O‘zbekiston | 08:16 / 21.06.2021
5099
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat Fiskal institutga qabul qilish tartibini tasdiqladi

Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut va soliq texnikumlari faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Prezidentning "O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida" 2020 yil 4 noyabrdagi PQ-4879-son qaroriga muvofiq 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:

  • institutning bakalavriat ta'lim yo‘nalishi kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha o‘qish davomiyligi to‘rt yilni, sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha besh yilni tashkil etadi;
  • institutning magistratura mutaxassisliklari kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha o‘qish davomiyligi bir yilni hamda masofaviy, sirtqi va kechki ta'lim shakli o‘qish davomiyligi ikki yilni tashkil etadi;
  • institutda bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilar, istisno tariqasida, institut magistraturasiga test sinovlarisiz, to‘lov-shartnoma asosida, o‘qish qiymatining 50 foizini to‘lab, o‘qishni tugatgandan so‘ng davlat soliq xizmati organlarida kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini yuklagan holda qabul qilinadi.

Davlat organlarining markaziy apparati xodimlarini:

  • soliqlar va soliqqa tortish;
  • moliyaviy nazorat va audit;
  • soliq, moliya va tijorat huquqi; iqtisodiyotda axborot texnologiyalari - bo‘yicha masofaviy, sirtqi va kechki ta'lim o‘qitish dasturlari bo‘yicha o‘qishi uchun qabul qilish tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga ko‘ra kirish test sinovlarisiz, to‘lov-shartnoma asosida qabul parametrlaridan tashqari amalga oshiriladi.

DSQ tizimidagi Farg‘ona, Toshkent va Buxoro soliq kollejlarining davlat soliq xizmati organlarida kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lgan bitiruvchilari institutning bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishning ikkinchi yilidan boshlab o‘qishga qabul qilinadi.

Institutning Vasiylik kengashi tarkibi va nizom tasdiqlandi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 13.06.2021 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid