Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Usmonlilar davriga tegishli asl manbalar saqlanadi – Anqara universitetiga sayohat (foto)
UzbekLife loyihasini ko‘pdan buyon katta qiziqish bilan kuzatib boraman. O‘zim kabi chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlar tayyorlayotgan kontentlardan ilhomlangan holda ushbu maqola orqali o‘zim tahsil olayotgan oliygoh haqida ma'lumot bermoqchiman.
70 mingga yaqin talaba tahsil oladi
Turkiyaning eng mashhur universitetlari ro‘yxatida peshqadamlardan biri hisoblangan Anqara universiteti rasman 1946 yilda tashkil etilgan.
Dunyoning TOP-1000 talikka kiruvchi bu universitet mamlakat milliy reytingida ham 6-o‘rinni mustahkam egallagan.
Anqara universiteti o‘z ichiga 18 ta fakultet, 1 ta konservatoriya, 14 ta institut, 113 ta bakalavr yo‘nalishlari va 49 ta tadqiqot markazlarini qamrab oladi. Universitet fakultetlari kampuslarda joylashgan. Xususan, Tandog‘an, Go‘lbashi, Jyebeji, Dishkapi kabi kampuslar mavjud.




Kampuslar ichida sport maydonlari, ovqatlanish va talabalar dam olish joylari bor. Kampuslarning yana bir o‘ziga xosligi uning «yashilligi»dir. Kampusga kelgan har qanday inson darrov buning farqiga boradi.
Anqara universitetida 70 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Shulardan 5 mingga yaqini dunyoning turli davlatlaridan kelgan talabalardir. Chet eldan kelgan talabalar davlat va xususiy yotoqxonalarda joylashishlari mumkin.




Usmonlilar davriga tegishli asl manbalar saqlanadi
Yotoqxonalar narxlari sharoitiga ko‘ra o‘zgaradi. Ba'zi yotoqxonalarda nonushta va kechki ovqat beriladi. Albatta, ovqat puli oylik to‘lov ichiga kirib ketadi. Tushlikni universitet kampusi ichida joylashgan oshxonalarda arzon narxlarga qilsa bo‘ladi. Talabalar uchun chegirmalar mavjud. 5-6 ming so‘m bo‘lishi mumkin.
Universitetda o‘qish oson emas. Darslarni tashkil etish uslubi O‘zbekiston OTMlaridagi darslarga o‘xshash. Ammo bu yerda talab kuchli. Shuning uchun bo‘lsa kerak oqshomlari ham oliygoh hududida talabalarni uchratish mumkin.
Turkiya universitetlarida o‘qish 5 kun davom etadi. Bakalavr talabalarining darsdan so‘ng ishlashlari qonunan taqiqlangan. Ammo magistr va PhD talabalari darsdan so‘ng ishlashlari mumkin.




Universitetning eng katta kutubxonasi Tandog‘an kampusida joylashgan. Va albatta, boshqa kampusda ham kutubxonalar mavjud. Kutubxonalar boy kitob fondiga ega. Bu yerda, hatto, Usmonlilar davriga tegishli asl manbalar ham saqlanadi.
Kutubxona 8:00 dan 17:00 ga qadar faoliyat yuritadi. Elektron kutubxona xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Talabalar bu tizim orqali onlayn kitob buyurtma qilish imkoniga ega.


Universitet kampuslarida talabalar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Misol sifatida katta tennis kortlari, suzish havzasi, turli sport maydonlari, dam olish va suhbatlashish uchun o‘rindiqlar mavjud. Talabalar bo‘sh vaqtlarida turli faoliyatlar bilan shug‘ullanishadi. Buning uchun musiqa festivallari, teatr klublari mavjud. Talabalar uchun tez-tez sayohatlar tashkil etiladi.



Turkiyaning 10-prezidenti Ahmed Nejdat Sezer tahsil olgan
Anqara universiteti o‘z tarixida mashhur insonlarga ta'lim bergan. Jumladan, Turkiyaning 10-prezidenti Ahmed Nejdat Sezer, Turkiyaning 1950-60 yillardagi mashhur bosh vaziri Adnan Menderes, o‘nlab vazir va davlat amaldorlari, akademiklar, olimlar, mashhur shoir va yozuvchilar aynan Anqara universitetida tahsil olishgan.



Anqara universitetida o‘qishni xohlaganlar uchun bir qancha imkoniyatlar mavjud. Masalan, YÖS Uluslararası Öğrenci Sınavı va Turkiya grantlari dasturi orqali o‘qish mumkin. YÖS sinovi faqat chet-ellik talabalar uchun mo‘ljallangan. Bunda 3 ta fandan imtihon topshirish talab etiladi. Bular matematika, geometriya va mantiq fanlaridan bo‘lib o‘tadi. Imtihonga kirish uchun talabalar ma'lum to‘lovni amalga oshirishlari kerak. To‘lov universitetlarga ko‘ra farqlanadi.



Muzaffar Habibullayev
Turkiyadagi Anqara universiteti magistranti
Mavzuga oid
11:35 / 28.05.2025
Turkiyada murakkab vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik ayolga yordam berildi
17:01 / 24.05.2025
Turkiyada «Sulton Sulaymon» 1 yil 10 oy shartli qamoq jazosiga hukm qilindi
15:49 / 24.05.2025
O‘zbekiston Shusha deklaratsiyasiga qo‘shilgani haqidagi xabarlar rad etildi
21:12 / 23.05.2025