Aksilkorrupsion farmon loyihasi e'lon qilindi
Hujjat loyihasiga ko‘ra, davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash 2022 yil 1 yanvardan boshlanadi. Korrupsionerlar ro‘yxati tuziladi, ularga nisbatan qator taqiqlar belgilanadi. Davlat xizmatchilariga chet elda boylik orttirish man etiladi. Manfaatlar to‘qnashuvi masalalari tartibga solinadi.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid prezident farmoni va qarori loyihalari e'lon qilindi.
Loyihalar korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishni ko‘zda tutadi.
Kun.uz jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hujjatlardagi asosiy nuqtalarni havola etadi.
Korrupsionerlar reyestri
O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestrini yuritish taklif etilmoqda.
Reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanishi mumkin:
- davlat xizmatiga qabul qilinish;
- davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
- saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarini ko‘rsatish;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a'zoligiga kirish;
- ular tomonidan ta'sis etilgan va (yoki) ular ishtirokchisi hisoblangan tadbirkorlik sub'yektlari davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi, davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etishi;
- davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta'lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida ishlash.
Reyestr va unga taalluqli cheklovlarga oid qonun loyihasi 3 oy muddatda Prezident Administratsiyasiga taqdim etiladi. Reyestrga ushbu qonun qabul qilinganidan keyin korrupsion jinoyat sodir etgan shaxslar kiritiladi.
Deklaratsiyalash
Loyihaga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, shuningdek, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.
Bunda:
- mol-mulkni deklaratsiya qilishda uning kelib chiqish manbasini tasdiqlash sharti 2022 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkka nisbatan tatbiq etiladi;
- davlat xizmatchisi tomonidan deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish va qasddan noto‘g‘ri ma'lumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va qonunda belgilangan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
“Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2 oy muddatda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Chet elda boylik orttirish
2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.
Manfaatlar to‘qnashuvi
Loyihada berilgan ta'rifga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi deganda “qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan lavozimni egallab turgan shaxsning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaati mansab (xizmat) majburiyatlarini obektiv va xolis bajarishiga ta'sir ko‘rsatuvchi yoki shunday ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar” tushuniladi.
Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlar va ularning oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rmaganlar javobgarlikka tortiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatlarni to‘xtatish to‘g‘risida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da'vo kiritish vakolati beriladi.
2022 yil 1 yanvarga qadar quyidagi qonun loyihalari ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi:
- “Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida”;
- davlat xaridlari, soliq imtiyozlari, yer ajratish, davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilash haqida.
Korrupsionerlarga sudda yengillik berilmaydi
Farmon qabul qilingach, 3 oy ichida quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi parlamentga kiritiladi:
- Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash;
- korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;
- daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatish;
- korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanishiga cheklovlar belgilash.
“KRU” va boshqa inspeksiyalar faoliyati isloh qilinadi
Farmon qabul qilinganidan so‘ng 2 oy ichida, ilg‘or xorijiy tajriba asosida davlat moliyaviy nazorat institutlarini maqbullashtirib, uning samarali modelini joriy etish va ushbu sohada parlament nazoratini kengaytirish taklif etilmoqda.
2021 yil 1 noyabrga qadar, quyidagilarni nazarda tutuvchi hujjatlar loyihalari hukumatga kiritiladi:
- barcha inspeksiyalarning vazifa va funksiyalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari, tashkiliy tuzilmalarini qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish;
- boshqa shakldagi (qo‘mita, agentlik, xizmat) davlat boshqaruvi organlarining nazorat sohasidagi funksiyalarini maqbullashtirish.
Mahalliy budjetlar masalasi
Mahalliy budjet mablag‘laridan foydalanishdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish maqsadida mahalliy deputatlik kengashlari muntazam ravishda mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratilgan mablag‘lardan foydalanilishi ustidan nazorat o‘rnatishi zarur bo‘ladi.
Oliy Majlis palatalariga esa Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi bilan birgalikda 2 oy muddatda “Mahalliy budjetlar hisobidan tashkil etilgan vaqtinchalik va maxsus jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy nizomni tasdiqlash tavsiya etiladi.
Farmon bilan quyidagilar rasman belgilab qo‘yiladi:
- korrupsiya – O‘zbekiston davlati va jamiyati taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri;
- korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi ayovsiz kurashish – barcha darajadagi davlat organlari rahbar va xodimlarining eng ustuvor vazifasi;
- Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta'minlash uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etishi shart.
Farmon bilan 2021–2022 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlanishi kutilyapti. Dasturdagi takliflarni Kun.uz quyidagi alohida maqolalarda yoritadi.
Mavzuga oid
19:42 / 07.11.2024
Taxiatosh tumani hokimi sobiq o‘rinbosari ozodlikdan mahrum etildi. U budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan
15:57 / 07.11.2024
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning namunaviy shakli tasdiqlandi
10:34 / 05.11.2024
Xovos tumani hokimi sobiq o‘rinbosari 7 yilga qamaldi
09:51 / 05.11.2024