Jahon | 15:13 / 02.07.2021
45996
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan 9 mingga yaqin afg‘onni vaqtincha qabul qilishni so‘radi - OAV

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati Markaziy Osiyodagi uchta davlatdan Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik qilgan 9 000ga yaqin afg‘onistonlik fuqaroni vaqtincha o‘z hududida joylashtirishni so‘radi. Bu haqda Bloomberg muzokaralardan xabardor bo‘lgan ikki manbasiga asoslanib xabar qildi.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilgandan so‘ng, bu odamlar xavf ostida qolishi mumkin 

Shu bilan birga, nashr afg‘onlarga aloqador bitim Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Afg‘oniston bo‘yicha kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun yanada kattaroq bitimning bir qismi bo‘lishini ta'kidlamoqda. 

Manbalardan biriga ko‘ra, ushbu masalalar AQSh tegishli tuzilmalari vakillarining Vashingtonda bo‘lib turgan O‘zbekiston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvida muhokama qilingan. 

Ma'lum qilinishicha, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston va Tojikistondagi hamkasblari bilan Vashingtonga ushbu mamlakatlar hududlaridan razvedka amaliyotlarini o‘tkazishga imkon beruvchi shartnoma loyihasini ham muhokama qilmoqda. 

«Ular bizni tezda ko‘chirib o‘tadi deb umid qilamiz, sababi xavfsizlik darajasi haqiqatan ham yomonlashmoqda va bu mamlakatlar Afg‘onistonga qaraganda ancha xavfsizroq», degan AQSh hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha xodimi Amin Rahimiy juma kuni Bloomberg’ga telefon orqali. 

AQShning iltimosi amerikalik harbiylar qariyb yigirma yildan so‘ng Afg‘oniston markazidagi Bagrom aerodromini tark etgani hamda uni Afg‘oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlariga topshirgani fonida yangradi.

Kobuldan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan Bagrom aerodromi AQShning Afg‘onistondagi eng yirik va asosiy aviabazasi bo‘lgan. 

Bugungi kunda Kobul aeroporti hamda mamlakat poytaxtidagi AQSh elchixonasi xavfsizligini ta'minlash uchun 1 000ga yaqin amerikalik harbiy Afg‘onistonda qolmoqda. 

«Haqiqat shuki, Afg‘onistonning omon qolishi, xavfsizligi va birligi xavf ostida», dedi Afg‘oniston Milliy yarashuv kengashi raisi Abdulla Abdulla chorshanba kuni yuqori darajadagi siyosiy rahbarlar ishtirok etgan uchrashuvda.

Bayden ma'muriyati mojaro paytida AQSh harbiylari bilan yaqindan hamkorlik qilgan afg‘onlarga immigratsion vizalar berish jarayonini tezlashtirish to‘g‘risida ham va'da qildi.

Davlat kotibi Entoni Blinken iyun oyida AQSh toliblar qurboniga aylanishi mumkin bo‘lgan afg‘on rasmiylari - tarjimonlar, haydovchilar, quruvchilar va boshqa xodimlarga yordam berish uchun «barcha imkoniyatlarni» ko‘rib chiqayotganini aytgandi. 

Mavzuga oid