O‘zbekiston | 19:08 / 16.06.2021
3584
3 daqiqa o‘qiladi

Yangiqo‘rg‘onda hokimiyat binosi oldiga qo‘ylar haydab borildi. Holatga hokimlik munosabat bildirdi 

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida «Mubosher Laziz Azizbek fayz» MChJga qarashli qo‘ylar hokimiyat binosi oldiga haydab borildi. Holat bo‘yicha tuman hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Jo‘raboy Oxunov Sharq Yulduzi” agrofirmasi hududida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan «Mubosher Laziz Azizbek fayz»  MChJ rahbari U. Muhiddinov 2020 yilning 4 avgust kuni Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga chorva hayvonlarini boqish uchun 30 gektar yer maydoni so‘rab murojaat qilgan. 

«Ushbu murojaat tuman hokimligining tegishli mutaxassislari hamda «Mubosher Laziz Azizbek fayz» MChJ rahbarining shaxsan ishtirokida o‘rganilgan. O‘rganish jarayonida tuman hokimligi tomonidan MChJ rahbariga tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan “Jo‘ra Oxunov-Sharq  Yulduzi” agrofirmasi hududida joylashgan bir necha adirlik, yaylov yerlar taklif etilgan. Biroq ular U. Muhiddinovning maydonga yaqin joyda chiqindixona mavjudligi, boshqa maydon esa qo‘yxonasidan  uzoqdaligi kabi vaj bilan rad etilgan. 

U. Muhiddinovning talabiga, xohishiga javob beradigan maydon esa “Bolgar sharob” qo‘shma korxonasi qoshidagi “Yangiqo‘rg‘on marvaridlari” UK egaligidagi yerlar hisoblanadi.

Unitar korxona ham huquqiy sub'yekt egasi hisoblanishi bois, ushbu yer maydonini «Mubosher Laziz Azizbek fayz»  MChJ tasarrufiga olib berishning amalda imkoni yo‘qligi murojaatchiga tushuntirilgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, murojaatchi faqat shu maydonni talab qilayotganiga e'tibor berish joiz», tuman hokimligi bergan munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimligi binosi oldiga qo‘y suruvi haydab kelingan edi  va bu katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid