Jamiyat | 15:44 / 02.07.2021
7260
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi yog‘-moy korxonalarining katta qismi talab darajasida ishlamayotgani ma'lum qilindi

O‘zbekistondagi yog‘-moy korxonalarining katta qismi talab darajasida ishlamayapti. Bu haqda «O‘zagroinspeksiya»ning Paxta xomashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, «O‘zagroinspeksiya»da yog‘-moy korxonalarida nazorat tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha Respublika muvofiqlashtiruvchi komissiya, «O‘zyog‘moysanoat» uyushmasi, «O‘zstandart» agentligi hamda «Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati» mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlari tashkil etilib, nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.

2021 yil iyun holatiga 514 ta korxonada tekshirishlar yakunlangan. Tekshirilgan 514 ta yog‘-moy korxonasidan 303 tasi paxta texnik chigitni, 90 tasi boshqa moyli o‘simliklarni (shundan 39 tasi kungaboqar, 14 tasi zig‘ir, 6 tasi maxsar, 31 tasi boshqa moyli ekin) qayta ishlash, 93 tasi esa umuman boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanishi, 28 tasi o‘z faoliyatini to‘xtatgani aniqlangan.

Texnik chigitni qayta ishlashga ixtisoslashgan 303 ta yog‘-moy korxonasining 77 tasi paxta texnik chigitini qayta ishlash uchun belgilangan talablarga muvofiq faoliyat yuritayotgani, 226 ta korxona faoliyati qarorda belgilangan talablarga muvofiq emasligi qayd etilgan. Jumladan, 35 tasida hech qanday texnologik uskuna bo‘lmagan, 52 tasida faqat presslash uskunasi bo‘lgan, 13 tasida ekstraksiyalash uskunasi bo‘lmagan, 126 tasida texnologik sikllarning ikkitadan ortiq ayrim turlari mavjud bo‘lgan.

Qayd etilishicha, aniqlangan kamchilik va qonunbuzilishlar yuzasidan korxonalarga nisbatan jami 402 ta, jumladan, 45 ta ogohnoma, 350 ta ko‘rsatma va 7 ta taqdimnoma ta'sir choralari ko‘rilib, yog‘-moy korxonalariga oid to‘plangan 36 ta material huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Bundan tashqari, muqaddam farmon talablariga javob bermasligi aniqlangan 20 ta yog‘-moy korxonalari texnik chigitni birjadan xarid qilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilib, qayta ishlagani aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan 20 ta korxonalarga oid to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga (8 tasi prokuraturaga, 8 tasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga va 4 tasi sudlarga) kiritilgan.

Ta'kidlanishicha, qarorda belgilangan talablarga muvofiq faoliyat yuritmayotgan yog‘-moy korxonalari haqidagi ma'lumotlar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 noyabrdagi 03/1-2355-sonli topshirig‘i hamda 2020 yil 1 dekabrdagi yig‘ilish bayoni 6-bandiga asosan Respublika tovar xomashyo birjasiga yuborilgan.

Mavzuga oid