Jahon | 11:09 / 29.06.2021
5262
2 daqiqa o‘qiladi

Facebook kapitallashuvi 1 trillion dollardan oshdi

Foto: riafan.ru

Facebook aksiyalari 28 iyundagi birja savdolari davomida 4,2 foizga qimmatlashib, 355,6 dollarga yetdi. Buning natijasida kompaniyaning bozor qiymati ilk bor 1 trln dollardan oshdi.  

Kompaniya aksiyalari narxi Kolumbiya okrugining antimonopol ishlar bo‘yicha federal sudining qarori ortida ko‘tarildi. Sud Facebook’ning sud taftishini to‘xtatish haqidagi iltimosini qondirdi. Sudning fikricha, da'vo qiluvchilar kompaniya qonunni buzganini isbotlay olishmagan. 

Kompaniya ustidan sudga da'vo arizasini AQSh federal savdo komissiyasi hamda 48ta shtat va okrug ma'muriyati 2020 yil dekabrda bergan edi. Ular kompaniyaning bozordagi monopol mavqega egaligiga misol sifatida u tomondan Instagram ijtimoiy tarmog‘i va WhatsApp messenjerining sotib olinishini keltirishgan. Da'vo qiluvchilarning fikricha, Facebook kichikroq raqobatchilarni yo‘q qilish uchun o‘zining monopol mavqeyidan foydalangan.

Bungacha kapitallashuvining 1 trln dollardan oshishiga Amazon, Alphabet (Google), Microsoft va Apple erishgan edi.

O‘tgan hafta Microsoft’ning kapitallashuvi 2 trln dollardan oshdi. Korporatsiya Apple’dan keyin AQShda bunday ko‘rsatkichga erishgan ikkinchi kompaniyaga aylandi.

Mavzuga oid