Andijonda prezident tashrifi oldidan ekilgan butalar tashrifdan keyin olib qo‘yilgani aytilgan video tarqaldi. Viloyat hokimligi va shahar hokimi izoh berdi
19 iyun kuni internetda prezident tashrifi munosabati bilan Andijon shahrida ko‘chalar chetlariga ekilgan archalar va gullar qaytadan kavlab olinayotgani haqidagi video tarqaldi. Andijon viloyati hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, videolavhada aks ettirilgan holat shahar obodonlashtirish bo‘limi tomonidan hududda obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan vaqtda tasvirga tushirilgan. Obodonlashtirish ishlari olib borish jarayonida gullarga shikast yetmasligi uchun ular tasvirda aks etgan avtomashina yordamida soya-salqin joyga bir oz muddatga ko‘chirib turilgan.
«Yo‘lning 50 metr uzunlikdagi qismida olib borilgan bu tadbir davomida ekologlar tavsiyasiga ko‘ra, qayta o‘tqazilgan ko‘chatlarning yanada o‘sib rivojlanishi uchun zarur agrotexnik shart-sharoit yaratilgan. Ayni paytda bu manzarali butalar yana o‘z joyiga qayta o‘tqazilgan», deyiladi hokimlik munosabatida.
Andijon shahri hokimi Bahromjon Haydarov ham ushbu video yuzasidan izoh bergan.
U «bu daraxtlar 24 soat davomida parvarishga muhtojligi»ni qayd etib o‘tgan.
«Qurigan joylarini olib, boshqatdan ekamiz. Bu jarayon doimiy davom etadi», degan u va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu holatni prezident tashrifi bilan bog‘lamaslikni so‘ragan.
Qayd etish kerakki, viloyat hokimligi va shahar hokimining izohlari bir-birini rad etmoqda. Viloyat hokimligi xabarida archalar va gullar salqinga olingani va yana joyiga qaytarilgani aytilgan, Bahromjon Haydarov esa qurigan daraxtlar almashtirilgani haqida gapirgan.
Shuningdek, viloyat hokimligi archalar va gullar qachon salqinga olinib, qachon joyiga qaytarilganiga aniqlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 17-18 iyun kunlari Andijon viloyatida bo‘lgandi.
Mavzuga oid
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
10:40 / 19.11.2024
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
11:09 / 08.11.2024