Qiynoq – jamiyat tanasidagi jirkanch kasallik. Uni davolash uchun avvalo shaffoflik kerak
Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili, ombudsman Feruza Eshmatova Kun.uz'ga taqdim etilgan maqolasida qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha qabul qilingan prezident qaroridagi muhim jihatlarni sanab o‘tadi.
“Amnesty International” xalqaro tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda qiynoqlar va odamlarga nisbatan shafqatsiz muomala turlari jahonning kamida 140 ta mamlakatida qo‘llanilishi kuzatilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, qiynoq insonga uzoq muddatli psixologik ta'sirga ega bo‘lgan, shaxs sifatida yo‘q qilishga qaratilgan xatti-harakat sifatida baholanadi. Jarohat, yaralarni shifokor davolaydi, biroq u qiynoq oqibatlarini tezda bartaraf eta olmaydi. Bunga ancha ko‘proq vaqt kerak. Qiynoqlarni boshdan kechirgan insonlar qalbidagi mana shu bitmas jarohat bilan uzoq yillar yashashga majbur bo‘ladilar, chunki bunday illatni unutish qiyin va mushkuldir. Hattoki 30 yil o‘tgach ham ularga hali-hanuz psixologik yordam kerak bo‘lishi mumkin.
Shu jihatdan davlatimiz rahbarining kuni kecha e'lon qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori nafaqat ushbu illatni barvaqt aniqlash, bartaraf etish, balki qiynoqdan jabr ko‘rgan insonlarga har tomonlama yordam berish va ularga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilishga ham qaratilgani bilan ahamiyatli.
Shu paytgacha ushbu illatning oldini olish va bartaraf etishda bu kabi maxsus hujjatlar qabul qilinmagan. Bu yana bir bor inson huquqlari himoyasi O‘zbekiston uchun muhim yo‘nalish ekanligidan darak beradi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, qiynoq bu – jamiyat tanasidagi jirkanch kasallik. Uni davolash uchun avvalo shaffoflik ta'minlanishi kerak. Chunki aynan shaffoflik – qiynoqlarning barvaqt oldini olishning ta'sirchan vositalaridan biri.
Qarorda nazarda tutilgan bir qator choralar ham shunga qaratilgan. Ombudsman huzurida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarining tashkil etilishi shular jumlasidan.
Shunisi e'tiborliki, jahon miqyosida ko‘pgina davlatlar qamoqda saqlash yoki majburiy ushlab turish joylariga istalgan paytda borishlari mumkin bo‘lgan yangi institutlar faoliyatini yo‘lga qo‘ydilar. Jumladan, Rossiyada bu – jamoatchilik kuzatuv komissiyalari bo‘lsa, Braziliyada bu – shtatlar darajasidagi qiynoqlarning oldini olish mahalliy qo‘mitalari hisoblanadi, MDHning ayrim mamlakatlarida esa jamoatchilik monitoring guruhlari faoliyat ko‘rsatadi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda Ombudsman ekspertlik guruhi negizida tashkil etilayotgan Jamoatchilik guruhlari tarkibiga Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari jalb qilinadi.
Bunda, ularning monitoring tashriflarini amalga oshirish uchun kasbiy malakasi va amaliy bilimlarga ega bo‘lishi hamda gender tengligi ta'minlanishi hisobga olinadi.
Aslida, ushbu guruhlarning ahamiyati ulkan. Chunki qiynoqlar odatda yashiriladi, ular jamiyat uchun yopiq joylarda sodir etiladi. Jabrlanganlar ular duch kelgan vaziyatlar haqida gapirishga qo‘rqadilar. Mana shunday vaziyatda jamoatchilik guruhlari kerakli signalni berishlari mumkin.
Qabul qilingan qarorning yana bir muhim jihati borki, unda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning qonuniy asosini ta'minlash belgilangan. Xususan, qarorning 8-bandida Oliy Majlis palatalariga Jamoatchilik guruhlarini shakllantirish, faoliyatini tashkil qilish va monitoring o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi qonun hujjatlarini qabul qilish topshirilgan.
Shuni ham tushunish muhimki, qiynoqlar nafaqat inson, balki jamiyatga ham juda katta zarar yetkazadi. Qiynoq, odamning butun keyingi hayotiga soya solar ekan, uning vayron bo‘lgan umri yaqinlarini ham iztirob chekishga majbur qiladi. Oqibatda ko‘mak bir emas, bir nechta insonga kerak bo‘ladi. Pirovardida qiynoq oqibatlari butun jamiyatni izdan chiqaradi. Natijada mamlakat rivojlana olmaydi, jamiyatda tinchlik va demokratiyaga erishib bo‘lmay qoladi. Demak, qiynoqqa duch kelgan insonning sha'ni va qadr-qimmatini tiklash – muhim vazifa va u avvalo davlat zimmasiga yuklatilgan. Shu jihatdan qarorda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta'minlash masalasiga ham alohida e'tibor berilgan. Unga ko‘ra, qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini ishlab chiqish belgilandi.
Bu juda muhim, zero, har qanday jabrlanuvchi qiynoq yoki shafqatsiz muomala uchun tezkor, adolatli va teng kompensatsiya olish huquqiga ega. Bunda shafqatsiz muomaladan aziyat chekkan insonga beriladigan kompensatsiya har qanday iqtisodiy baholanishi mumkin bo‘lgan zararning o‘rnini qoplash uchun yetarli bo‘lishi lozim. Qolaversa, konpensatsiya qilish tartibining ishlab chiqilishi va amalga kiritilishi kelgusidagi ehtimoliy qonunbuzarliklarga nisbatan preventiv va tiyib turuvchi ta'sirga ham ega bo‘ladi.
Albatta, qiynoqqa solingan shaxslarning qadr-qimmatini tiklash maqsadida ularga yetkazilgan zararni har tomonlama kompensatsiya qilish juda muhim masala. Shunday bo‘lsa-da, bu illatni tag-tomiri bilan yo‘q qilishda avvalo preventiv, oldini oluvchi omillarni kuchaytirish yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda eng zarur qiynoqqa solish uchun javobgarlik belgilovchi normalarni BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi Konvensiyasi” talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqishi belgilandi.
Bu esa qarorda ushbu illatni yo‘q qilish bo‘yicha belgilangan eng muhim ustuvor vazifa – qiynoqlarni aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umume'tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirishga va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qiladi.
Feruza Eshmatova,
Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)
Mavzuga oid
17:35 / 18.11.2024
O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
18:53 / 11.10.2024
BMT oiladagi zo‘ravonlikni tugatish bo‘yicha O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi
17:40 / 23.09.2024