Sport | 14:05 / 17.06.2021
21322
11 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020. Italiya yangi tarix yozmoqda, Uels ham pley-offda

Roberto Manchini bandasining navbatdagi qurboni Shveytsariya bo‘ldi.

Yevro-2020. A guruhi
Italiya — Shveytsariya — 3:0 (1:0)
Gollar: Lokatelli, 26 (1:0). Lokatelli, 52 (2:0). Immobile, 89 (3:0).
Italiya: Donnarumma, Di Lorenso, Bonuchchi, Kellini (Acherbi, 24), Spinatssola, Barella (Kristante, 87), Jorjino, Lokatelli (Pessina, 86), Berardi (Toloy, 69), Immobile, Insine (Keza, 69).
Shveytsariya: Zommer, Akanji, Elvedi, Sher (Tsuber, 57), Mbabu (Vidmer, 58), Chaka, Froyler (Sou, 84), Shaqiri (Vargas, 76), Rodriges, Embolo, Seferovich (Gavranovich, 46).
Ogohlantirishlar: Gavranovich, 49. Embolo, 79.
Hakamlar: Karasev. Demeshko, Gavrilin (barchasi — Rossiya)
VAR: Dankert. Gittelmann, Frits (barchasi — Germaniya), Gil (Polsha).
16 iyun. Rim. Olimpiyskiy stadioni. 12445 tomoshabin.

Favoritlar odatda o‘yindan o‘yinga kuchayib, pley-offdagi hal qiluvchi o‘yinlarda o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga sola boshlaydi. Ammo Italiya birinchi turdanoq o‘z maqsadlarini namoyish eta boshladi. 2018 yilgi jahon chempionatini o‘tkazib yuborgan italyanlar Roberto Manchini boshqaruvi davrida yuqori sport formasiga chiqishdi. «Skuadra adzurra» 29 o‘yindan buyon mag‘lubiyat bilmay kelmoqda, so‘nggi 10 o‘yinda esa darvozalari daxlsizligini saqlagan holda g‘alabaga erishdi – «Siti»ning sobiq bosh murabbiyi italyanlar futboli falsafasini butunlay o‘zgartirdi, uning davrida Italiya «katenachcho»ni unutdi.

Manchini shogirdlari katta umidlar bilan Yevropa chempionatiga kelgan Turkiyani birinchi turdayoq umidsiz holatga tushirishdi. Birinchi bo‘limda yuqori pressing bilan raqibga o‘yin bermagan jamoa ikkinchi bo‘limda qatorlashtirib gol urdi - 3:0.

Yangi avlodi bilan bu turnirda uzoqqa borishi taxmin qilingan  turklar ikkinchi turda ham mag‘lubiyat alamini totishdi - Garet Beylning golli paslari evaziga 2:0 hisobida g‘alaba qozongan Uels amalda Yevro-2020 pley-offiga chiqdi. Nimchorak finalga yo‘llanma olish uchun 4 ochko ham kifoya qiladi, uelsliklar guruhda uchinchi bo‘lib qolishsa ham eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari qatoriga kirishadi. O‘tgan safargi Yevropa chempionati yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Portugaliyaga guruhdan chiqish uchun 3 ochko ham yetarli bo‘lgandi.

Ko‘p o‘tmay Italiya rasman pley-off masalasini hal qildi.

«Skuadra adzurra»ning ajoyib startidan keyingi o‘yinini ko‘rish qiziq edi. Turkiya qatorasiga ikki mag‘lubiyatdan keyin aslida u qadar kuchli jamoa emasligi ko‘rinib qoldi. Bundan tashqari, ilk o‘yindayoq ulkan muvaffaqiyatdan keyin jamoa hayajonlarini bosib olishi kerak edi, axir Manchini va Ko bunga hali o‘rganmagan — bu tarkib uchun bu ilk katta turnir.

Ayniqsa Shveytsariya qarshisida — ular Yevro-2020ga qadar uch marta jahon va qit'a chempionatlarida ishtirok etib, uch safar ham pley-offga chiqishgan. Bundan tashqari, «adzurri» shimollik qo‘shnilarini 2003 yildan buyon mag‘lub etishmagandi. Ammo bu Italiya yangi tarix yozmoqda — jamoa o‘yini hayratomuz.

Startdagi 4-3-3 sxemasi to‘pga egalik qilinganda 3-2-5ga transformatsiya bo‘lmoqda (70-daqiqadan boshlab, hisob kerakli ko‘rinishga kelganida Manchini 3-5-2 sxemasini qo‘lladi).

Spinatssola chap qanotda istaganini qilmoqda, raqib darvozasi oldigacha borishdan tap tortmayapti.

Berardi afsonaviy Arrigo Sakki uni bejiz Italiya futbolidagi eng iste'dodli futbolchi deb atamaganini butun dunyoga isbotlashda davom etmoqda.

Insine, ehtimol, oldingi chiziqda kutilganidek yorqin ko‘rinmayotgandir, ammo orqaroqda qora ishlarni qunt bilan bajarmoqda.

Donnarumma, klubdagidan farqli o‘laroq terma jamoada butunlay boshqacha ishtiyoq bilan darvozani qo‘riqlamoqda.

Immobile yana gol urib, faqat «Latsio» uchun emas, balki yuqori darajalarda ham gollar qalashtirishga tayyor ekanini namoyish etmoqda.

Albatta, Lokatellining o‘yinini ham e'tirof etish kerak. Besh yil muqaddam u «Milan»da porlagan, ammo yorqin startdan keyin tez so‘ngan (rossoneri ham o‘sha davrda yosh talantlar o‘sishi uchun eng yaxshi joy emasdi). U «Sassuolo»da, Roberto De Dzerbi qo‘li ostida faoliyatini tiklay oldi, murabbiy ushbu yarimhimoyachiga to‘la ishonch bildirdi va unga erkinlik berdi. Verrattining jarohati Lokatelliga Italiya termasida boshlang‘ich tarkib uchun yo‘l ochdi, u o‘z imkoniyatidan foydalandi. Shveytsariyaga qarshi o‘yinda maydonning ikkinchi qismida turib «Sassuolo»dagi jamoadoshi Berardini o‘ng qanotdan oldinga boshladi va 50 metr masofani bir zumda bosib o‘tib, uning qaytargan pasiga yetib borib, hisobni ochdi.

Aytish mumkinki, ushbu o‘yinda italiyaliklar orasida Yevrodagi o‘yinlar soni bo‘yicha rekord qayd etib (14 o‘yin), o‘yin boshida qoida buzib bo‘lsa ham gol urgan Kellini keyinroq jarohatlanishi Italiya foydasiga xizmat qildi. Yevro starti arafasida ko‘pchilik Manchini himoya markazini turinliklar jamoasining keksayib qolgan futbolchilariga ishonib xato qilayotgani haqida aytishgandi — endi bu pozitsiyada yangi juftlik harakat qilishi mumkin.

Ikkinchi bo‘lim boshida Lokatelli dublni rasmiylashtirdi, o‘yin yakunida Immobile o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi. Qatorasiga ikkinchi bor 3:0 hisobidagi g‘alaba, holbuki Yevro-2020gacha «adzurri» Yevropa chempionatlarida biror o‘yinda uch gol urmagan, bittadan ortiq gol urilgan g‘alabali o‘yinlarda faqat 2:0 yoki 2:1 hisoblarida g‘alaba qozonilgan. Jamoa mag‘lubiyatsiz seriyasini 29 o‘yinga yetkazdi (+24=5). Oxirgi 10 o‘yinda quruq seriya qayd etildi - barchasida darvoza daxlsizligi saqlangan holda g‘alaba qozonilgan. Statistika bir vaqtning o‘zida ham qo‘rqitadi, ham zavqlantiradi. Italiyani pley-offda ko‘rish yana ham qiziqroq, ularning mas'uliyati yanada oshadi va yanada jon-jahdi bilan o‘ynashadi.

Beyl Uelsni pley-offga olib chiqdi: u ikki golni uyushtirdi, penaltini ura olmagan bo‘lsa-da, Turkiyaga qarshi o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi

Yevropa chempionati. A guruhi
Turkiya — Uels — 0:2 (0:1)
Gollar: Remsi, 43 (0:1). K.Robers, 90+5 (0:2).
Aniq ijro etilmagan penalti: Beyl, 61 (xato).
Turkiya: Ugurjan Chaqir, Kaan Oyxon, Chag‘lar Suyunchi, Zeki Chelik, Umut Merash (Mert Muldur, 73), To‘fon (Merix Demiral, 46), Hoqon Chalxono‘g‘li, Okay Yokushlu (Yusuf Yaziji, 46), Buroq Yilmaz, Kenan Karaman (Xalil Darvisho‘g‘li, 75), Dengiz Under (Irfan Qahvachi, 83).
Uels: Uord, B.Devis, K.Robers, Rodon, Mefam, Remsi (Uilson, 85), Allen (Ampadu, 73), Jyeyms (N.Uilyams, 90+4), Morrell, Beyl, Mur.
Ogohlantirishlar: B.Devis, 90+2. Mefam, 90+2. Buroq Yilmaz, 90+2. Hoqon Chalxono‘g‘li, 90+2.
Hakamlar: Soaresh Diash. Santos Suaresh, Tavaresh (barchasi — Portugaliya).
VAR: Pineyru (Portugaliya). Prieto Lopes de Serain (Ispaniya), Letekse (Fransiya), Ernandes-Ernandes (Ispaniya).
16 iyun. Boku. Olimpiyskiy stadioni.

Uels guruh bosqichidagi muhim o‘yinda Turkiyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi va ochkolari sonini 4taga yetkazdi. Robert Peyj shogirdlari amalda pley-offga chiqishni kafolatladi, Turkiya esa ikki o‘yindan keyin birorta ochko olmagan holda A guruhida so‘nggi o‘rinda joylashgan.

Uels tarkibidagi eng yaxshi futbolchi Garet Beyl bo‘ldi — jamoaning asosiy yetakchisi Yevropa chempionatining ham asosiy yulduzlaridan biri bo‘lmoqda. 31 yoshli havbek uchun so‘nggi mavsum murakkab kechdi: «Real» rahbariyati bilan munosabatlar yaxshilanmagan, ijara asosida «Tottenhem»ga qaytdi va faoliyatini tiklashga harakat qildi, u APLda faqat mavsumning oxirida o‘zini ko‘rsata boshladi.

Terma jamoada esa Beyl yaqqol yetakchi. Turkiya bilan o‘yinda uning ikki golli pasi g‘alabani ta'minladi. Birinchi bo‘limning 42-daqiqasida Garet maydon markazidan turib bergan uzatmasi bilan Remsini jarima maydonida darvozabon qarshisiga chiqardi, himoyachilar ortida ajoyib ochilgan Aaron to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, to‘pni darvozaga joyladi.

O‘yin oxirida, qo‘shib berilgan daqiqalarning beshinchisida Beyl burchak zarbasidan keyin raqib jarima maydonida to‘pni egalladi va uni himoyachi Konnor Robersga qulay qilib tashlab berdi - 2:0.

Garet o‘zi ham gol urishi mumkin edi. 60-daqiqada Suyunchining folidan keyin penalti ishladi, uning o‘zi nuqtaga yaqinlashdi, ammo u tepgan to‘p darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tib ketdi.

Lekin UYeFA Beylni munosib tarzda o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirladi.

Ikki golli pas, beshta muhim uzatma, besh zarba (ikkitasi — darvoza sohasiga aniq bordi) va uch marta raqibni aldab o‘tish. Beyl Whoscored talqiniga ko‘ra ham o‘yindagi eng foydali futbolchi deb topildi — 9.41.

Shveytsariyaga qarshi o‘yinda u qadar o‘zini ko‘rsata olmagan Garet Turkiyaga qarshi haqiqiy performans namoyish etdi — muxlislar undan aynan shunday o‘yin kutishgandi.

Mavzuga oid