O‘zbekiston | 21:42 / 19.06.2021
6470
3 daqiqa o‘qiladi

Inshoot mulkdori va avtomobil tarixi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni olish interaktiv xizmatlarini joriy etish bo‘yicha izoh berildi

Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash to‘g‘risidagi prezident farmoni bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev farmon loyihasida O‘zbekistondagi istalgan bino manzilini kiritish orqali inshootning mulkdori to‘g‘risidagi, shuningdek, avtomobil tarixi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni olish interaktiv xizmatlarini joriy etish ham belgilangani, lekin qabul qilingan farmon matnida bu tushib qolgani bo‘yicha izoh berdi.

«Adliya vazirligi Davlat boshqaruv samaradorligini tahlil qilish boshqarmasi bir yarim yildan buyon ochiqlik masalalarini o‘rganadi. Va bu o‘rganish natijasi bo‘yicha o‘tgan yili dastlabki farmon ishlab chiqilgan edi. Shundan keyin bu boshqa vazirlik va idoralarga taqdim qilindi.

Bu jarayonda 300ta taklif kelib tushgan. Ma'lumki, biror loyiha kiritilayotgan bo‘lsa barcha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan bo‘lishi kerak. Agar biror vazirlik yoki idora infrastrukturasi o‘sha loyihaga tayyor bo‘lmasa yoxud o‘z vajlarini asoslab bersa, ularning e'tirozlari qabul qilinadi. Natijada o‘sha taklif farmondan tushib qoladi. Boshqa tomondan bu masalalar hali butunlay yopildi degani emas. Vazirlikka agentlik bilan birga ochiq ma'lumotlar ro‘yxatini to‘ldirib borish vazifasi yuklatilgan, shu ma'noda bu masala kelgusida yana ko‘tariladi», deya farmonga kiritilmagan taklif haqida aytib o‘tdi adliya vaziri o‘rinbosari.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi Qahramon Nizomxo‘jayevga ko‘ra, foydalanuvchilarga qulay bo‘lishi uchun ikkala masala bo‘yicha alohida platforma ishga tushirilib, texnik imkoniyatlari yaratilib keyin qabul qilinadi.

«Agentlik mutaxassislari farmon ustida ishlayotganimizda ekspertlar tomonidan shunday bir to‘xtamga kelindiki, foydalanuvchilarga qulay bo‘lishi uchun avtomobil tarixini bilish haqidagi ma'lumotlarni alohida platforma qilsak, qulayroq bo‘ladi.

Xuddi shuningdek, Soliq qo‘mitasining Kadastr agentligi bilan ishlaganimizda binoning manzilini kiritish orqali uning egasi haqidagi ma'lumotlarni olish uchun texnik imkoniyatlarni yaratish kerak degan xulosaga kelindi. Lekin bu ikkala loyiha kun tartibidan tushgani yo‘q va qayta ishlanadi. Mukammal darajaga yetganda ishga tushiriladi», dedi Aksilkorrupsiya agentligi xodimi Qahramon Nizomxo‘jayev.

Mavzuga oid