O‘zbekiston | 20:30 / 16.06.2021
7742
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Tatariston delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyun kuni Tatariston Respublikasi prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi.

«Mamlakatimiz hududlarining Tatariston bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirishning amaliy jihatlari Toshkent viloyati misolida ko‘rib chiqildi.

Ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish uchun keng imkoniyatlar mavjud ekani alohida ta'kidlandi. Bugun bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama ishbilarmonlar forumining samarali natijalari ham buni yana bir bor tasdiqladi.

Qo‘shma industrial park tashkil etish, kimyoviy, metall, elektrotexnika mahsulotlari va turli uskunalar, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologik korxonalar barpo etish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish,  raqamlashtirish va innovatsion yechimlarni joriy qilish loyihalari shular jumlasidan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Uchrashuvda talab yuqori bo‘lgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida keng savdo-logistika tarmog‘ini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, shaharsozlik, uy-joy kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish sohasini boshqarish, transport kommunikatsiyalari va infratuzilmasini takomillashtirish borasida hamkorlik qilish va shu sohalardagi ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar va ta'lim sohalaridagi faol almashinuvlar ham davom ettiriladi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma “yo‘l xarita”lari asosida muhim yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy sheriklik loyihalarini ilgari surish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid