Sport | 19:49 / 29.06.2021
47425
9 daqiqa o‘qiladi

«Oltin to‘p»ga da'vogar «o‘nlik»dagi o‘zgarishlar: Sovringa kim munosib?

«Oltin to‘p» masalasiga oydinlik kiritib beruvchi o‘yinlarni tomosha qilib bormoqdamiz. Har bir uchrashuv orqali yilning eng yaxshi futbolchisi nomiga da'vogarlar o‘zlarini ijobiy tarafdan ko‘rsatishga intilmoqdalar.

Goal.com sayti har hafta yakunlari bo‘yicha, eng yaxshilar ro‘yxatini yangilab bormoqda. Quyida eng yaxshi 10 futbolchi va ularning reytingdagi o‘rinlari sabablarini tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.

10. Ruben Diash
Avvalgi pog‘onasi: 
8-o‘rin
2021 yilda: 1 gol, 19ta «quruq o‘yin». APL chempionligi, Angliya kubogi.

Diash Portugaliya safida «Siti»dagidek ishonchli o‘ynamadi. Ha, bu pastlashda jamoasining musobaqadan chiqib ketishi katta rol o‘ynadi. Biroq, Ruben ham o‘sha mag‘lubiyatdagi aybdorlardan biri edi. Markaz orqali Torgan Azarning bu qadar kuchli zarba berishiga yo‘l qo‘yilganida uning ham aybi bor.

Shunga qaramay, Diash joriy mavsumdagi eng yaxshi himoyachilar ro‘yxatini boshqarib bormoqda. O‘nlikda Rubendan boshqa orqa chiziq vakilini ko‘rmaysiz. Lekin portugaliyalikka «Oltin to‘p»ning berilishi uchun sabablar yetarli emasdek.

9. Erling Holand
Avvalgi pog‘onasi: 
11-o‘rin
2021 yilda: 25ta gol, 9ta assist. Germaniya kubogi g‘olibi.

Holandning ushbu hafta davomida qilgan ishi uyida o‘tirish va shaxsiy mashg‘ulotlarini amalga oshirishdan iborat bo‘ldi. Xo‘sh, u holda qanday qilib norvegiyalik futbolchi ro‘yxatda yuqorilashi mumkin. Gap shundaki, bundan avvalgi reytinglarda undan oldinga qo‘yilgan futbolchilarda Yevropa chempionatida muvaffaqiyat qozonish va bu orqali «Oltin to‘p» uchun da'vogarlar qatorida yuqoriga ko‘tarilib olish imkoniyati bor edi. Ular qit'a birinchiligidan chiqib ketgan ekanlar, endi mavsumni ancha sermahsul o‘tkazgan va bu holatda ulardan ko‘ra «Oltin to‘p»ga yaqinroq bo‘lgan Erlingga joyni bo‘shatishlari talab etiladi.

8. Karim Benzema
Avvalgi pog‘onasi: 
9-o‘rin
2021 yilda: 22ta gol, 5ta assist.

Yevropa chempionatini tark etgan bo‘lsa-da, Benzema 4ta gol urish orqali reytingda yuqorilay oldi. Karimning milliy jamoadagi restarti bu qadar omadli kechishi kutilmagandi. Ha, u top-darajali hujumchi. Ha, u «Real»da ham xuddi shu taxlit o‘ynayotgandi. Portugaliyaga qarshi o‘yinda u jamoasining ikkala goliga mualliflik qilgandi. Kecha esa Shveytsariya darvozasiga ham dubl yo‘llashga erishdi. Afsuski, penaltilar seriyasida omad «banklar yurti» vakillari tomonida bo‘ldi.

7. Krishtianu Ronaldu
Avvalgi pog‘onasi: 
7-o‘rin
2021 yilda: 27ta gol, 4ta assist. Italiya Superkubogi, Italiya Kubogi.

Ronaldu milliy jamoa uchun urilgan gollar soni bo‘yicha Ali Dayiga yetib olishga erishdi. Biroq, endi u qit'a chempionatining davomini televizordan ko‘rishga majbur. Belgiya Krishtianu aytganidek rosmana omad evaziga g‘alaba qozondi. «Qizil iblislar»ni g‘alabaga nomunosib deyishdan yiroqmiz. Biroq, Krish va jamoadoshlari eng kamida ekstra-taymlarga haqli o‘ynagan edilar.

«Oltin to‘p» masalasida portugaliyalik superyulduzning imkoniyatlari u qadar yuqori emas. Ikkala jamoasida ham katta musobaqalarda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shaxsiy statistikasini bezab turgan gollar unga yilning eng yaxshi futbolchisi unvonini olib berolmasa kerak.

6. Kevin de Bryuyne
Avvalgi pog‘onasi: 
3-o‘rin
2021 yilda: 10ta gol, 10ta assist. APL, Angliya Kubogi g‘olibligi.

Kevinning ishlari joyida emas. U tinmay jarohat olmoqda. Raqiblar uni to‘xtatishning yagona yo‘li sifatida o‘ta qo‘pol o‘yinni tanlashmoqda. Ayniqsa, so‘nggi oy mobaynida u juda ham og‘riqli to‘qnashuvlarda ishtirok etdi.

Belgiya Yevropa chempionatidagi yurishini davom ettirmoqda. Lekin ochig‘ini aytganda, de Bryuyne jamoasining chorakfinalga chiqishida yetakchi rolni o‘ynamadi. Aniqrog‘i, bunga raqiblar va jarohatlar imkon bermadi. Chempionlar ligasini ham finalda boy bergan futbolchi milliy jamoa bilan ham nufuzli musobaqani davom ettira olmaslik xavfi ostida bo‘lib turibdi. Bu holatda «Oltin to‘p» unga nasib etmasligi aniq.

5. Lionel Messi
Avvalgi pog‘onasi: 
6-o‘rin
2021 yilda: 32ta gol, 11ta assist. Qirol kubogi g‘olibi.

Leo Amerika Kubogida javlon urmoqda. Endi u jamoasi bilan pley-offda o‘ynaydi. Chili bilan o‘yindagi durangni inobatga olmasak, Argentina barcha uchrashuvlarda ishonch bilan g‘alaba qozondi. Messi ham har bir o‘yinda katta sahnadan tushmadi.

Bugun Boliviyaga qarshi guruh bosqichining so‘nggi tur bellashuvida u 2ta gol va bitta assist muallifiga aylandi.

Klubidagi o‘rtamiyona mavsum uni yilning eng yaxshi futbolchisi unvonini 7-marta olishidan to‘sib qo‘yishi mumkin. Lekin «Kopa Amerika»ni yutsa, bu ehtimol juda oshib ketishi mumkin. Unda real imkoniyatlar mavjud.

4. Robert Levandovski
Avvalgi pog‘onasi: 
4-o‘rin
2021 yilda: 34ta gol, 4ta assist. Bundesliga, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibligi.

Robert Polsha uchun qo‘lidan kelganini qildi. Birinchi turdagi muvaffaqiyatsiz o‘yinidan so‘ng uni «Bavariya»dagina kuchli deguvchilar topildi. Biroq keyingi turlardagi mazmunli harakati bilan barcha tanqidlarga javob berdi. Ha, Robert - strayker. U o‘ziga yaratib berilgan vaziyatdan foydalanishga usta. Lekin aynan mana shu jihat bugungi kun futbolining qanchadan qancha markaziy hujumchilariga yetishmayapti?!

Jarohat sabab o‘tkazib yubormaganida, balki, YeChLda ham myunxenliklar uzoqroqqa borgan bo‘lar edi.

3. Romelu Lukaku
Avvalgi pog‘onasi: 
5-o‘rin
2021 yilda: 21ta gol, 7ta assist. A Seriya g‘olibligi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Belgiyani de Bryuyne oldinga boshlay olmayapti. Jamoadosh do‘sti jarohatlari bilan andarmonligini his qilgan Lukaku bor mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olgandek.

«Inter» bilan tarixiy chempionlikni tantana qilgan hujumchi Belgiya bilan ham Yevropa birinchiligi g‘olibiga aylansa, «Oltin to‘p» uchun undan-da munosibroq nomzod qolmaydi.

2. Kilian Mbappe
Avvalgi pog‘onasi: 
2-o‘rin
2021 yilda: 29ta gol, 6ta assist. Fransiya Kubogi g‘olibi.

Mbappe og‘ir mavsumni boshidan o‘tkazyapti. Shveytsariyaga qarshi bellashuv uning o‘yini emasdi. Mana shunday mag‘lubiyatlar uni kuchli futbolchi sifatida tarbiyalay olishi mumkin. Mana shunday xatolar bilan o‘zi havas qilgan Ronaldu darajasiga chiqishi mumkin.

Klub miqyosidagi turnirlarda ham liga g‘olibligini qo‘ldan chiqardi, YeChL bilan ham yarimfinalda xayrlashdi. Aslida, uning «Oltin to‘p»ga loyiq o‘yinlari yetarli. Biroq, odatda, «France football» katta titullarni yutgan futbolchilarni e'tirof etadi.

1. Ngolo Kante
Avvalgi pog‘onasi: 
1-o‘rin
2021 yilda: 1ta assist. YeChL g‘olibligi.

Kechagi uchrashuvdan keyin «Oltin to‘p» masalasi yanada chigallashdi. Kante shveysarlarga qarshi o‘yinda o‘ziga o‘xshamadi. Markazdagi bo‘shliq evaziga raqiblar gol urib ketgan vaziyatlarni ko‘rdik. Demakki, Fransiyaning musobaqani tark etishida Kante ham katta aybdorlardan biri.

YeChL g‘olibligi nufuzini yaxshi anglaymiz. Biroq, ligada ham muvaffiyatsizlikka uchragan klub futbolchisining «Oltin to‘p»ni olishiga qarshilar ko‘p bo‘ladi. Ularning da'volarida asos ham bordek.

«Goal.com» reytingi asosida A.Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid