Sport | 17:56 / 28.06.2021
12523
8 daqiqa o‘qiladi

Chexiya favoritlardan birini Yevrodan chiqarib yubordi, natijaga qizil kartochka ta'sir qildi

Chexlar terma jamoasi namunaviy o‘yin ko‘rsatib, guruh bosqichida 100 foizlik natija ko‘rsatgan niderlandlarni ilojsiz qoldirdi.

Yevro-2020. 1/8 final
Niderlandiya — Chexiya — 0:2
 (0:0)
Gollar: Holesh, 68 (0:1). Shik, 80 (0:2).
Niderlandiya: Stekelenburg, Blind (Timber, 81), van Anholt (Berghays, 81), de Fray, de Ligt, Dyumfris, Veynaldum, de Ron (Veghorst, 73), de Yong, Depay, Malen (Promes, 57).
Chexiya: Vatslik, Chelustka, Kaderjabek, Kalas, Holesh (Kral, 85), Tsoufal, Masopust (Yankto, 79), Souchek, Shevchik (Xlojyek, 85), Barak (Sadilek, 90+2), Shik (Krmenchik, 90+2).
Ogohlantirishlar: Dyumfris, 46. Tsoufal, 56. de Yong, 84.
Chetlatish: de Ligt, 55.
Hakamlar: Karasev. Demeshko, Gavrilin (barchasi — Rossiya).
VAR: Attuell. Bets, Kavana (barchasi — Angliya), Gil (Polsha).
27 iyun. Budapesht. «Pushkash Arena» stadioni. 52 834 tomoshabin.

FIFA reytingida birinchi o‘rinda turgan Belgiyadan tashqari bu turnirga katta ishtaha bilan kelgan ikki jamoa guruhda yuz foizlik natija qayd etdi. 2018 yilgi mundialni o‘tkazib yuborgan Italiya va 2014 yilgi mundialdan keyin katta turnirlarga chiqa olmagan Niderlandiya guruh bosqichida sahrodan vodiyga tushib qolgan hamda o‘z chanqog‘i va ochligini qoldira olmayotgan sayyohlarni eslatardi. Budapesht ko‘chalarini to‘q sariq rangga bo‘yagan muxlislar haqida ham shu gapni aytish mumkin. Hissiyotlar va muhitga qarab bu Yevro-2020ning asosiy shahri degan xayolga borish mumkin edi. 

Niderlandlar uchun birinchi bosqichda ko‘p kuch sarflab yubormaslik muhim edi. Italiya avstriyaliklarga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazib buni tasdiqladi. Shunday ekan, «Apelsinranglilar»ga Chexiyaga qarshi o‘yin oson kechishini hech kim kafolatlamasdi. Frank de Burda ikki masala bor edi — sxema va ikkinchi hujumchi. Birinchi masala bo‘yicha javob oson edi, niderlandlar guruh bosqichidagi olti bo‘limdan faqta byuittasida klassik 4-3-3 sxemasini tajriba tariqasida qo‘llab ko‘rgandi. Hujumda esa «Barselona» bilan shartnoma tuzganidan keyin yanada yorqinroq o‘ynay boshlagan Depayning sherigi  Malen bo‘lishi ham oydinlashgandi. PSV forvardi dastlab Avstriyaga qarshi o‘yinda zaxiradan tushib o‘zini ko‘rsatdi, keyin makedonlarga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda o‘ynash imkoniga ega bo‘lgandi.

Malen yakshanba kungi o‘yinni ham zo‘r boshladi va ilk urinishda burchak zarbasi ishladi. Birinchi bo‘lim uchun chexlarni maqtasa arziydi, ular o‘zlari xavfli hujumlar uyushtira olmagan bo‘lishsa-da, raqibning barcha yurishlariga tayyorliklarini namoyish etishdi. Depay tanaffus arafasida uzoqdan bergan zarbasidan boshqa karomat ko‘rsata olmadi, guruh bosqichi qahramoni bo‘lgan Dyumfrisga esa shunchaki chopishga ham qo‘yishmadi. Himoyachi baribir bir necha bor raqib hududida keskinlik yuzaga keltirdi, ammo u raqib jarima maydonida besh marta to‘p bilan muomala qilgani va uch marta standart vaziyat ishlaganini guruh bosqichidagi o‘yinlari bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

Birinchi bo‘limning dastlabki o‘n daqiqaligidagi statistika ko‘p narsadan darak beradi, «to‘q sariqranglilar»ning bosh instruktori Veynaldumning to‘rt pasidan faqat bittasi manzilga aniq yetib borgan. Pragmatik chexlardan ko‘p narsa talab qilinmasdi ham. Ular mahorat bilan o‘z imkonlarini kutishdi, Souchekning vaziyatida bosh bilan aniq zarba berish qiyinroq bo‘lgan bo‘lsa, Barakning golidan faqat de Ligtning o‘z vaqtida qo‘yilgan oyog‘i qutqardi. Niderlandlar turnirda ilk bor birinchi bo‘limni birorta aniq zarba bermasdan yakunladi (jami zarbalar bo‘yicha 4:5, aniq zarbalar bo‘yicha 0:1).

O‘yinda burilish nuqtasi — Malen raqib xatosidan keyin to‘pga ega chiqib jarima maydoniga kirib borgan va darvozabon bilan yakkama-yakka holatda qolgan vaziyat bo‘ldi. U Vatslikni alday olmadi.

Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas ikkinchi tomonda de Ligt Shik bilan yakkakurash vaqtida oyoqda tura olmasdan, to‘pni qo‘li bilan o‘ynagach maydondan chetlatildi. Bu vaziyatda dastlab rossiyalik hakam Sergey Karasev faqat sariq kartochka ko‘rsatish bilan kifoyalandi, videotakrorni ko‘rgach esa qizil kartochkani chiqardi va niderlandlar bir kishi kam bo‘lib qoldi. 

Bu epizod o‘yinni butkul o‘zgartirib yubordi, de Bur esa sxemani qayta ko‘rib chiqishi kerak edi. U jasurlik bilan qaror qabul qildi, de Ligt o‘rniga yangi himoyachi tushirmadi, Malen o‘rniga 4-4-1 bo‘yicha joylashuvda chap qanotda harakat qiladigan Promesni tushirdi. Chap qanotda Kvinsining van Anholt bilan bog‘lami harakatlandi, o‘ngda esa Dyumfris yolg‘iz o‘zi yanada faollik ko‘rsatishi talab etilardi, unga kerakli vaziyatda Veynaldum qarashib turishi ko‘zda tutildi.

Dyumfris hamma joyga ulgurishga harakat qildi va hatto hali hisob ochilmagan vaqtda Kaderjabekning golidan qutqarib qoldi. Murabbiylarning rejasi tushunarli edi, ammo markazda uch nafar himoyachi joylashuvi jamoaning himoyadagi muammolarini yopib turgani ma'lum bo‘ldi, futbolchilar soni kam bo‘lib qolganida esa bo‘shliqlar yuzaga keldi.

Shilgava shogirdlari dastlab standart vaziyatdan gol urishdi: Tomash Kalash yuqori qavatda to‘pga birinchi bo‘lib yetdi va narigi ustun yaqinida turgan Tomash Holeshga tashlab berdi - 1:0.

Shundan keyin va-bankka borildi va hujumda Veghorstning ulkan tanasidan foyda chiqarishga harakat qilindi, ammo endi o‘yin Chexiya ssenariysi bo‘yicha kechayotgandi. 

80-daqiqada esa chexlarning ikkinchi goli o‘yin masalasini amalda hal qildi. Holesh chap qanotda Dyumfris va Veynaldumni dog‘da qoldirib, markazdan ochilib kelgan Patrik Shikni to‘p bilan ta'minladi, hujumchi esa chempionatdagi to‘rtinchi golini urdi - 2:0.

Niderlandlar o‘yinni birorta aniq zarba berolmasdan yakunlashdi: ikkinchi bo‘limda ham ular zarbalar bo‘yicha ortda qolishdi - 2:7 (aniq zarbalar bo‘yicha 0:4). Chexlar munosib ravishda g‘alabaga erishdi. Niderlandiyalik muxlislar de Burni bejiz tanqid qilib kelishmayotgani oydinlashdi.

Yaroslav Shilgavaning rejalari ishladi, uning jamoasi vaziyatlardan unumli foydalandi. Endi chexlarni chorak finalda Daniya kutib turibdi, ularga ham bu toshyong‘oqni chaqish oson bo‘lmasligi ko‘rinib turibdi.

Mavzuga oid