boshlamagandi — yetti g‘alaba va besh durang. Faqat 1992 yilgi turnirda ular MDH jamoasiga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga yaqin bo‘lishgan, ammo Hessler final hushtagi chalinishiga sanoqli soniyalar qolganida jarima nuqtasidan Xarin qo‘riqlagan darvozaga gol urib hisobni tenglashtirgandi.
Ha, Yoaxim Lev milliy jamoadagi 15 yillik faoliyatdan keyin yuqori notada xayrlashishni istamoqda — Yevro yakunlanishi bilan uning o‘rnini terma jamoadagi sobiq yordamchisi, so‘nggi mavsumlarda «Bavariya» bilan yaxshi natijalar qayd etgan Hans Flik egallaydi.
Fransiya — Yevro-2020da yaqqol favorit. Shusiz ham Varan, Pogba, Grizmann, Kante (!) va Mbappe (!!!) bilan raqiblarga dahshat solib turgan tarkibga Benzema ham qo‘shildi! «Real» forvardi 2015 yilda Valbuenaning intim videosi tufayli yuzaga kelgan ziddiyatdan keyin terma jamoaga chaqirilmayotgandi.
Bu tarkib kuchini nemislar o‘zida sinab ko‘rishiga to‘g‘ri keldi. Germaniyada «Uchranglilar»dan farqli o‘laroq kuchsiz chiziqlar yetarli edi. Hatto Lyov 2018 yilgi jahon chempionatidan keyin tarkibdan chiqarib yuborgan Hummels va Myullerni qaytarishga to‘g‘ri keldi. Mart oyida Makedoniyadan uyda mag‘lub bo‘lingach, murabbiy nima qilishini bilmay qolgandi.
Endi bu ikki faxriy futbolchi boshlang‘ich tarkibda, boshqa pozitsiyalardagi muammolar esa saqlanib qoldi. O‘ng qanotga himoyachi yo‘q — Lyov bu yerga tayanch yarimhimoyasida o‘ynab kelgan Kimmihni yubordi. Germaniyadagilar esa Yoshuaning o‘rniga tayanch zonasini kim egallashini tushuna olishmayapti. Murabbiylar shtabi himoyalanishda kuchsizroq bo‘lga Kroos va Gundo‘g‘anni tushirishdi. Bu muammoni hal qilish uchun o‘ng qanotga yoshlardan kimnidir jalb qilish va Kimmihni markazga qaytarish mumkin edi, ammo Lyov boshqacha qarorga keldi.
Chap qanotda ham ishlar yaxshi emas, «Atalanta» hujumlarida javlon uruvchi Gosens orqaroqda yaxshi o‘ynay olmasligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi.
Uchinchi muammo — kuchli hujumchi yo‘qligi. Lyov hujum markazida Gnabrini qo‘ymoqda (176 sm). Muqobil variantlar Verner va Folland — serqirra futbolchilar emas, natijada raqib tig‘iz himoyalanganda B plan bo‘lmaydi.
O‘yinning 20-daqiqasidayoq uslubni o‘zgartirish zarurati paydo bo‘ldi. Bungacha o‘yin nemislar uchun xotirjam kechayotgandi, ammo fransuzlar bosimni oshirishi bilan nemislar himoyasi dosh bera olmay qoldi. Ha, Hummels o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘yib, xato qildi, ammo raqib shunga majbur qildi: Pogba ajoyib pas bilan chap qanotdan kirib kelayotgan Ernandesni topdi, u esa qulay vaziyatda turgan Mbappega kerakli pasni uzatdi, tajribali himoyachi bu to‘pni to‘sib qolishga urinib antiqahramonga aylandi.
Pogba + trivela = 🤤🤤🤤
— UEFA EURO 2020 (@EURO2020) June 15, 2021
🇫🇷 THIS sensational pre-assist wins Skill of the Day 🔥@HisenseSpors | #EUROSkills | #EURO2020 pic.twitter.com/O0glC04R5D
1-0!!!!! FRANCE ARE LEADING THANKS TO OWN GOAL FROM MATS HUMMELS pic.twitter.com/B77p2lS3ZI
— WolfyHai🐺 💖💜💙 (@WolfyHai) June 15, 2021
Buyog‘iga fransuzlar sichqon-mushuk o‘yini boshladi. Ular maydon egalarining hujumlarini barbod qilishdi, uzatmalar himoyachilardan o‘tmadi. Uzoq masofalardan berilgan zarbalar ham to‘sildi, bir safar Gundo‘g‘an bergan zarba noaniq chiqdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Gnabri va Gosensning urinishlari ham besamar ketdi.
Shu bilan birga, Rabo nemislar darvozasi ustunini poyladi, Mbappe urgan aql bovar qilmas gol esa ofsayd tufayli bekor qilindi.
80-daqiqada Mbappe Hummelsdan bir necha metr orda yugurib undan o‘zib ketdi va raqib jarima maydoniga kirdi, himoyachi uni yiqitdi, ammo hakam penalti qo‘ygisi kelmadi.
85-daqiqada Fransiya yana bir qarshi hujum uyushtirdi, lekin Benzemaning terma jamoa uchun olti yil ichida urgan ilk goli ham yana bir «o‘yindan tashqari holat» tufayli hisoblanmadi.
Yakunda Fransiya Yevro favoriti ekanini tasdiqladi. Germaniya esa birinchi marta Yevro startida yutqazdi. Endi ular Portugaliyaga qarshi o‘yin arafasida qiyin ahvolga tushib qolishdi — yana bir mag‘lubiyat ularni guruhda qoldirishi mumkin.

Mavzuga oid
15:10 / 01.05.2025
Ronaldu va Messi bir kunda yarimfinal o‘yinlarida yutqazdi
14:09 / 24.03.2025
Ronaldu noyob ko‘rsatkichga erishdi
12:25 / 24.03.2025
Ronaldu Hoylundga javob qaytardi, Italiyaga dahshatli kambek ham yordam berolmadi. Yevropada dramatik o‘yinlar
15:28 / 30.01.2025