Sport | 21:59 / 27.06.2021
17827
12 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020. Italiyada qiyinchiliklar boshlandi, ammo rekord o‘rnatildi

«Skuadra adzurra» ham Yevro chorakfinalida, ammo qiyinchiliklar boshlandi.

Yevro-2020. 1/8 final
Italiya — Avstriya — 2:1 q.v.
(0:0, 0:0, 2:1)
Gollar: Keza, 95 (1:0). Pessina, 105 (2:0). Kalayjich, 114 (2:1).
Italiya: Donnarumma, Bonuchchi, Acherbi, Spinatssola, Di Lorenso, Verratti (Lokatelli, 68), Jorjino, Barella (Pessina, 68), Immobile (Keza, 84), Insine (Kristante, 108), Berardi (Belotti, 84).
Avstriya: Bahmann, Dragovich, Alaba, Hinteregger, Layner (Trimmel, 114), Zabitser, Laymer (Ilzanker, 114), Grillich (Shaub, 106), K.Shlager (Gregorich, 106), Baumgartner (Shepf, 90), Arnautovich (Kalayjich, 97).
Ogohlantirishlar: Arnautovich, 2. Di Lorenso, 50. Barella, 51. Hinteregger, 103. Dragovich, 120.
Hakamlar: Teylor. Besuik, Nann (barchasi — Angliya).
VAR: Attuell. Bets, Kavana (barchasi — Angliya), van Bukel (Niderlandiya).
26 iyun. London. «Uembli» stadioni.

Italiya guruh bosqichining eng yorqin jamoasi bo‘lgan, uch o‘yinda uch g‘alabaga erishib, jami 8 gol urgan va o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgandi. Ammo aniqlik kiritish kerakki, italiyaliklarning guruhi anchagina kuchsiz va ular uchun qulay raqiblardan tashkil topgandi. Turkiya, Shveytsariya va Uelsning birortasi italyanlarni kuchli pressing bilan qarshi olmadi, shunday ekan, yarimhimoya chizig‘idagi texnar futbolchilar ortiqcha bosimsiz o‘yin tashkil etish imkoniga ega bo‘lishdi. Avstriya ham tarkibdagi nomlarga qaralsa top-jamoa emas, ammo tarkibning deyarli barcha futbolchilari yuqori pressing bilan o‘ynaladigan Bundesliga vakillaridir. Shunday ekan, bu o‘yin arafasida Italiya uchun xavotir bor edi - raqib kamida o‘yin uslubi bilan noqulaylik tug‘dirardi.

Roberto Manchini kutilgan tarkibni tushirdi. U guruhdagi ikkinchi o‘yinda ilk daqiqalardan harakat qilgan tarkibni deyarli takrorladi, faqat Lokatelli o‘rnini Verratti egalladi. Jarohat tufayli dastlabki o‘yinlarda qatnasha olmagan «PSJ» yarimhimoyachisi Uelsga qarshi uchinchi tur o‘yinidan keyin olqishlarga sazovor bo‘lgandi.  Franko Foda ham syurpriz qilmadi: u Ukrainaga qarshi yaqqol ustunlikda o‘tgan o‘yindagi tarkibda birorta o‘zgarish amalga oshirmadi. To‘rt himoyachi, Alaba qanotda, tayanch zonasida ikki futbolchi, Arnautovich ortida uch hujumkor futbolchi.

Ilk daqiqalardanoq Avstriya Italiyani yuqori pressing bilan qiynashni boshladi, dastlabki 15 daqiqada Manchini jamoasida to‘p turmay qoldi: to‘pga egalik qilish bo‘yicha ko‘rsatkich 33 foiz va paslar aniqligi 80 foiz atrofida, jamoaning asosiy pleymeykeri Barellaning uzatmalarining yarmidan ko‘pi noaniq chiqdi. Avstriyaliklar agressivlik bilan bosim uyushtirishdi, qo‘polliklar ham bo‘ldi, 15 daqiqalikda himoyada 14 harakat amalga oshirildi.

Yuqori pressingga qaramasdan, o‘yinning bu qismida ham Italiya zarbalar berish bo‘yicha ustunlik qildi (4:1), ammo shu 15 daqiqalikdan keyin o‘yin xarakteri o‘zgardi. Avstriya chuqurroq himoyalanishga o‘tdi, oldinda yolg‘iz Arnautovich qoldirildi va u uch himoyachiga qarshi hech narsa qila olmadi (bunga qattiq harakat ham qilmadi). Di Lorenso orqada qolib o‘ynadi, shuning evaziga Italiya himoyada uchga bir ko‘rinishida ustunlikka ega bo‘ldi.

Avstriya maydonning ikkinchi tomoniga juda kam o‘tdi, qolaversa darvozabon Daniel Bahmann oyog‘i bilan yaxshi o‘ynay olmasligi ma'lum bo‘ldi. U to‘pni kerakli hududlarga yetkazib bera olmadi — uning uzoq masofalarga uzatmalarining deyarli barchasi to‘p yo‘qotilishi bilan tugadi.

Ilk 15 daqiqalikdan keyin esa italyanlar to‘pga egalik qilish borasida total ustunlikka ega bo‘lishdi - 63 foiz, paslar aniqligi 90 foizga yetdi. Shu bilan birga kombinatsiyalar va xavfli vaziyatlar kutilmagan individual harakatlar evaziga yaratildi. Masalan, Immobile ortga qaytdi va bir pas bilan raqib himoyachini kesib o‘tib Berardini oldinga chiqardi. Yana bir vaziyatda uning o‘zi zarba berishga muvaffaq bo‘ldi, to‘p to‘singa tegdi. U chiziqlar orasida raqib xatosini poyladi: markaziy himoyachilar uni ta'qib eta olishmadi, Grillichni esa Barella o‘zi bilan band qilib tashladi va o‘ng qanotda doimiy ravishda bo‘shliqlar yuzaga keldi.

Pozitsion hujumlardagi yagona xavfli vaziyat esa uzoq davom etgan bosimdan keyin ro‘y berdi - Spinatssola va Insine chap qanotda bir-biri bilan o‘ynab, bir necha futbolchini o‘zlariga jalb qilishdi, keyin Spinatssola narigi qanotda ochilgan Barellani to‘p bilan ta'minladi, u esa jarima maydoni ichiga kirishi bilan zarba berdi, ammo biroz noaniq.

Umuman olganda, bo‘lim yakuniga qadar Italiyaning to‘liq ustunligi qayd etildi: zarbalar bo‘yicha 12:1, Baumgartnerning yagona zarbasi xavfli ham chiqmadi. To‘g‘ri, yaqqol golli vaziyatlar italiyaliklarda ham bo‘lmadi, ammo Italiya gol urish uchun o‘ynadi.

Manchini tanaffusda bir qator o‘zgarishlar qildi, lekin bu o‘yin borishini o‘zgartira olmadi. Endi Di Lorenso himoyada qolmadi va Spinatssola kabi hujum chizig‘iga qadar ko‘tarildi. Shuningdek, pressing sxemasi o‘zgartirildi, ochiqroq o‘ynashga o‘tildi. Buning ikki oqibati bo‘ldi.

Birinchidan, Italiya yanada ko‘proq hududiy ustunliklarga ega bo‘ldi. Markazdagi futbolchilar raqib jarima maydoni tomon surildi, Di Lorenso oldinga chiqib o‘ynashi evaziga hujumda variantlar ortdi. Bo‘lim boshida italiyaliklar to‘pga egalik qilish bo‘yicha to‘liq ustunlik qilishdi.

Ikkinchidan, Avstriyada ham hujumlarga o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi. Manchinining raqibga bosimni oshirish qarori raqibga qarshi hujumlar uchun ham imkoniyat taqdim etardi. Avstriyaliklar pressingni yengib o‘tgan vaziyatlardan birida Arnautovich ikki himoyachi qarshisida qoldi va ularning ikkisini ham ortda qoldirdi, ammo yondan ochilib kelgan sherigini to‘p bilan ta'minlash o‘rniga noaniq zarba yo‘lladi.

Ochiq o‘yin tufayli Italiya Manchini xohlagan to‘p nazoratiga ega bo‘lolmadi. Aksincha, to‘p yo‘qotishlar ko‘paydi va Avstriya to‘pga egalik qila boshladi. Avstriyaliklar 7-8 daqiqa davomida to‘pni o‘zlarida olib yurishdi, ammo golli vaziyat yarata olishmadi, shundan keyin navbat italiyaliklarga keldi, lekin ular ham hujumlar qila olishmadi, qolaversa, himoyada raqib ustidan nazoratni yo‘qotishdi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib zarbalar bo‘yicha hisob 3:7 ko‘rinishiga keldi — buni birinchi bo‘limdagi 11:1 bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Bundan ham yomonroq bo‘lishi mumkin edi, ammo Avstriya urgan gol ofsayd tufayli bekor qilindi. 

