Jamiyat | 09:39 / 29.06.2021
8818
8 daqiqa o‘qiladi

 800 AQSh dollarigacha stipendiya, yashash xarajatlari haqida – Xitoydagi doktorant bilan suhbat

UzbekLife chet eldagi vatandoshlar bilan suhbatlarini davom ettiradi.  Bu gal bir necha yillardan buyon Chin yurtida ilmiy izlanishlar olib borayotgan hamyurtimiz Zuhriddin Shirinboyev bilan intervyu tashkil qildik.

Suhbatdoshimiz hozirda Xitoyning Chunsin shahridagi Southwest universitetida PhD bosqichida tahsil oladi.

Mutaxassisligim qatori xitoy, ingliz tillarini puxta o‘zlashtirishga harakat qildim

1992 yil Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tug‘ilganman.

1999-2010 yillar tumanimizdagi 4 sonli o‘rta maktabda o‘qidim. Bir muddat, ya’ni 2009-2010 yillar yozgi ta’til davrida Navoiy erkin iqtisodiy zonasi qurilishida payvandchi yordamchisi sifatida ishlaganman. O‘sha paytda koreyalik muhandislarga tarjimonlik qilib yurgan qiz menda havas uyg‘otgan.

Avvalo, ota-onamning to‘g‘ri yo‘nalish berishganligi va ana shu havasga ergashib, 2010 yil Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi (xitoy-ingliz guruhi)” yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Universitetda ham mutaxassisligim qatori xitoy, ingliz tillarini puxta o‘zlashtirishga harakat qildim. Shu bois, 2013-2014 yillar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi talabalar almashinuvi bo‘yicha hozir doktoranturada o‘qiyotgan Southwest universitetidagi bir yillik xitoy tili malaka oshirish kursida o‘qidim. Ushbu oliygohdagi bir yillik o‘qish davri dunyoqarashim boyishida muhim bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ayni shu vaqtda eng yuqori HSK-6 – xitoy tilini bilish darajasini belgilovchi imtihonni muvaffaqiyatli topshirdim. Shu bilan birga, “Xitoy tili yulduzi” notiqlik san’ati musobaqasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Bir yillik tahsildan keyin O‘zbekistonga qaytib bakalavr bosqichini tamomlagach, 2015 yil “Jahon siyosati” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichi uchun yana Xitoyga qaytdim. Magistratura bosqichida tahsil olgan davrda uch yil ketma-ket “Excellent International student scholarship” namunali chet ellik talaba stipendiyasini olishga muvaffaq bo‘ldim.

2018 yildan buyon PhD bosqichi talabasiman. Hozirda “Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarining yangi tarixi unda “Bir makon – bir yo‘l dasturining o‘rni” mavzusida ilmiy izlanish qilyapman.

Talabalarning bir oylik xarajati 200 – 400 AQSh dollari atrofida

Southwest university – Xitoy Xalq Respublikasining Chunsin shahrida joylashgan. Oliygoh Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities’da 473 o‘rinni egallaydi. 2021 yil hisobida 54 000 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Shundan 40000 talaba bakalavr yo‘nalishida, 11 000 talaba magistr va PhD bosqichida qolgan 3000 ni esa dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan kelgan xorijlik talabalar tashkil etadi.

Qolaversa, ta’lim muassasamizda 29 ta Xalqaro tadqiqot markazlari joylashgan va 120 dan ortiq laboratoriyalar bor.

Universitetda chet ellik talabalar uchun bir necha ta’lim grantlari mavjud. Xususan, stipendiya turiga qarab 200 – 800 AQSh dollari miqdorida stipendiya olish mumkin. Talabalarning bir oylik xarajati esa taxminan, 200-400 AQSh dollari atrofida. Barcha chet ellik talabalar uchun universitetda mehmonxona shaklidagi barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yotoqxona bor.

Universitetga qabul qilinish talablari esa bir qancha bosqichlardan o‘tishni talab etadi. Xitoy hukumati hozirgi kunga kelib Chet ellik talabalardan til bilish darajasi sertifikati  HSK yoki IELTS’ga ega bo‘lishni talab qilmokda. Bundan tashqari ushbu oliygohda o‘qish uchun talaba o‘z yo‘nalishi bo‘yicha maqolalar chiqarishi hamda tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha onlayn suhbatdan o‘tishi kerak. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, universitetga qabuldan ham ko‘ra o‘quv jarayoni va bitiruv imtihonlari anchayin mushkul hisoblanadi.

Kichik sinflardan boshlab sohalarga ajratiladi

Bilishimcha, Xitoy maktablarida ta’lim kichik sinflardan boshlab sohalarga ajratiladi. Ya’ni gumanitar, aniq yoki tabiiy fanlarga. Yoshlar kichikligidan o‘zi tanlagan sohani chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganadi. Bu uchun davlat barcha sharoitlar yaratib bermoqda. Qolaversa, bu yerda har bir ish o‘rni uchun kuchli raqobat mavjud. Ayni shu narsa ham xitoyliklarning yetuk mutaxassis bo‘lishiga xizmat qilmoqda, deb o‘ylayman.

E’tiborlisi, mamlakatdagi ta’lim muassasalarida 24 soat xizmat ko‘rsatuvchi kutubxonalar bo‘lib, ertalab 8:00 dan kech 22:00 ga qadar bo‘sh o‘rin topish eng quvonchli holatlardan biri.

Ochig‘i, yana bir muhim jihatlardan bu – O‘zbekistondan farqli ravishda Xitoydagi har qanday ilmiy ishlaringiz, hatto bakalavr, magistr ishlaringiz, albatta, ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Sodda qilib aytganda, shunchaki qog‘ozbozlik uchun ilmiy ish qilmaysiz. Tayyorlagan ishingizda yangilik bo‘lishi va amaliyot tatbiq etilishi lozim.

58 mingga yaqin iyerogliflari bor

Xitoy iyerogliflar soni turli manbalarga ko‘ra, 58 mingga yaqin. Tan olib aytish kerakki, mamlakatdagi eng kuchli professorlar ham buncha ko‘p yozuvlarni yoddan bilishmaydi. Ammo, shunday bo‘lsa-da, Xitoyda iyerogliflarni bilish talabi qat’iy qo‘yilgan.

Mutaxassis sifatida ayta olamanki, xitoy tili murakkab bo‘lishiga qaramay, ushbu tilni bilish har tomonlama foydali. Ma’lumki, BMTning 6 ta ish tili mavjud. Xitoy tili ham mazkur 6 tilning biri. Qolaversa, O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari yildan yilga rivojlanib boryapti. Demoqchimanki, ushbu tilni o‘rganib, kelajakda daromadli sohalarda ishlash mumkin.

Soha qiziquvchilarga ma’lumot sifatida ayta olamanki, ilmiy yo‘nalishdan boshqa vakillar 2 mingdan ziyod xitoy iyerogliflarini bilishi, xitoy tilida so‘zlashish uchun yetarli bo‘la oladi.

Xitoy, ingliz, rus va turkman tillarida erkin so‘zlasha olaman

Qariyb olti yildan buyon yashab guvoh bo‘lganim, xitoyliklar hanuzgacha O‘zbekiston haqida ko‘p ham bilishavermaydi. Ammo, ilk 2013 yilda kelgan paytlarimdan ko‘ra, O‘zbekistonni tanib borayotganlar ko‘paygan. Bunga so‘nggi yillarda davlatimizning jahon hamjamiyati uchun tobora keng ochilib borayotgani va Shanhay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi faolligi sabab bo‘ldi, deb hisoblayman.

Bugungi kunda, xitoy, ingliz, rus va turkman tillarida erkin so‘zlasha olaman. Xorijiy tillarni bilishim bu yerga moslashishim va o‘qishdan tashqari pul ishlashimga yordam bergan. Misol uchun, 2015 yildan buyon xitoylik o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatib kelaman. Shu bilan birga, 2016 yildan beri O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi turli yirik tadbirlarda tarjimonlik vazifasini bajarishga muvaffaq bo‘ldim. Shuningdek, ShHTning Yoshlar ligasi a’zosi sifatida Xitoyda mamlakatimiz salohiyatini faol targ‘ib qilishga harakat qilyapman.

Kelgusida esa, ikkala davlat hamkorligini yanada rivojlantiradigan diplomat bo‘lish niyatidaman.

Asliddin Annayev suhbatlashdi

Mavzuga oid