Jahon | 23:08 / 25.06.2021
5895
2 daqiqa o‘qiladi

Abu-Dabi sayyohlarga bepul emlanishga ruxsat berdi

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) poytaxti Abu Dabi amirligi rasmiylari sayyohlarga COVID-19 koronavirusiga qarshi emlashni bepul amalga oshirishga ruxsat berdi, deya Abu-Dabida tibbiy xizmatlarni taqdim etuvchi SEHA davlat kompaniyasining «ishonch telefoni» orqali «RIA Novosti» xabar berdi.

«Aynan Abu-Dabi rasmiylari tomonidan berilgan vizalari bo‘lgan sayyohlar va Abu-Dabiga yetib kelgach aeroportda viza olish huquqiga ega bo‘lgan mamlakatlarning pasport egalari Abu Dabida yana bir oy qolishlariga yoki yana kelishlariga imkoni bo‘lganda Xitoyning Sinopharm yoki Pfizer/BioNTech kompaniyalari vaksinalarining bir yoki ikkita dozasi bilan bepul emlanish uchun maxsus dastur orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin», — dedi agentlik suhbatdoshi.

Kompaniyaning ta'kidlashicha, emlanish uchun BAAdan tashqarida bo‘lib, endigina Abu-Dabiga kelishni rejalashtirayotganlar ham ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ushbu ruxsat faqat Abu-Dabi rasmiylarining sayyohlik vizalarini olgan sayyohlar uchun amal qiladi. BAAning olti amirligi, shu jumladan, Dubay bundan mustasno.

Hozirda Xitoy, Germaniya va AQSh kabi 27 mamlakat sayyohlari Abu-Dabiga kelgandan keyin karantindan o‘tishlari talab etilmaydi.

Iyun oyining boshidan Abu-Dabida har qanday tadbirlar, shuningdek restoran va katta-katta supermarketlarga kirish uchun koronavirusga qarshi emlangan bo‘lish yoki COVID-19 ga manfiy test natijasini taqdim etish kerak, u esa atigi uch kun amal qiladi.

Avvalroq BAA Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat aholisining 85% kamida bir doza bo‘lsa ham COVID-19 vaksinasini olganini ma'lum qilgandi. Pandemiya davrida mamlakatda 622,5 mingdan ortiq COVID-19 kasalligi aniqlandi, 1782 bemor vafot etdi, 601,3 mingdan ortiq kishi koronavirus infeksiyasidan tuzaldi.

Mavzuga oid