Iqtisodiyot | 15:56 / 28.06.2021
11114
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yana O‘zbekistonning qator korxonalariga pomidor va qalampir olib kirishga ruxsat berdi

Bugundan Rossiya Farg‘ona viloyatidagi 15ta korxonaga pomidor va qalampir olib kirishga ruxsat berdi. Rossiya o‘tgan yil noyabrda «pomidor jigarrang bujmayish virusi» sababli respublikaning ayrim hududlariga vaqtinchalik taqiq joriy etgandi. Dekabrdan boshlab bu taqiq bosqichma-bosqich bekor qilinib kelinmoqda.

«Rosselxoznadzor» (Rossiya Veterinariya nazorati va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati) bugundan boshlab  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining kafolati bilan O‘zbekistondagi 15ta korxonaga Rossiyaga pomidor va qalampir yetkazib berishga ruxsat berdi. Ruxsat etilgan korxonalarning barchasi Farg‘ona viloyatida joylashgan. 

Xabarga ko‘ra, ushbu qaror O‘zbekiston tomonidan «pomidor jigarrang bujmayish virusi»dan (ToBRFV) xoli bo‘lgan korxonalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, shuningdek,  bo‘limlar o‘rtasidagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlar natijalari asosida qabul qilingan.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 26 noyabrida «pomidor jigarrang bujmayish virusi» sababli respublikaning ayrim hududlariga Rossiya tomonidan vaqtinchalik taqiq joriy etilgan edi.

Dastlab, Farg‘ona viloyatidan eksport qilingan bulg‘or qalampiri va pomidor tarkibida zararkunanda topilgani vaji bilan ushbu hududdan ayni mahsulotlarni import qilishga taqiq qo‘yildi.

Keyinroq, «Rosselxoznadzor» O‘zbekistonning «Sunny land Export» kompaniyasi tomonidan eksport qilingan mahsulot tarkibida «Tomato brown rugose virus» aniqlangani vaji bilan Navoiy va Qashqadaryodan pomidor importiga taqiq joriy etdi.

«Rosselxoznadzor» 2020 yil 18 dekabrdan boshlab Farg‘ona viloyatida joylashgan 7ta korxonadan pomidor va qalampir mahsulotlarini Rossiya hududiga olib kirishga ruxsat bergan.

Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha federal xizmati 2021 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston hukumati huzuridagi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi kafolati ostidagi 34ta kompaniyaga pomidorlarni Rossiyaga eksport qilishga rozilik berdi.

«Rosselxoznadzor» 2021 yil 3 martdan boshlab Rossiyaga O‘zbekistonning oltita korxonasidan pomidor olib kirishga ruxsat berdi.

Shuningdek, aprel oyida O‘zbekistonning 17ta korxonasiga Rossiyaga pomidor olib kirishga ruxsat berildi.

Mavzuga oid