Jahon | 20:05 / 02.07.2021
71888
7 daqiqa o‘qiladi

AQShning so‘nggi harbiylari Bagromdagi aviabazani tark etdi. Bu nima uchun muhim va nimasi bilan xavfli?

Afg‘onistonning Bagrom shahridagi yirik harbiy bazasini AQSh va NATOning so‘nggi harbiylari tark etdi. Aynan shu baza orqali 20 yil mobaynida toliblar va IShIDga qarshi eng asosiy amaliyotlar o‘tkazib kelinayotgandi, u yerdan g‘arbliklar kontingenti butunlay ketishi esa Afg‘oniston uchun jiddiy oqibatlar keltirib chiqaradi.

Foto: AFP

Amerikalik harbiylarni Afg‘onistondan butunlay olib chiqish to‘g‘risida toliblar va AQSh o‘rtasida Donald Tramp prezidentligi davrida kelishuvga erishilgandi. Hozirgi prezident Jo Bayden Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar olib chiqilishining so‘nggi muddatini belgiladi: jarayon 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak - shu kuni amerikaliklar Afg‘onistonga bostirib kirishiga sabab bo‘lgan Nyu-York teraktlariga 20 yil to‘ladi.

Amerikaliklarning Bagromdan ketishi barcha sohalarga ta'sir ko‘rsatishi mumkin - milliy xavfsizlikdan tortib oddiy afg‘onlarning kundalik turmush tarzigacha.

Masalan, endi Kobuldagi aeroportni kim qo‘riqlashi hozircha ma'lum emas. Bu aeroport xalqaro diplomatik missiyalar faoliyati va strategik yuklarni yetkazib berishda muhim ahamiyatga ega.

Aeroport muhofazasini ko‘p yillar davomida amerikalik harbiylar ta'minlab kelishgandi. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, ular sentyabrga qadar ham Kobulda qolishadi, Vashington hozirda bu funksiyani o‘z zimmasiga olishi mumkin bo‘lgan hamkorni qidirmoqda. Xabar qilinishicha, bu masala yaqinda AQSh va Turkiya prezidentlari o‘rtasida muhokama qilingan, ammo hozircha muayyan kelishuvga erishilmagan.

Bagrom - 80 ming kishi yashaydigan shahardir. BBC korrespondenti Liz Dyusetning yozishicha, shahar aholisi endi o‘z xavfsizligidan xavotirga tushgan. Xususan, shahardagi qizlar maktabiga olib boruvchi yo‘l harbiy baza yonidan o‘tadi.

Baza hududi afg‘on xavfsizlik kuchlari nazoratiga o‘tdi, ammo mahalliy aholi ular uzoq vaqt toliblar hujumiga bardosh berib turishiga ishonishmayapti. «Tolibon» harakati jangarilari amerikalik harbiylarning Bagromdan ketishini xursandchilik bilan qarshilashdi, ko‘plarning fikricha, ular endi bu bazani egallash uchun hujum boshlaydi.

Aviabaza zamonaviy, yaxshi jihozlangan harbiy inshoot bo‘lib, toliblar uni egallab olishga urinishi tabiiy. Bundan tashqari, uning hududida amerikaliklar terrorizmda gumonlagan shaxslar saqlab kelingan qamoqxona joylashgan. Ayni vaqtda u yerda qancha mahbus borligi ma'lum emas, ammo mahalliy aholini shunday savol o‘ylantirmoqda - agar toliblar mahbuslarni chiqarib yuborsa, ular qayerga ketadi yoki ular shaharda qoladimi?

Bagromdagi aviabazaning qanday o‘ziga xosliklari bor?
Baza 1980-yillarda sovet harbiylari tomonidan barpo etilgan, Kobuldan 40 km shimolda joylashgan.

Toliblar ushbu mustahkam va yaxshi jihozlangan harbiy inshootni egallab olishga urinishiga shubha yo‘q

AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari ushbu bazani 2001 yil dekabrida egallashgan va uni 10 minggacha harbiy joylashtirish mumkin bo‘lgan ulkan harbiy obektga aylantirishgan.

Baza hududida ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bor, ulardan birining uzunligi 3,6 km.ni tashkil etib, undan yuk samolyotlari va bombardimonchi samolyotlar harakatida foydalanilgan.

Angar 110ta harbiy va fuqarolik samolyotlari uchun mo‘ljallangan, portlovchi moddalardan himoyalangan devorlar bilan o‘rab olingan.

Aviabaza suv ta'minoti va elektroenergiya tizimi jihatidan mutlaqo mustaqil yashagan. Uning hududida 50 o‘rinli harbiy gospital, jarohatlardan keyingi sindromlar terapiyasi bo‘limi, eng zamonaviy apparatlar bilan jihozlangan stomatologiya klinikasi va uchta jarrohlik xonasi joylashgan.

Amerikaliklar nega ketmoqda?
AQSh Afg‘onistonga 2001 yil 11 sentyabrida Nyu-York va Pentagonda amalga oshirilgan, 3 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketgan teraktlar ortidan bostirib kirgandi.

Amerika harbiylari 20 yil davomida ushbu mamlakatda bo‘lib turishi mamlakat armiyasi tarixidagi eng uzoq davom etgan xalqaro harbiy kampaniyaga aylandi.

Toliblarga qarshi urushning pik davrida - 2009 yilda amerikaliklarning Afg‘onistondagi kontingenti (NATOning boshqa kuchlarini hisobga olmagan taqdirda) 100 ming kishidan oshar edi.

Afg‘onistondagi urush AQShga 150 mlrd dollardan ortiqroqqa tushgan

Turli vaqtlarda AQSh prezidentlari Barak Obama va Donald Tramp asosiy harbiylarni olib chiqishni boshlash va u yerda kichik harbiy kontingent qoldirilishi haqida bayonotlar berishgan, ammo har safar «Tolibon» harakati jangarilarining hujumga o‘tishi oqibatida muhlat surilgan.

Hozirda toliblarning niyati o‘zgarganiga ishonish soddalik bo‘ladi. Aksincha, ular so‘nggi vaqtlarda mamlakatning turli qismlarida yanada faollashishdi. Ammo AQSh ichkarisida, Amerika jamoatchiligida «begona urush»ni yakunlash bo‘yicha talablar kuchaydi. Amerikaliklarning katta qismining fikricha, AQSh 11 sentyabr fojialaridan keyin o‘z kuchini namoyish etib, milliy xavfsizlikni ta'minlash doirasida yetarlicha ish bajarib qo‘ydi. Ammo endi amerikalik askarlarni uyga qaytarish vaqti keldi, ular boshqa mamlakatlar ichki muammolarini hal qilishga urinib, begona yurtlarda halok bo‘lmasliklari kerak.

2020 yilning 20 fevralida bir necha oy davom etgan muzokaralardan keyin Donald Tramp ma'muriyati toliblar bilan kelishuvga erishdi, harakat amerikalik harbiylar hech qanday to‘sqinliksiz mamlakatdan chiqib ketishiga kafolat berdi.

Afg‘onistonda noma'lum muddatgacha AQShning atigi 1000 nafar harbiy xizmatchisi qoladi.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Tahlilchilar va mintaqa bo‘yicha bilimdonlarning aksar qismi pessimistik kayfiyatda. Albatta, Afg‘oniston endi amerikaliklar kelishidan oldingi parokanda mamlakat emas.

Bagromdagi aviabaza devorlari ortida ulkan chiqindi poligoni joylashgan va mahalliy aholi u yerdan o‘ziga yaroqli buyumlar izlaydi

O‘tgan vaqt mobaynida sezilarli siyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Mamlakat xavfsizlik kuchlari amerikalik instruktorlar tomonidan o‘qitildi va jangovar harakatlar uchun tayyorlandi. Oddiy afg‘onlarning ko‘pchiligi ham mavjud legitim rejim tarafdori va radikallarni yoqlamaydilar.

Ammo ekspertlarning ishonchi komilki, afg‘onistonliklarning o‘zi shahar va qishloqlarni birin-ketin egallab kelayotgan toliblarga qarshi turishga qodir emas. Hukumat harbiylari esa NATO kuchlarining aviatsiya ko‘magisiz butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlikni ta'minlay olmaydi.

Mavzuga oid