Shundan keyin Manchini ikki futbolchini almashtirdi. U sxemani saqlab qoldi, ammo yarimhimoyada Verratti va Barellani maydondan olib, Pessina va Lokatellini tushirdi. Manchinining futbolchi almashtirishlari o‘yinni birinchi bo‘limdagi holatga qaytardi: italyanlar to‘pni o‘zida olib yura boshlashdi, maydon markazida nazorat qaytarildi, lekin golli vaziyatlar bo‘lmadi. Shunda ham Manchini hujumda o‘zgarish qilishga shoshilmadi, holbuki zaxirada istalgan vaziyatda turib to‘pni darvoza sari olib borishga va zarba berishga qodir bo‘lgan Federiko Keza bor edi.

Franko Foda ham futboli almashtirmasdan hayron qoldirardi, ammo uning qarorini tushunish mumkin: Italiya bilan 0:0 o‘ynash — uning jamoasi barchasini to‘g‘ri qilayotganini anglatardi. Manchinining kechikib qilgan o‘zgarishlarini esa tushunish qiyin. U 85-daqiqada ham ikki futbolchi tushirdi. To‘pni o‘ziga o‘nglab olishga yetarlicha fursat bo‘lganiga qaramay, oliftalarcha qaychi uslubida zarba berishga uringan Berardi ham maydondan olindi. Bu vaziyatda Italiya termasi futbolchisi bo‘lim boshidan buyon ilk marta bu qadar bo‘sh qoldirilgandi, ammo u bu imkoniyatdan juda yomon foydalandi.

Bo‘limning qolgan qismi zerikarli kechdi - ikki tomon ham qo‘shimcha bo‘limlarga tayyorlanardi. Avstriya almashtirishlar qilmasdan o‘yinni o‘z darvozasidan uzoqroqda olib borishga erishdi.

Foda ilk almashtirishni 90-daqiqada amalga oshirdi — u ham majburiy o‘zgarish bo‘ldi. Overtaymlarda esa yana uch futbolchi almashtirildi. Ammo ikki murabbiyning ham bu o‘yindagi qarorlari savollar tug‘diradi. Xuddi hakam Entoni Teylorning qarorlari kabi. Masalan, Laymer besh marta fol qildi (jarima maydoni oldida ham), ammo birorta kartochka olmadi.

Birinchi overtaym boshida Italiya chap qanotdan bosim qildi, keyin Spinatssola qarama-qarshi tomonda Kezani topdi va uni ajoyib pas bilan ta'minladi. Keza Laymerni aylanib o‘tdi va to‘pni darvozabonning yonidan o‘tkazib darvozaga joyladi.

Bu gol italyanlarning birinchi bo‘limdagi eng yaxshi vaziyatiga o‘xshash vaziyatdan urildi. Yana savol tug‘iladi: ochiqchasiga yomon o‘ynayotgan Berardi o‘rniga Kezani tushirish nega buncha kechiktirildi? U daho emas, ammo hamisha ishni kerakli darajada bajaradi. Gol oddiylik bilan urildi, lekin u Avstriyaning bo‘sh nuqtasini topa oldi.

Ikkinchi gol ham Spinatssolaning ajoyib pasi bilan boshlandi, bu hujumda ham zaxiradan tushgan futbolchilar qatnashdi. Belotti jarima maydonida kerakli vaziyatda korpus qo‘ydi (Immobile bunday qilmagan bo‘lardi) va to‘pni saqlab qoldi, u yiqilganda esa to‘pga birinchi bo‘lib Pessina yetib keldi.

Ha, Manchinida barchasini asosiy vaqtda hal qilishga qodir ijrochilar bor edi. Raqibga bosimni oshirish va qanotlarning almashishi butun o‘yin davomida ustunlikni ta'minladi, ammo golli vaziyatlar ko‘p bo‘lmagandi.

Ikkinchi overtaymda Avstriya o‘zi haqli bo‘lgan golni urdi — jamoa taslim bo‘lmadi va javob qaytarish uchun vaziyatlar yarata boshladi va hayratlanarli golni urdi ham. Kalayjich uch raqibga qarshi kurashda ustun kelib, darvozani ishg‘ol etdi.

Katta turnirlarda favoritlarda yomon kunlar va qiyin g‘alabalar bo‘ladi, ammo bular jamoada ishonchni mustahkamlaydi. Aytish mumkinki, shanba oqshomi Italiya uchun shunday kun edi. 

Bunday holatda raqamlar muhim emas, ammo Manchini jamoasi mag‘lubiyatsiz o‘yinlar bo‘yicha milliy rekordni yangiladi, o‘tgan asrning 30-yillaridagi Vittorio Potsso jamoasining natijasi bittaga yaxshilandi — 31 o‘yin. Endi italyanlar keyingi bosqichda Ispaniya va Xorvatiya juftligi g‘olibi bilan to‘qnashadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid