O‘zbekiston | 21:22 / 18.06.2021
11515
3 daqiqa o‘qiladi

Bitta tikuv mashinasi yoki duradgorlik uskunasi bilan kambag‘allikdan chiqish mumkinmi? Hokimlar javob berdi

Bitta tikuv mashinasi yoki duradgorlik uskunasi bilan kambag‘allikdan chiqish mumkinmi? “Temir daftar”,“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kimlar va qay tartibda kiritiladi? Ular qay holatda daftardan chiqariladi? Samarqand, Jomboy va Bulung‘ur tumanlari hokimlari shu kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ma'lumot berib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand tumanida dastavval 2454 nafar oila “Temir daftar”ga kiritilgan. Bugungacha ularning 2000 dan ortig‘i bu daftardan chiqarilgan. Boshqa tumanlarda ham shunga o‘xshash holat. Shuningdek, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 5400 dan ortiq fuqarodan 3900 ga yaqini bu daftardan chiqarilgan.

Bu oilalarning moddiy imkoniyatini yaxshilash uchun qilingan ishlar tumanlarda bir biriga yaqin.

Yuqoridagi daftarlarda qayd etilgan oilalarda yil boshidan buyon Jomboyda 5 mlrd so‘m, Bulung‘urda 3 mlrd 368 mln so‘m, moddiy yordam ajratilgan. Samarqand tumanida ham daftarlardagi fuqarolarga turli moddiy yordam ko‘rsatib kelingan. Muammo shundaki, aksariyat hollarda bir yo ikki martalik moddiy yordam bilan baribir oilalar kambag‘allikdan chiqib qolmayapti. Vazifa esa bu oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ma'lum miqdorda doimiy daromadga ega qilish.

Shu sababdan yuqoridagi tumanlarda yuzlab oilalarga har xil uskunalar yetkazib berilgan. Maqsad, mana shu uskunalar orqali fuqarolar ishlab pul topishiga erishish.

Misol uchun, yuqoridagi tumanlarda yuzlab oilalarga duradgorlik uskunalari, motokultivator, tikuv mashinasi, motoarra, temir payvandlash uskunasi, sartaroshlik uskunalari kabilar yetkazib berilgan.

Ammo bunday holatda yuqoridagi savol kelib chiqadi: bitta tikuvchilik uskunasi bilan kambag‘allikdan chiqib bo‘ladimi?

Jomboy tuman hokimi bu savolga javob berdi:

“Yo‘q, bitta uskuna bilan kambag‘allikdan chiqib bo‘lmaydi, ammo shu orqali bitta ayol kasb o‘rganadi, agar biz uni tumandagi o‘zini tutib olgan, yirik buyurtmalar olib mahsulot sotishni yo‘lga qo‘yib olgan xususiy tikuvchilik korxonalari bilan bog‘lay olsak, birgalikdagi ishini tashkil qilib bersak, bu naf berishi mumkin. Umuman, to‘g‘ri kelgan odamga tikuvchilik, duradgorlik yoki boshqa uskunalar yetkazib berilmaydi. Kimning qaysi sohaga qiziqishi bo‘lsa, ammo bu kasb uchun kerakli uskuna va jihozlari bo‘lmasa, o‘sha odamga yetkazishni yo‘lga qo‘ydik. Qiziqishi bo‘lmagan odamga bu uskunalardan naf yo‘q”.

Xullas, tumanlarda qadimgi yapon maqoliga amal qilinadiganga o‘xshaydi: “Baliq emas, qarmoq ber”. Buning qanchalik samara keltirishini, albatta, vaqt ko‘rsatadi.

Yuqoridagi tumanlar nisbatan yeri hosildor, dehqonchilikda yetarli tajribaga ega hududlar hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, g‘alladan bo‘shagan maydonlarni ham endilikda birinchi navbatda ro‘yxatdagi oilalar va muhtoj oilalarga berish amaliyoti boshlangani ma'lum qilindi.

Anvar MUSTAFOQULOV.

Анвар Мустафоқулов
Tayyorlagan Анвар Мустафоқулов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid