O‘zbekiston | 17:08 / 23.06.2021
17854
4 daqiqa o‘qiladi

Barcha davlat organlari va tashkilotlarida aksilkorrupsion tuzilmalar faoliyat boshlaydi

Bu tuzilmalar rahbarlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan kelishgan holda, ochiq tanlov asosida tayinlanadi. Ularning vazifasiga shu tashkilot doirasida korrupsiya holatlarining oldini olish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik kabilar kiradi.

Foto: Vitaliy Timkiv

Korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga oid prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab, barcha davlat organlari va tashkilotlarida, xususan hokimliklarda mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etiladi.

Bu tuzilmalar quyidagilar uchun mas'ul etib belgilanadi:

  • korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish;
  • korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish;
  • manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik;
  • korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish.

Tuzilmalar rahbarlari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birga o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Ularni lavozimidan ozod etish masalasi agentlik bilan kelishiladi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizom 2 oy muddatda tasdiqlanadi.

Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilgan va (yoki) qonuniy talablarini bajarmagan mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy javobgarlik belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Loyihadan quyidagi takliflar ham joy olgan:

  • agentlik huzurida fuqarolarning korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi, tun-u kun faoliyat yuritadigan koll-markaz ishga tushirish;
  • agentlik tomonidan korrupsiyaga oid xabarlarni ko‘rib chiqib, jamoatchilikka ma'lumot berish tartibi va muddatlarini aniq belgilash;
  • agentlik huzurida olimlar, ilmiy-akademik doira vakillaridan iborat Ekspertlar guruhini tuzish;
  • “Uzbekistan Anti-Corruption Digest” onlayn jurnalini ta'sis etish, uni har oy o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etib borish.

Bundan tashqari, loyihada quyidagilar ham nazarda tutilmoqda:

  • Respublika hududlariga yuboriladigan davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlarni tanqidiy tahlil qilish, belgilangan me'yorlarni haqiqiy xarajatlarga muvofiqlashtirish;
  • qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibini yangilash, ilmiy va mustaqil ekspertiza turlarini joriy etish;
  • subsidiya va boshqa imtiyozlar berilgan sub'yektlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni “ochiq budjet” portaliga joylashtirish;
  • Davlat moliyaviy nazorat departamenti tarkibida Qurilish obektlarida nazorat o‘lchovini amalga oshirish bo‘linmasini tuzish;
  • Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat ishtirokidagi korxonalarda moliyaviy natijadorlik va davlat mulkidan foydalanish holati yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot berib borish amaliyotini kiritish.

Quyidagi yangi tizimlar paydo bo‘ladi:

  • avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma'lumotlarni o‘z ichiga oladigan “SHAFFOF YO‘L” onlayn axborot platformasi;
  • daromad va mol-mulk deklaratsiyalari bo‘yicha ma'lumotlar bazasini shakllantirish, ularni qayta ishlash va tekshirishning elektron axborot tizimi;
  • davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi;
  • davlat organlari faoliyatida korrupsiyaviy xavflarni baholash elektron tizimi.

Muhokamaga qo‘yilgan loyihalarda korrupsiyaga qarshi targ‘ibot ishlari, yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ta'lim berish, davlat xizmatchilarini yangi talablar asosida o‘qitish va xalqaro sohadagi hamkorlik kabilar ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid